“Baxshi” spektaklimizda motam sahnasi bor. Bu spektaklni rejissor Doston Haqberdiyev bilan birgalikda sahnalashtiryapmiz. Xuddi shu motam sahnasini ishlayotgan vaqtimizda “Mirza Azizov o‘tib qoldilar”, degan noxush xabar keldi. Hayratda qoldik. Biz “erta-indin Mirza aka kelib, hamma ishimizga bosh bo‘ladilar”, deb turgandik. Hech kimning qo‘li ishga bormay qoldi.
Taxminan, 15-mart kunlarida ikkalamiz ularning xonalarida suhbatlashgandik. O‘sha suhbatda “Shoir Botir Ergashevga koronavirus haqida she’riy asar yozishlarini iltimos qildim. May oyining oxirlarida koronavirus haqida spektakl sahnalashtirishni boshlaymiz. Bu orqali virus qanchalik yomonligini, og‘irligini bunga befarq qaramaslik kerakligini tushuntiramiz”, dedilar. Yonimda shoir Botir Ergashev bilan gaplashdilar, Botir Ergashev ham ushbu asarni she’riy qilib yozayotganini aytgandi. Buni qarangki, o‘zlari ham koronavirusdan o‘tib qoldilar. Aqlimga sig‘dira olmayapman.
Bir shogirdlari bilan gaplashib qolganimizda “Oxirgi armonlarini bajarsak-chi, amalga oshirsak-chi?”, deb qoldilar. Xotira kechasidek qilib, shu spektaklni sahnalashtirishni niyat qildik.
Mirza aka juda oliyjanob, kuyunchak inson edilar. Umrlarini, yoshliklarini, kuchlarini shu teatrga bag‘ishladilar.
Olimjon Komiljonov, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatr dirijyori