Главная » 2018 » Апрель » 17 » Toshkentda 36 yoshli erkak oilasini buzish bilan tahdid qilgan jazmanini o‘ldirdi
15:41

Toshkentda 36 yoshli erkak oilasini buzish bilan tahdid qilgan jazmanini o‘ldirdi


Shu yilning 11 aprel kuni Toshkent shahar IIBB navbatchilik qismiga erkak kishi qo‘ng‘iroq qilib, tanishi – 40 yoshli M.Xni pichoq bilan bir necha bor jarohatlagani va oqibatda uning halok bo‘lgani haqida xabar berdi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.

Xabarda aytilishicha, holat bo‘yicha Bektemir tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va 36 yoshli N.J. ayblanuvchi sifatida qo‘lga olingan. Olib borilgan surishtiruv-tergov vaqtida ayblanuvchi fojianing qanday sodir bo‘lganligini so‘zlab bergan.

N.J.ning aytishicha, u o‘z avtomashinasida ketayotib, ayol kishining mashina g‘ildiragini almashtirishga urinayotganini ko‘rib qolgan va unga yordam berishga qaror qilgan. Shu bahona erkak va ayol o‘rtasida iliq suhbat boshlangan. Yangi tanishlar telefon raqamlarini almashishgan. Ertasi kuni esa M.X. yigitga qo‘ng‘iroq qilib, uyiga taklif qilgan. Kechki ovqat bilan spirtli ichimliklar ichilgan, so‘ngra suhbat yotoqxonaga ko‘chgan...

Shu voqeadan so‘ng ayol N.J.ga tez-tez qo‘ng‘iroq qilib, aloqani davom ettirishni, yigit esa oilasi, ikki nafar farzandi borligini aytib, uni boshqa bezovta qilmaslikni so‘ragan. Biroq, shunga qaramay M.X. uni tinch qo‘ymagan, aksincha bu haqda qarindoshlariga aytib berish bilan po‘pisa qilgan.

So‘zida turgan ayol qandaydir yo‘l bilan uy manzilini topib, yigitning raqifasiga ular o‘rtasida bo‘lib o‘tgan voqealarni gapirib bergan. Shu sabab N.J. va turmush o‘rtog‘i o‘rtasidagi munosabat buzilgan. Lekin yigit bu haqda ichki ishlar organiga, profilaktika inspektoriga yoki mahalla raisiga aytishga uyalgan, bundan boshqalar ham xabar topishidan qo‘rqqan.

O‘sha mash’um kunda N.J. uch farzandning onasi bo‘lgan M.X.ning uyiga borib, undan yana bir bor o‘zini va oilasini tinch qo‘yishini so‘ragan. Biroq, ayol faqatgina bir shart bilan uning uyiga boshqa bormasligini, buning uchun yigit doimiy ravishda ayolnikiga kelib turishini talab qilgan.

N.J. qancha yolvormasin, ayol o‘z so‘zida turib olgan. Aytganiga rozi bo‘lmasa, oilasini buzish bilan tahdid qilgan, ishonchini oqlamaganlikda, uni aldaganlikda ayblagan. Oqibatda o‘zini tutib turolmagan N.J. stolda turgan pichoqni olib, ayolga bir necha bor zarba bergan. Sal o‘tib, qilgan ishini anglab yetgan yigit «102» ga qo‘ng‘iroq qilgan…

Uch nafar bolani onasidan, ikki farzandni ota mehridan bebahra qilgan ushbu fojianing oldini olish mumkinmidi? Albatta, mumkin edi. Agar yigit o‘z vaqtida bu haqda ichki ishlar organlariga, jamoatchilikka ma’lum qilib yordam so‘raganida, ehtimol hammasi boshqacha yakun topgan bo‘lar edi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Ayol, Oila, Erkak, jazman | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz