Главная » 2017 » Январь » 17 » Mustahkam Nikohning 15 Belgisi
16:16

Mustahkam Nikohning 15 Belgisi


Nega ayrim nikohlar bir umrga davom etadiyu, boshqalari bir-ikki yilda barham topadi? Ushbu muammoni mutaxassislar obdon o‘rganib chiqishgan. Quyida ularning tadqiqot natijalari bilan tanishasiz. Agar keltirilgan bandlardan aksariyati sizning oilaviy hayotingizda ham mavjud bo‘lsa, tabriklaymiz! Demak, sizning oilangiz tinch-totuv va mustahkam.

1. Uzoq arazlamaysiz. Agar eringiz bilan qizg‘in janjaldan ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas yarashishga shoshilsangiz, bu sizning fazilatingiz. Uzoq arazlashmay, ziddiyatni tezda unutadigan juftliklarning oilaviy hayoti bardavom etadi. Ammo yarashishga har ikki tomon birdek tayyor turishi shart emas. Ya’ni eringiz og‘ir, bosiq, aql bilan ish ko‘radigan inson bo‘lsa, ozgina araz va noz qilsangiz bo‘ladi.

2. Internet ishqibozi emassiz. Shunday fakt bor: ijtimoiy tarmoqlar va tanishuv saytlari bugun dunyoda ajrashayotgan oilalarning uchdan biriga sabab bo‘lmoqda. Tan oling, o‘n yil oldingi ilk muhabbatini «Odnoklassniki» saytida uchratgach, «yoshlikni eslab turish» istagidan voz kechish juda mushkul. Biroq buning oqibati yomon bo‘lishi mumkin. Maslahat shuki, agar yuqorida tilga olingan saytning faol ishtirokchisi bo‘lsangiz, qachon, kim bilan va nima haqida gaplashganingizni turmush o‘rtog‘ingizdan sir tutmang. Sirlar boshlangan joyda oilangizning xotirjamligi tugaydi.

3. Aql bilan ish tutasiz. Aytishlaricha, faqat ahmoqlar aqlini yo‘qotar darajada seva olisharmish. Bahsli fikr. Chunki aqlli insonlargina nikoh mustahkamligini saqlab turishlari mumkin. AQShda o‘tkazilgan tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, er-xotin qanchalik aqlli bo‘lsa, ajrashish xavfi shunchalik kam bo‘larkan. Demak, kitob o‘qish, krossvord yechish yoki o‘zaro aqlli suhbatlar qurish nikohingizning umrini uzaytiradi.

4. O‘zingiz qaror qabul qilasiz. Deylik, eringiz bilan janjallashib qoldingiz. Agar buvingizdan maslahat so‘rasangiz: «Er — yarim pir, degani. Aytganini qil!» deyishlari tayin. Onangiz esa unga so‘zsiz bo‘ysunmasangiz ham, aql va makrni ishga solishni tavsiya etadi. Dugonangiz bilan maslahatlashib, erni «gah» desa qo‘lga qo‘nadigan qilish borasidagi maslaxatlarini tinglashingiz mumkin. Ko‘rib turganingizdek, har bir avlodning o‘z tajribasi va shunga tayangan holda chiqargan xulosasi bor. Ammo bu fikrlarning bari sub’ektivdir. Hech kim sizning muammongizni sizchalik yaxshi bilmaydi. Birovning maslahatiga ko‘r-ko‘rona amal qilmay, faqat ularni e’tiborga olgan holda, lekin vaziyatdan kelib chiqib o‘zi qaror qabul qiladigan ayollar shaxsiy hayotda baxtliroq bo‘ladilar.

5. Birgalikda kulasiz. Kulgu stress gormonlarini kamaytiradi. Natijada oradagi g‘ubor ko‘tariladi. Agar munosabatlaringiz taranglashib borayotganini sezsangiz, birgalikda biror yaxshi kinokomediyani tomosha qiling yoki kulgu ustalarining konsentlariga boring.

6. Umumiy maqsadingiz bor. Ba’zan erkak kishiga «falon ishni qiling» emas, «keling, shuni birga qilaylik» degan ma’qulroq. Avvalo, mushtarak maqsadlar yaqinlashtiradi. Qolaversa, erkaklarda jamoa bo‘lib ishlash, o‘zaro kelishish hislari kuchli va bundan unumli foydalansangiz bo‘ladi. Masalan, eringizni chekishni tashlashga majbur qila olmayapsiz. Siz buni faqat turmush o‘rtog‘ingizning emas, butun oilangizning muammosi sifatida qabul qiling. Juftingizni bunga ishontiring. O‘ylab ko‘rsangiz, buning uchun yetarlicha dalillar topasiz. Keyin bu yomon odatdan qutulish ishlarini birga boshlang. Ishoning, buning uchun sizdan ham ancha mehnat va sabr talab qilinadi.

7. «Xo‘p» deysiz. Ayrim ruhshunoslar er-xotinning suhbatini bir necha daqiqa tinglab turib, bu oilaning kelajagi nima bo‘lishini aniq aytib bera olar ekanlar. Buning siri oddiy: er-xotin qancha ko‘p «xo‘p», «ha» so‘zlarini ishlatib, ijobiy jumlalarni aytsalar, bir-birlarini shunchalik oson tushunarkanlar. Agar har bir jumlani «yo‘q, oldin siz meni eshiting!» shaklida boshlasangiz, bu xavfli belgidir.

8. Uyingiz shinam va chiroyli. Uydagi jihozlarning ko‘rkam va qulayligi, har joyda ko‘zni quvnatadigan, go‘zal buyumlarning bo‘lishi, umuman, uyingizning shinam, chiroyli va ozodaligi kayfiyatingizga ijobiy ta’sir etib, asablaringizni tinchlantirishi fakt. Masxatim, atrofingizga tanqidiy nazar tashlang.

9. Ishdagi alamingizni turmush o‘rtog‘ingizdan olmaysiz. Tadqiqotlarga ko‘ra, shifokorlar va pedagoglar kasb taqozosiga ko‘ra ishdagi muammolarini ko‘ngliga eng yaqin oladigan insonlar ekan. Bu hol ularni ham jismonan, ham ma’nan toliqtiradi. Boshqa kasblarning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Ammo eshikdan uyga kirayotib, ishdagi muammolarni tashqarida qoldirishga, turmush o‘rtog‘ingiz va bolalaringizga kulib qarashga kuch toping. Kitobning yangi sahifasini ochgandek, uyda ish mavzusini yopib, oilaviy hayotdan lazzatlanish kerak.

10. Bir-biringizni so‘zsiz tushunasiz. «O‘xshatmasdan uchratmas», yoki «Birga yashayverib, bir-biriga o‘xshab ketishgan» degan jumlalarni eshitgansiz. Birga uzok yil baxtli yashayotgan er-xotin hatto jumlalarni ham bir xil tuzib, bir xil fikrlay boshlasharkan. Ba’zida onamiz dadamizning birgina qarashidanoq uning nima istayotganini anglab olishadi. Bu ko‘p yillik hamjihat va baxtli oilaviy hayot natijasidir. Harakat qilsangiz, siz ham shu darajaga yetasiz.

11. Tabassumni kanda qilmaysiz. Olimlarning aniqlashlaricha, ko‘p tabassum qiladigan, fotosurat va videotasvirlarga jilmayib suratga tushadigan insonlarning oilalarida ajrashish hollari kam kuzatilar ekan. Chunki tabassum qilgan kishi avvalo o‘zini baxtli hisoblaydi, qolaversa, bu tuyg‘uni atrofdagilarga ham ulashadi. Bu aslo yengiltaklik emas. Axir, qaynonalar kelinlariga «chehrangizni ochib yuring» deb bejizga aytishmaydi-ku!

12. Yaxshi uxlaysiz. Birgina tunni uyqusiz o‘tkazib ko‘ring. Kun bo‘yi qilgan ishingizning tayini bo‘lmay, tushkun kayfiyatda yurasiz. Bordi-yu bir necha tunni uyqusiz kechirsangiz, bu atrofdagilar bilan munosabatlaringizning taranglashishiga olib kelishi mumkin. To‘g‘ri, o‘zbek ayollari bolalari, eri, qanona-qaynotasining xizmatidan ortsa, uxlaydi, bo‘lmasa, bir mizg‘ib olsa ham yetadi. Lekin zamonamiz shiddati, stresslar oqimining kuchayganligi miyaning to‘liq dam olishini taqozo etadi. Qancha kam uxlasangiz, chehrangiz shunchalik so‘lg‘in bo‘ladi. Eringizga ham e’tibor bera olmaysiz.

13. Juftingizga bee’tibor emassiz. To‘g‘ri, ishingiz ko‘p, tashvishlaringiz boshdan oshib yotibdi. Hozir eringizni erkalab o‘tirishga na vaqtingiz, na hushingiz bor. Ammo u ham tirik jon. Unga ham mehr, e’tibor, shirin so‘z va erkalashlar kerak. Ko‘pchilik ayollar juftlarini «bu kishi ham mening bolam», deb bekorga aytishmaydi. Erkak kishiga farzandingizchalik bo‘lmasa-da, muntazam e’tibor berishingiz kerak. Bo‘lmasa, boshqa e’tibor beradiganlar topilib qoladi…

14. Undan yordamingizni ayamaysiz. Er-xotinning bir-biriga yordamga tayyor turishi mustahkam oila garovi. Olaylik, er — oilaning moddiy ta’minotchisi, xotin esa — oila qo‘rg‘onining bekasi, uni saqlovchi va himoyalovchi inson. Odatda, shunday. Ammo taqdir taqozosi bilan shunday bo‘lmagan, vazifalar bir oz boshqacha taqsimlangan hollarda ham, er-xotinning bir-biriga yordamga tayyor turgani maqsadga muvofiq.

15. Rahmat aytishni unutmaysiz. Agar biror ishingizni maqtasalar yoki sizga minnatdorchilik bildirsalar, yoqadi. Shundaymi? Bu kayfiyatingizni bir necha kunga ko‘tarishi mumkin. Ammo bir necha yildan beri yonma-yon yashab kelayotgan er-xotin bir-birlarini maqtashni va rahmat aytishni unutib qo‘yadilar. Agar juftingizni biror ishi uchun maqtasangiz va unga minnatdorchilik bildirsangiz, u chin dildan xushnud bo‘ladi. Ertaga bu ishini yana takrorlagisi keladi.

 

Xulosa. Baxtiyorlar bir-birlariga o‘xshashadi, ammo har kim o‘zicha baxtsiz bo‘ladi, degan gap bor. Biz yuqorida baxtli oilalarda kuzatilgan umumiy jihatlarni bir tizimga solib keltirdik. Umid qilamizki, sizning oilangiz ham shular sirasiga kiradi. Kirmasa, kiritish harakatini boshlang. Bu balki oson kechmas, ammo natija mehnatu mashaqqatlaringizni oqlaydi. Zero, ayol uchun oilasi tinch, xonadoni fayzli bo‘lishidan ortiq maqsad ham, baxt ham yo‘q.

Maqola — psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Ra’no ASOMOVA tavsiyalari asosida tayyorlandi.

Shahnoza TO‘RAXO‘JAYEVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Maslaxatlar | | Теги: Nikoh, 15 Belgisi, Mustahkam | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz