11:55 Mashhurlar ozish sirlarini oshkor etishdi! Endi ularning usuli bilan ozamiz | |
Oynai jahonda, sahnada mashhurlarning tashqi ko‘rinishini kuzatib borishga odatlanganmiz. Har gal o‘zgarib boruvchi qaddu qommatni ko‘rib «Bular bir deganda xipchabel bo‘lib olishadiya. Qanday ozishar ekan?» deya izoh beradiganlar ham bor. Chetdan qaraganda bir zumda paydo bo‘lgan chiroyli qomat ortidagi mashaqqatlar esa shu kungacha sizga sir edi. Ammo sahifamiz orqali san’atkorlarning sirlarini fosh qilamiz. «SALATLAR – MENING DO‘STIM» Ulug‘bek QODIROV, aktyor: — O‘zingiz yaxshi bilasiz, bizning kasbda avvalo tashqi ko‘rinishga e’tibor qaratiladi. Agar taklif qilingan rolga jismonan to‘g‘ri kelmasak, o‘z ustimizda ishlashimiz kerak. Jahongir Ahmedov «Majnun» kartinasiga taklif qilganida ozish uchun astoydil harakatni boshlaganman. Yosh oshiq yigit obraziga mos kelishim uchun qomatim ham shunga mos kelishi kerak edi-da. Shunda faqat sabzavot va mevalar bilan chegaralanganman. Bodiring va pomidorlardan tayyorlangan salatlar esa eng yaqin «do‘stim»ga aylanib qolgandi. Hatto, do‘stlar bilan choyxonada yig‘ilganimizda ular dimlama, kabob, palov singari turli tansiq taomlarni buyurtirishsa, men salatlar bilan chegaralanardim. Ammo faqat parhez bilan yaxshi natijaga erishib bo‘lmaydi. Organizmni tozalash bilan birgalikda, albatta, jismoniy harakat ham zarur. Men ham har kuni 4-5 soat vaqtimni sport zalning yugurish yo‘lakchasida o‘tkazganman. «SAHARLIKKA GAZSIZ SUV» Halima IBRAGIMOVA, qiziqchi: — Garchi kasbim uchun to‘laligim qo‘l kelsa-da, salomatligim yuzasidan biroz bo‘lsa ham vazn tashlashga qaror qilganman. Bunda esa oddiy usullardan biriga murojaat etganman. Har kuni saharlikda, gazsiz suv ichardim. Kimlardir 200 ml.dan ichsa bo‘ladi deydi. Ammo men bu borada biroz o‘zgartirish kiritganman. Suvni o‘zim icha olganimcha ichardim. Bu esa ichak tizimini tozalashga yordam beradi. Shu bilan birga imkon qadar yengilroq, yog‘siz taomlarga murojaat eta boshladim. Shunday qilib, bir yil ichida 15 kg. vazn bilan asta-sekinlik hayrlasha boshladim. «SEMIZ DEYIShGANDI...» UMIDAXON, xonanda: — Ijodimni endi boshlagan paytlarim kastingga borgandim. Hay’at a’zolariga ovozim, vokal imkoniyatim ma’qul kelgan-u, «Biroz ozishingiz kerak» deyishgan. O‘shanda rosa xafa bo‘lgandim. «Bahona qilishdi, ularga to‘g‘ri kelmas ekanman» deb o‘ylagandim. Ammo miyamda «Agar ozg‘in bo‘lganimda, balki kastingdan o‘tardim» degan xayol aylanavergan. Shu voqea ta’sirida 2-3 yilda tanib bo‘lmas darajada ozib ketganman. Ammo qat’iy parhez qilganman, sport bilan shug‘ulanganman deb ham aytolmayman. Balki stress shunday ta’sir qilgandir... Ozganimdan keyin yana o‘sha markazining kastingida ishtirok etganman. Bu safar qabul qilishgan. O‘shanda san’atkor uchun qomat va tashqi ko‘rinish muhim ekanini tushungandim. Ahir ekranning o‘zi insonni 7 kg.ga semiz ko‘rsatadi, degan gap ham bor-ku... «ISTE’MOL SODASI VA MAXSUS ChOY» Nilufar USMONOVA, xonanda: — Qishloqda buvimning tarbiyasini olib ulg‘ayganim uchun yoshligimda durkun qiz edim. To‘g‘risi, bu menga sira halaqit bermasdi. Ammo uchinchi o‘g‘limni dunyoga keltirganimdan keyin taroziga ko‘zimning qirini tashlasam, 73 kg.ni ko‘rsatib turibdi. Ana o‘shanda «Tamom, ozaman!» dedim. Bilasizmi nima uchun? Atrofimdagilarga, muxlislarimga, va hatto, turmush o‘rtog‘imga yoqish uchun emas, aksincha o‘zimni qulay his etishim, ko‘zguga qaraganimda ko‘nglim ko‘zim quvonishi uchun. 4 oy davomida och qoldiradigan parhez tutib natijaga erisholmadim. Keyin mashg‘ulotlar zaliga bora boshladim. Natija ko‘ringani sari qiziqishim ortib boraverdi. Yana har uch kunda bir marta issiq suvga 750 gramm iste’mol sodasi va 500 gramm osh tuzini aralashtirib, 40 daqiqa davomida vanna qabul qildim. Vannadan chiqiboq zanjabil, limon va asal qo‘shib damlangan choy ichdim. Menimcha, ortiqcha santimetrlardan xalos bo‘lishda eng muhimi – shoshmaslik. Bir haftada yoki bir oyda erishiladigan narsa emas bu. Sabr va maqsad. Mana shu mening strategiyam. Roppa rosa bir yil o‘tib, yana taroziga turdim. 49 kg! «YIL O‘N IKKI OY NONSIZ YaShAGANMAN» Jamila G‘OFUROVA, aktrisa: — Kinodagi birinchi rolim uchun qattiq harakat qilishimga to‘g‘ri kelgan. «Dilhiroj» filmida bosh qahramonning dugonasini o‘ynagandim o‘shanda. Rejissyor agar bosh rollarni ijro etishni istasam, tashqi ko‘rinishimni tartibga keltirishim kerakligini aytgach, o‘zimga o‘zim «Men, albatta, ozaman!» deb maqsad qo‘yib, bir yil davomida non mahsulotlarini yemaganman. Ertalablari bir necha kilometr yugurib, tinimsiz sport bilan shug‘ulanganman. Ana shunda 10 kg.dan ortiq vazndan xalos bo‘lib, ko‘zlagan maqsadimga erishganman. Ammo uni bugungi kunda ushlab turish uchun ham ozmuncha mehnat qilayotganim yo‘q! Doim taomnomamni nazoratda ushlab turishim shart. «FAQAT TUShLIKDA OVQATLANAMIZ» Madina MUMTOZ, aktrisa: — Kasbing uchun nimalar qilmas ekansan kishi. Rollar uchun ko‘pchilik ozishga harakat qilgan bo‘lsa, men «O‘zimdan-o‘zimgacha» filmi uchun 5 kg.ga semirishimga to‘g‘ri kelgan. Bu qarorni qabul qilish qanchalik og‘ir bo‘lmasin, o‘zimni majburlaganman. Semirishni istamaydigan qiz va ayollar meni yaxshi tushunishadi. Lekin bir narsani aniq: ishonch bilan aytishim mumkin-ki, semirishdan ko‘ra ozish a-a-ancha qiyin ekan. Rol uchun qancha tez semirgan bo‘lsam, shuncha sekin avvalgi vaznimga qaytganman. Ya’ni santimetrlarni to‘plash uchun kam harakat qilib, katta-katta yegan bo‘lsam, ozishga kelganda bir kunda bir martagina tanovul qilganman. Faqat tushliklikda, shunda ham yog‘siz toamlar bilan o‘zimni mehmon qilardim. Qolgan paytlari faqat sabzavotlar va meva yerdim. «PARHEZGA YeTTI KUNGINA ChIDAGANMAN!» OYBEK, xonanda: — Bugungi kunda ozish dardida yurganlar juda ko‘p. Bundan bir necha yil ilgari menda ham shu narsa bilan yuzlashganman. Mutahassislarning maslahatiga ko‘ra, parhez qilgandim. Unga ko‘ra, nonushta qilinmaydi. Faqat tushlik va ba’zi ba’zida kechki ovqatga ruxsat bor. Ya’ni jami yetti kunlik parhezning birinchi kunida tushlikda ikkita qaynatilgan tuhum, kechki ovqat mumkin emas. Ikkinchi kuni esa tushlikka 150 gr. tuzsiz qaynatilgan mol go‘shti, kechga esa 200 gr. «doktorskiy» kolbasa va bir stakan qattiq... Xullas, har bir kun jadvalga qarab maxsus yeguliklar va sabzavotlar bilan to‘ldirilgan. Ochig‘ini aytsam, faqatgina bir hafta chidolganman. Ammo shu vaqt ichida 3 kg. ozgandim. Bu parhez deganlari meni qiynab yuborganidan keyin sportdan yaxshisa yo‘q ekan, degan xulosaga kelgandim (kuladi). Shunday qilib, bugungacha muntazam sport zaliga qatnayman. Aliya SULAYMANOVA tayyorladi.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|