17:59 Juma kunining fazilati | |
Alloh taolo aytadi: «Ey iymon keltirganlar!Qachon juma kuni namozga nido qilinsa, Allohning zikriga shoshilinglar va savdoni tark qilinglar. Agar bilsangiz, anashundoq qilmog‘ingiz siz uchun yaxshidir», (Juma surasi, 9-oyat). Ushbu oyati karima juma namozining farzligini bayon qiluvchi oyatdir. Bunga Islom ummatidan hech kim xilof qilmaydi. Abu Xurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Quyosh chiqqan kunnning eng yaxshisi juma kunidir, chunki u kunda Odam alayhissalom yaratilgan, u kunda jannatga kiritilgan va u kunda jannatdan chiqarilgan va qiyomat ham juma kunibo‘ladi”, dedilar. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan bunday rivoyat qiladilar: “Agar kimki juma kuni g‘usl qilib, juma namoziga borsa, o‘sha g‘usl badanini poklaganidek juma namozi gunohlarini yuvadi va har bir qadamiga Alloh taolo yigirma yillik ibodat savobini, juma namozini o‘qib bo‘lgach, ikki yuz ellik toat-ibodatning savobini u bandaning nomai amoliga yozadi”. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Alloh taolo farishtalarga juma kuni yerga tushishni amr etadi. Har birining qo‘lida oltin qalam va nuqradan qo‘g‘oz bo‘lib, yer yuzida masjidlar oldiga borib turishadi. Farishtalar juma kuni masjid eshigidan kirib kelganlarning ismini yozib oladilar. “Iloho, sening farmoninga binoan juma masjidiga kirganlarning ismini yozib keldik”, deydilar. Shunda Alloh taolo: “Ular qanchalik gunohkor bo‘lishmasin, hamma gunohlarini mag‘firat etdim”,deydi. Said ibn Musayyab aytadilar: “Juma namoziga borishim menga nafl hajni qilishdan sevimliroqdir”. Ka’bul Axbor: “Bir qadah olov ichmog‘im men uchun bir qadah aroq ichmog‘imdan yaxshiroq. Bir qadah aroq ichmog‘im namozi jumaga bormay qolishimdan yaxshiroq. Namozi jumaga bormay qolishim odamlarning saflari ustidan xatlab o‘tishimdan yaxshiroq”, deb aytganlar.
Manba: "mulohaza.uz"
| |
|