Главная » 2018 » Январь » 30 » Erkakka yoqmaydigan ayolmisiz?
23:40

Erkakka yoqmaydigan ayolmisiz?


O'zbek ayoli deganda, birinchi o'rinda hamma narsaga ko'nikuvchan, sabrli, chidaydigan ayol ko'z oldimizga keladi.

Eri qo'pollik qiladi, chidaydi. Uradi, chidaydi. So'kadi, chidaydi. Boqmaydi, chidaydi. Kamsitadi, chidaydi.

Bu ro'yhatni uzoq davom ettirsak bo'ladi. Muhimi, o'zini o'zi kamsitadigan o'zbek ayollari juda ko'p.

Aslida o'zbek ayoli uyida shunday tarbiya oladiki, erkak doim haq. Ursa ham, so'ksa ham u haq. Chunki u erkak.

O'zbek oilasida erka bo'lib o'g'il o'stiriladi. Unga hammasi mumkin. O'g'il dunyoga kelsa, hamma xursand. Qiz tug'ilsa, muotam tutadiganlar ham yo'q emas. Mana shunday oilalarda qiz bola tug'ilganidan aybdordek o'sadi. U tushgan joyiga borsa ham, mana shu aybni yelkasida ko'tarib boradi. Eri qo'pollik qildimi, demak men shunga shunga loyiqman, deydi. Ahir uyida ham ota-onasi doim uni kamsitardi, yerga urardi, "senga yaxshi gap yaramaydi" deb tanbeh berardi.

Mana shunday mentalitet bilan birovni uyiga tushgan ayol, ya'ni o'zini o'zi kamsitgan, o'z ota-onasiga to'g'ri ma'noda erka bo'la olmagan, o'z qizlik uyida hurmatga sazovor bo'lmagan ayol hech qaysi erga keyinchalik yoqmaydi!

Yaxshiyamki, shunday oilalar borki, unda o'g'ildan ko'ra qizlar ko'proq mehrga to'yadilar. Bunday oilalarda qiz ham o'g'il ham birdek suyukli bo'ladi. Tantiq qiz emas, lekin mehrga to'ygan, oilada kamsitilmagan, nafsoniyati yerga urilmagan qizlar hayotda er bilan baxtli bo'lishida imkoniyati ko'proq. Nega?

Chunki mehrni o'z ota uyida ola bilgan qiz, eridan ham mehrni olishni biladi. Bu ayol mehrga loyiqligiga ishonadi va erining qo'polligini ko'tarib o'tirmaydi. Bungacha olib kelmaydi. Eri ham bunday ayolni ko'proq hurmat qiladi.

Hayotda ko'rganmisiz? Shunday erlar borki, hotini 3 ta bola bilan kuni bilan ovora bo'lib, uylarini saramjon qilib, tag'in shirin ovqat pishirib qo'yadi-yu, eri kelib men boshqa ovqat yemoqchi edim deydi. Bechora ayol shosha-pisha boshqa ovqat tayyorlashga urinadi. Lekin boshqa ovqat tayyor bo'ladimi, yo'qmi farqi yo'q. U baribir eriga yoqmaydi. Uning qilgan ishidan eri mamnun bo'lavermaydi. Uni ustiga boshqa ayolni ham sevib qoladi.

Hech o'ylanib ko'rganmisiz, nega, deb? Nega ayol o'zini eri uchun o'qqa-cho'qqa uradi-yu eriga hech ma'qul kelavermaydi?

Buning javobi juda oson.

Hech bir erkakka o'zini kamsitadigan ayol yoqmaydi. Erkak ich-ichidan yonida o'ziga ishongan, o'zini qadrini biladigan ayol bo'lishini istaydi. Bir erkak bitta ayol bilan o'zini bunday tutsa, boshqa ayol bilan u umuman boshqacha bo'ladi. Chunki ayol erkakni unga bo'lgan munosabatini belgilaydi.

Bunga isbot tariqasida, o'sha o'zini yerga urgan ayollardan odatda erkak qanday ayolga ketib qolishiga nazar soling. Odatda u topgan yangi ayol erka, o'ziga bino qo'ygan, haqqini o'tkazadigan ayol bo'ladi. Haligi farishta ayol esa ersiz qolib ketgan bo'ladi. Aslida bu farishtalik ham emas, bu o'zini qadrini bilmaslikdir.

Bu xususiyat ayolni erkakni ko'zida bir tiyin qiladi. Erkakni oyog'ida ayol bo'lsa, er uni qo'pol qilib aytganda pol lattadek ko'rishi hech gap emas.

Ayol o'zini seva olsa, o'zini qadrini bilsa, o'ziga ishonsa, erkak ham uni qadrlay boshlaydi, uni yo'qotib qo'yishdan qo'rqadi, uni fikri bilan hisoblashadi.

O'zim uchun hech narsa so'ramayman, faqat bollarimga so'rayman, deydigan ayollar ko'p. Yo'q! Siz ham insonsiz, siz ham bu oila a'zosisiz. Siz ham oilani tebratishda o'z hissangizni qo'shmoqdasiz. Ishlamasangiz ham, uyga qarab, ro'zg'orni but qilib, bolalarni boqib o'tiribsiz. O'zingizga narsa so'rashga haqlisiz. Pomadadan tortib paltogacha eringiz sizni ta'minlashi kerak. Siz undan buni so'rang! Talab qilmang, so'rang. Yalining, erkalaning, lekin albatta so'rang. Eringizga qimmatga tushing, sizni qadringiz uni ko'zida oshsin.

Yomon erni chidashdan nima foyda? Farzandlar uchun chidaydi hamma. Farzandingizni o'ylayotgan bo'lsangiz, o'zingizni o'zgartirish vaqti keldi.

Ajrashmang, aslo. Lekin bunday ham davom etishi yaxshilikka olib kelmaydi. Onasini otasi hadeb yig'latayotganini ko'rayotgan bolaga qanchalik qiyinligini bilasizmi? Sekin-sekin o'zgaring. Eringizga "o'ynash" bo'lib oling. O'ynashlar hech narsani o'ylami faqat o'zini o'ylaydiku, ja ersiz qolsa ham lekin ba'zi narsalarni undirib olishga ulguradi. Siz ersiz qolmaysiz. Faqat bunga harakat qilish kerak. Ham eringiz yoningizda qolsin, ham unga erka xotin bo'lib oling.

Qilgan ovqatingiz yoqmadimi, hoziroq yangi ovqatga qo'l urmay, voy bugun biram charchadim, ertaga albatta aytgan ovqatingizni muhayyo qilib beraman deb eringizni erkalang. Boshida siltaydi, balki bu o'zgarishingizga qo'pollik bilan ham qaytarar, lekin suv toshni silliqlaydi degan gap bor. Vaqt bering.

Sizga nisbatan bag'ri toshdek qotib qolgan eringizni suvdek jilvalanib silliqlating.

Hatto dinimizda ham, er ayoliga muloyim bo'lishligi ta'kidlangan ekan.

 

Hech bo'lmasa urinib ko'ring. Ahir farzandlar uchun ham onasining kulib turgan yuzidan ko'ra kattaroq baxt mavjud emas. Sizni ma'yus bo'lganingizni, otalari sizni urishi yoki kamsitishini ko'rish farzandlaringiz hayotiga hech qachon yaxshilik keltira olmaydi. Lekin otasiz yashash ham to'g'ri emas. Shuning uchun siz-AYOL avallambor o'z hayotingizni va siz uchun dunyodagi eng muhim bo'lgan farzandlaringiz hayotini o'zgartirishingizga harakat qilishingiz lozim.

Bu haqda baxtli ayollardan maslahat oling. Ularni hayotini, yurish-turishini kuzating, o'rganing. O'zingizga aro bering, siz faqat oshpaz, idish yuvuvchi, farrosh emassiz uyda. Siz uyning bekasisiz! Bekalardek hayot kechiring. Bu albatta bir kunda yuz bermaydi. Lekin bunga qo'l ursangiz, shuni uddalay olaman deb harakatni boshlasangiz, sekin-sekin maqsadga erishasiz. Tez orada eringiz o'zgarib qolganini sezib faqat xursand bo'lasiz.


Manba: "uzbaby.uz"
Категория: Er-Xotin, Turmush psixologiyasi | | Теги: Ayol, Erkak, yoqmaydigan ayolmisiz | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz