11:18 Endi O‘zbekiston Yevropaning ikki davlatiga ishchilarni jo‘natmoqchi | |
Qayd etilishicha, ushbu masala O‘zbekiston Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Avstriyaning “eee Austria” kompaniyasi vakillari o‘rtasidagi onlayn uchrashuvda muhokama qilingan. Uchrashuvda bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Nozim Husanov, O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi Abat Fayzullayev, “eee Austria” direktori Shtefan Dyuss, shuningdek, o‘zbekistonlik va avstriyalik mutaxassislar ishtirok etgan. Shuningdek, muzokaralar doirasida “Monomarkazlarni modernizatsiya qilish hamda mahalliy va Avstriya mehnat bozori uchun mehnat muhojirlarini tayyorlashda kasb-hunar ta’limi dasturlarini izchil tadbiq etish” bo‘yicha loyihani amalga oshirishning istiqbollari ko‘rib chiqilgan. Onlayn uchrashuv davomida O‘zbekiston fuqarolarining markazda tegishli ta’limni olganlaridan so‘ng Avstriya mehnat bozorida bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Loyiha doirasida Avstriyaning yetakchi institutlari bilan yaqin ilmiy va amaliy aloqalarni o‘rnatish ham nazarda tutilgan. Muzokaralar doirasida tomonlar Avstriya hamda Germaniya mehnat bozorlarida ishga joylashishlari uchun Avstriya andozalariga muvofiq mehnat migrantlarini tayyorlash va malakasini oshirish markazi tuzish imkoniyatini atroflicha ko‘rib chiqqan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|