Главная » 2017 » Май » 4 » O‘zbekistondagi erta nikoh va ajrimlarga kimlar sababchi bo‘lyapti?
19:03

O‘zbekistondagi erta nikoh va ajrimlarga kimlar sababchi bo‘lyapti?


Farzandlari orzu-havasini tezroq ko‘rish niyatida bo‘lgan ota-onalar yoshlarni erta turmush qurishga undashlari oqibatida hali ro‘zg‘or tutish, oila haqida muayyan dunyoqarashga ega bo‘lmagan, hayotning “o‘nqir-cho‘nqiri”ga duch kelganda ojizlik qilib qolayotgan yoshlar ajrimlari ko‘paymoqda. Bu haqda Gulchehra Murodaliyevaning Biznes Daily’da yoritilgan maqolasida fikr yuritilgan.

Maqolada, jumladan, shunday deyiladi:

“Ba’zi ota-onalar hali balog‘at yoshiga yetmagan qizini uzatish yoki qarindoshining qizi begona bo‘lishini istamay, o‘g‘il uylantirish taraddudiga tushishadi. Natijada qizlarni 16 va hatto undan kichik yoshda ham turmushga uzatib yuborish hollari uchrab turibdi.

Albatta, har bir ota-ona o‘z farzandining baxtli bo‘lishini istaydi. Lekin qizimni tezroq turmushga bersam, xotirjam bo‘lardim, degan noto‘g‘ri qarash ham mavjudki, bu hol yoshlarning o‘qishni davom ettirishi, egallagan kasbi bo‘yicha ishlashiga to‘sqinlik qilmoqda.

— Ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi oylarda ajrimlar soni bo‘yicha Namangan shahri yuqori o‘ringa ko‘tarilgan, – deydi hamkasblarimdan biri. — Tekshirishlar jarayonida ma’lum bo‘lishicha, bu yerda qizlarni erta turmushga uzatish, yigitlarni vaqtli uylantirish urfga aylangan ekan. Hatto 14-15 yoshli yigit-qizlarni yashirincha nikoh o‘qitib, turmush qurdirish ko‘paygani ma’lum bo‘lgan. Manbalarga ko‘ra, 15 yashar homilador qiz tug‘ruqxonada farzandini dunyoga keltira olmay vafot etgan. O‘rganishlar jarayonida uni ota-onasi yashirin tarzda nikohlab, erga bergani aniqlangan.

Jahon cog‘liqni caqlash nashkiloti mutaxassislari fikriga ko‘ra, turmush qurish uchun eng qulay davr qizlarga 20-22 yosh, yigitlar uchun esa 23-25 yosh ekan.

— Yigirma bir yoshda bosh miya to‘liq rivojlanib, insonning jismoniy va ruhiy holati barqarorlashadi, — deydi shifokor Gulnoza Hasanova. — Shuning uchun 21-27 yosh oralig‘ida ona bo‘lish ayollar uchun qulay davr hisoblanadi. Erta homiladorlik esa ko‘p holda bola tushishi yoki o‘lik tug‘ilishiga olib keladi. Shuningdek, homila nuqsonli rivojlanishi mumkin, bu holat nafaqat bolaning, balki onaning ham salomatligiga xavf tug‘diradi. Ayrim ota-onalar farzandlarini erta hamda qarindoshlarga turmushga berishi oqibatida yosh oilalarda nosog‘lom farzand dunyoga kelayapti. Bu holat esa yosh kelin-kuyovning ruhiy tushkunlikka tushib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Natijada yosh oila buzilib ketayapti, kelin-kuyovlarning hayoti izdan chiqayapti.

Yosh yigitlarning oila qurishga tayyor bo‘lmay turib, erta uylanishi ham ajrimlar sonining ortishiga bois bo‘lmoqda. Hali hayot tashvishini bilmagan, peshona teri bilan pul topmagan, ko‘proq ota-onasiga suyanib qolgan yosh yigitlar dabdabali to‘y bilan uylanishgach, hayot mashaqqatlariga duch kelganda uni yengishga qiynalishayapti. Afsuslanarli tomoni shundaki, keyingi paytlarda ota-onasi yoki qaynota-qaynonasi, quda-andalar yordamida nimalargadir erishmoqchi bo‘lishga urinayotgan yigitlar ham ko‘payayotgani kuzatilayapti. Ayniqsa, bu hol Toshkent shahrida urf bo‘lmoqda.

— Kuyovning kelin tarafidan boshdan oyoq ust-bosh, xona to‘la mebel, har haftada qovurdoq olishidan tashqari, uy olib berish, tug‘ilgan kunda mashina kalitini sovg‘a qilishni talab etayotgani haqidagi janjalli voqealar ham sodir bo‘layapti. Buning oqibatida esa ajrimlar soni ko‘paymoqda, — deya mulohaza bildiradi qo‘shnim Halima opa.

Ayni paytda 4 yil bakalavriat, so‘ng 2 yil magistraturada tahsil olgach, oyoqqa turib olib, 25-27 yoshlarda uylanishni istayotgan ziyoli yigitlar ko‘payayotgani ham rost. Axir, hayotning oq-qorasini tanib, keyin umr yo‘ldosh topishga, nima yetsin.

—O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksida nikoh yoshi qizlar uchun 17, yigitlar uchun esa 18 yosh qilib belgilangan, — deydi Qarshi shahar “Nikoh uyi” direktori Hikmatoy Sharipova. — “Bolalar huquqlarini kafolatlash” haqidagi qonunning 1-bob, 3-moddasida esa “18 yoshgacha bo‘lgan shaxs bola hisoblanadi” deya qayd etilgan. Demak, 16-18 yoshli farzandlarimiz davlat qonuniga binoan hali bola sanaladi. Bu yoshdagi qizlar hali jismonan va ruhan oilaviy hayotga, ona bo‘lishga tayyor bo‘lmaydi.

Yoshlarning nikohgacha tibbiy ko‘rikdan o‘tishi ham juda ahamiyatlidir. Nikohlanuvchilar 5 ta kasallik, ya’ni ruhiy, narkologik, zaxm, sil hamda OITS bo‘yicha ko‘rikdan o‘tkaziladi. Agar taraflar kasallik aniqlangan taqdirda ham nikohdan o‘tishga qaror qilishsa, yozma ravishda rozilik bildirishadi. Bu rozilik varaqasi nikohdan o‘tish uchun berilgan arizaga ilova qilinadi.

Biroq ayrim hollarda tibbiy ko‘rikdan o‘tmay turib, turli yo‘llar bilan yigit yoki qizga sog‘lom degan soxta ma’lumotnoma to‘g‘rilab turmush qurdirish ham keyinchalik salbiy natijalar berayotgani, bu esa ajrimlarga bois bo‘layotgani ham bor gap”.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: sababchi bo‘lyapti, Nikoh, ajrimlar, erta nikoh, O‘zbekiston, Kimlar | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz