Главная » 2021 » Апрель » 29 » Mirza Azizovning «so‘nggi maktubi» yuzasidan SSV o‘rganish o‘tkazdi
22:53

Mirza Azizovning «so‘nggi maktubi» yuzasidan SSV o‘rganish o‘tkazdi


Avvalroq publitsist Shuhrat Rizayevning O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizovning vafoti tafsilotlari bayon qilingan maqolasi keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. SSV matbuot xizmati vaziyat yuzasidan Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasidagi mutaxassislar hamda marhumning yaqinlari bilan bog‘landi.

Ma’lum bo‘lishicha, marhum M. Azizov Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga shu yilning 23 mart kuni murojaat qilgan. Bemorda koronavirusga PZR test tahlili musbat, o‘pka to‘qimasi 60-65 foizgacha zararlangani va organizmning kislorodga to‘yinganligi – saturatsiya darajasi 78-80 foiz bo‘lgani uchun bemorning umumiy ahvoli og‘ir deb baholanib, shifoxonaning B-blokidagi 2-reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Bemorning kasallik tarixi o‘rganilganda, shifoxonaga kelishidan oldin 17 mart kuni ham PZR test tahlili topshirgani va tahlil natijasi musbat chiqqani ma’lum bo‘lgan. 18 mart sanasida esa bemorda tana haroratining 38 S darajagacha ko‘tarilishi, nafas olishining qiyinlashishi, umumiy holsizlik kuzatilgan.

Shifoxonaga borgunga qadar uy sharotida 4 kun davomida davolangan. 22 mart kuni turmush o‘rtog‘i va farzandlarida ham tana harorati ko‘tarilishi kuzatilganligi sababli bemor bilan birgalikda 23 mart kunida Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojat qilgan.

Sh.Rizayevning maqolasida marhum reanimatsiya bo‘limiga olinganda o‘zini alohida xonaga o‘tkazishda yordam so‘rab murojaat qilgani aytiladi. Bu borada shifoxona direktori Doniyor Mirazimov bemorlar nima uchun reanimatsion zalga joylashtirishi kerakligi haqida tushintirish bergan.

 — Reanimatsiya bo‘limi jahon standartlariga mos ravishda jihozlangan. Shifoxonamizning reanimatsiya bo‘limi 36 nafar bemorga mo‘ljallangan bo‘lib, 6 ta reanimatsion zaldan iborat. Butun dunyo shifoxonalarining reanimatsiya bo‘limlarida bo‘lgani kabi bir zalda 6 nafar o‘ta og‘ir bemorga reanimatsion va intensiv yordam ko‘rsatiladi, – deydi D. Mirazimov. – Har bir zalda 1 ta reanimatsion post tashkil qilingan bo‘lib, 1 nafar reanimatolog shifokor, 2 nafar reanimatsiya hamshirasi, 1 nafar kichik tibbiy xodim sutkasiga 3 smenada doimiy ravishda bemorlarni nazorat qilib turadi.

Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimov: «Faqat bizning shifoxonada emas, balki dunyodagi eng yetakchi klinikalar, masalan, Isroildagi Ichilov markazi va Assuta markazi, AQShdagi Jons Xopkins universiteti shifoxonasi va Sedars-Sinay tibbiyot majmuasi, Germaniyadagi Myunxen universiteti klinikasi va Sharite tibbiyot majmuasi, Janubiy Koreyadagi Gachon tibbiyot universitetining Gil shifoxonasi va Buyuk Britaniyadagi Greyt-Ormond-strit shifoxonalarining reanimatsion bo‘limlarida ham xuddi shunday tartib joriy qilingan.

Reanimatsiyaga olingan bemorni alohida xonaga joylashtirishning bir qancha muammolari bor. Reanimatsion zalda birgina kardiomonitor qurilmasi orqali 6 ta bemorning ko‘rsatkichlarini bir vaqtning o‘zida nazorat qilib turish mumkin. Bunday bemorlarni alohida xonaga joylashtirishning qiyinchiligi shundaki, agar bemorning ahvoli og‘irlashgudek bo‘lsa, asosiy mutaxassislar uning yoniga zudlik bilan yetib borishi uchun vaqt ketishi mumkin. Bizni tanqid qiluvchi hamyurtlarimiz bunday vaziyatda bir soniyaning ham ahamiyati bebaho ekanini o‘ylab fikr bildirganlari yaxshi edi».

Bir oy davomida M. Azizovning muolaja ishlariga bevosita rahbarlik qilgan reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i Begali Hakimovni ham suhbatga qo‘shiladi.

 —  Shifoxonamizdagi boshqa og‘ir ahvolda yotgan bemorlar qatori marhum M.Azizovning ham ahvoli nafaqat mamlakatimizdagi yetakchi shifokorlar, balki jahonning sohadagi eng nufuzli mutaxassis olimlari tomonidan o‘rganilib, kerakli tavsiyalar olib turildi, – deydi B. Hakimov. – Xususan, oxirgi marta Moskva Sog‘likni saqlash boshqarmasi bosh reanimatologi, professor, tibbiyot fanlari doktori M.N.Zamyatin hamda yurtimizning yetakchi professorlari ishtirokida bemor bevosita tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, konsultatsiyalar tashkil qilindi. Ularning tibbiy ko‘rsatma va maslahatlari asosida intensiv davo muolajalari davom ettirildi.

Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi 2-reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i Begali Hakimov bemorning turmush o‘rtog‘i T.Azizovaning holati 9 kunda, boshqa oila a’zolarining ham umumiy holati 7 kundayoq yaxshilanib, kasallikdan forig‘ bo‘lganligi uchun uyiga ruxsat berilgan. Keyinchalik bemorning talabiga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i unga qarovchi sifatida chaqiriladi. Biroq bemordagi yurak ishemik kasalligi, xafaqon kasalligi 2-3 darajasi, qandli diabetning 2-turi, semizlik 2-darajasi kabi hamroh kasalliklar fonida uning umumiy ahvoli og‘irlashib borgan. 5 aprel kuni qayta o‘tkazilgan MSKT tekshiruvida o‘pka to‘qimasining zararlanishi 70-75 foizga oshgani kuzatildi.

Shu yilning 16 aprel kuni olib borilgan intensiv davo muolajalariga qaramasdan, bemorda klinik o‘lim xolati, ya’ni yurak faoliyatining to‘xtashi kuzatiladi, bemorda o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramasdan biologik o‘lim holati qayd etilgan.

Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limi bemorda o‘tkazilgan intensiv davo choralarining har bir bosqichini turmush o‘rtog‘i kuzatib borgani aytiladi.

Tojibar Azizovaning marhumning shifoxonadagi holati, uning hayotini saqlab qolish uchun shifokorlar tomonidan olib borilgan choralar haqidagi gapirgan.

 —  Afsuski, bugun ijtimoiy tarmoqlarda turmush o‘rtog‘imning vafoti to‘g‘risida tarqalayotgan turli asossiz ma’lumotlarni o‘qib, xafa bo‘layapmiz, — deydi Tojibar Azizova. — Go‘yoki, ushbu xabarlarda Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasida bemorlar uchun yetarli sharoit bo‘lmagani tufayli Mirza akam vafot etgandek. Ochig‘ini aytsam, men faqat ko‘rgan narsalarimgagina ishonaman. Shu bois, umr yo‘ldoshimning so‘nggi kuniga qadar yonida bo‘lgan inson sifatida shuni ishonch bilan ayta olamanki, ushbu muassasada mehnat qilayotgan kichik xodimdan tortib, hamshira, feldsher va shifokorlargacha Mirza akamning sog‘ayib ketishlari uchun yurakdan ishlashdi. Ishoning, qo‘llaridan nima kelsa, qaysi davo muolajasi zarur bo‘lsa, amalga oshirdilar.

Rahmatli turmush o‘rtog‘im tabiatan nozikta’b inson edilar. Shifokorlarning qat’iy talablariga ham uncha e’tibor bermasdan, biroz erkalik qilganlari bor gap. O‘zlari «mendan og‘ir ahvoldagi bemorlar ham sog‘ayib chiqyapti, mening ahvolim o‘nglanmayapti» degan gapni ko‘p aytdilar. Oradan biroz vaqt o‘tib, o‘ylab ko‘rsam, shifokorlarning talablarini so‘zsiz bajarganimizda Mirza akamni saqlab qolish mumkinmidi, degan xayolga boraman.

Shifokor va hamshiralarning umr yo‘ldoshimga ko‘rsatgan g‘amxo‘rliklaridan butun oilamiz minnatdormiz. Qaniydi, shifoxonaga kirishga imkon bo‘lsayu, o‘sha yerdagi barcha hamshira va shifokorlarni bir-bir bag‘rimga bosib, ularga beminnat xizmatlari uchun rahmatlar aytsam, deya Tojibar Azizovaning so‘zlarini keltiradi SSV matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston xalq artisti, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri direktori Mirza Azizov 16 aprel kuni 58 yoshida vafot etgandi.

Mirza Azizovning o‘limi arafasida «meni tuzukroq joyga o‘tkazishsin» deya shifoxonadan yozgan maktubi ham e’lon qilingandi.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Maktub, o‘rganish, Mirza Azizovning, SSV | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz