18:19 JSST Santa-Klausning koronavirusga qarshi immuniteti borligini ma’lum qildi | |
Santa-Klaus koronavirus infeksiyasiga qarshi immunitetga ega bo‘lgani sabab butun dunyo bolalari uchun Rojdestvo sovg‘alarini ulashishi mumkin. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti eksperti Mariya van Kerkxovega tayanib, “RBK” xabar berdi. “Men bolajonlarning Santa-Klaus keksaligi sabab xavf yuqori bo‘lgan guruhga kirgani uchun kela olmasligidan xavotirga tushayotganini bilaman. Ammo sizlarga bir narsani aytishim mumkin, uning immuniteti bor. Biz yaqinda u bilan suhbatlashdik va u o‘zini ajoyib his qilmoqda. Missis Klausning ham ahvoli yaxshi”, — deydi Kerkxove. Shuningdek, JSST vakilining qo‘shimcha qilishicha, dunyo yetakchilari Santa-Klaus havo chegalari bo‘ylab harakatlanishi va bolajonlarga sovg‘alarni yetkazishi uchun koronavirusga qarshi cheklovlarni ataylab susaytirgan. Shu bilan birga, ekspert koronavirusga jiddiy yondashish kerakligini ta’kidlagan. U bolalardan ijtimoiy masofalanishga rioya qilishni hamda ota-onasining so‘zlariga quloq solishni so‘ragan. Avvalroq Britaniya hukumati kasalxonaga tushib qolgan Santa-Klaus haqida video chiqargan edi. Tomoshabinlar u bolalarni qo‘rqitishini aytgach, video o‘chirib tashlangan.
Manba: "daryo.uz"
| |
|