13:39 Mashhurlarning asab tolalari taranglashganda... | |
Oynai jahon orqali, konsert, klip, filmlarda ishtirok etgan mashhur insonlarni kuzatamiz-da, ularning tashvish yo‘q, barchasi bir tekisda davom etayapti deb o‘ylaymiz. Vaholanki, hech kim kundalik, hayotiy tashvishlar, turli asabbuzar vaziyatlardan himoyalanmagan. Xo‘sh, mashhurlarning asab tolalarini taranglashishiga nimalar sabab bo‘ladi? Javoblarni birgalikda o‘qiymiz. «IShDA REJA BO‘LMASA» Ayub Shahobiddinov, rejissyor: — Hayotda juda og‘ir-bosiq insonman. Ammo masala ishga kelib taqalganda asabimni buzish juda oson. Masalan, ishda tartib bo‘lmasa, rejaga amal qilinmasa, asabiylashishim aniq. «YuLDUZLIK KASALIGI»GA ChALINIShSA» Narimon Sultonxo‘jaev, klipmeyker: — Ishimiz mashhurlar bilan bog‘liq. Ular bilan kunda gaplashib, ish borasida mulohaza almashaman, uchrashuvlar olib boraman. Ana shunday vaziyatlarda birovga nisbatan bepisandlik bilan qaragan, xalqqa tanilib kimligini unutib qo‘ygan, bir so‘z bilan aytganda «yulduzlik kasali»ga chalinganlarni ko‘rsam diqqatim oshadi. «BOLAM XASTALANSA...» Feruza Sobitova, aktrisa: — Bugungi kunda hamma narsada tezlik bor. Doim shoshib yuramiz. Tan olishim kerak ko‘p narsalarga asabim buziladigan bo‘lib qolgan. Misol uchun, yaqin insonlarim meni noto‘g‘ri tushunishsa, bolam xastalansa, tasvirga olish jarayonida hamkasblarim kech qolib ma’suliyatsizlik qilsa... Lekin har qanday holatda ham asabni asrash kerak. Chunki ko‘p narsa asabga bog‘liq. «KAM UHLASAM...» Munojat Alimboyeva, aktrisa: — Kam uxlasam sal narsaga ham asabiylashib yuraman. Bundan tashqari, aytilgan joyga qandaydir sabablar bilan kech qolayotgan bo‘lsam ham asablarim «ishga tushadi». «TUHMAT VA G‘IYBATDAN» Muqaddas Sa’dullayeva, aktrisa: — Tuhmat, yolg‘on va g‘iybatdan tepa sochim tikka bo‘ladi. Ayniqsa odamlar san’atkorlarni aslida qanday ekanini bilmay turib, turli mish-mish tarqatishsa, g‘iybatlar bilan hayotiga aralashaversa bundan yomoni yo‘q. «KIMSIZ?» DEYIShSA!» Anvar Sanaev, xonanda: — Menga qo‘ng‘iroq qilib, «Kim bu?» deyishsa, juda asabiylashaman. Odam qaerga, kimga qo‘ng‘iroq qilayotganini bila turib ham shunday ahmoqona savol berishi mumkinmi? Yana odamlar «Nega televizorda ko‘rinmaysiz?» deyishganida hayron bo‘laman. Aslida, har kuni kliplarim aylanayapti! O‘zlari ko‘rmay, bilmay turib savol berishadi. «QORNIM OChSA» Umidaxon, xonanda: — Tabiatdan xushchaqchaq, quvnoq qizman. Shuning uchun diqqatimni oshirish biroo-oz qiyin. Biroq qornim ochsa bormi? Umuman boshqa insonga aylanaman. Ul-bul yegulik tanovul qilib olmagunimcha jig‘ibiyron bo‘laveraman. «MAS’ULIYaTSIZLIKDAN» Anvar Sobirov, xonanda: — Ko‘pincha insonlardagi mas’uliyatsizlikdan ta’bim tirriq bo‘ladi. Inson qanday sohada faoliyat yuritmasin, avvalambor ishiga mas’uliyat bilan qarashi shart deb bilaman. Shuningdek, san’atni tijoratga aylantirganlarni ko‘rsam jinim qo‘ziydi. «SOHTA MUNOSABATDAN» Feruza Normatova, aktrisa: — Institutda o‘qigan paytlarimiz ustozimiz Jo‘ra Mahmudov sezish, his etish kabi psixologik mavzulardan chuqur ta’lim bergan. Balki shuning uchundir insonlardagi sohtalikni tezda sezib olaman. Agar suhbatdoshim yoki hamkasblar davrasida kimlardir sohta mulozamat qilayotganini bilsam, asabiylashib ketaman. «VA’DAGA VAFO QILMASA» Muhammadali Iskandarov, aktyor va klipmeyker: — Har doim, har qanday vaziyatda o‘zimni qo‘lga olishga intilaman. Ammo shunday vaziyatlar bo‘ladiki... Masalan, gapirgan gapida turmagan insonlar tufayli asabiylashaman. Nazarimda har bir inson bergan va’dasini bajarishi shart! Aliya SULAYMANOVA tayyorladi.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|