20:49 Lisenziyalar va ruxsat berish tartib-qoidalarining keskin qisqarishi kutilmoqda | |
Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa tegishli idoralarga davlat xizmatlari bo‘yicha elektron axborot tizimi va elektron ma’lumotlar bazasini yaratish, barcha davlat xizmatlari markazlarini optik tolali internetga ulash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat xizmatlari ko‘rsatish qamrovi va sifati aholining axborot texnologiyalaridan foydalanish malakasiga jiddiy e’tibor qaratilgan. Shu bois jismoniy va yuridik shaxslarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, hujjatlarni elektron tarzda taqdim etish va olishga o‘rgatish masalasi alohida ta’kidlangan. Tadbirkorlarga qulayliklarni yanada oshirish, lisenziyalar va ruxsat berish tartib-qoidalarini keskin qisqartirish va soddalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Xususan, barcha ruxsatnoma va lisenziyalarni elektron tizim orqali taqdim etish imkonini beradigan “Lisenziya” axborot kompleksini to‘liq ishga tushirish vazifasi qo‘yildi. Yig‘ilishda sohaga mas’ul rahbarlarning hisobotlari eshitildi. Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi. Eslatib o‘tamiz, davlat rahbarining 2017 yil 12 dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilgandi. 2018 yil 1 yanvardan “yagona darcha” markazlari Xalq qabulxonalari huzuridagi Davlat xizmatlari markazlariga aylantirildi. Bugungi kunda mamlakatimiz bo‘yicha 201 ta ana shunday markazlar tashkil etilgan. Ular tomonidan bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha ariza berish, fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, loyiha hujjatlarini kelishish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsat berish, yakka tartibda uy-joy qurishga ruxsat berish, suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilish uchun ruxsat berish kabi xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Manba: "kun.uz"
| |
|