Главная » 2016 » Декабрь » 13 » Nikohga majburlash hukmi haqida
17:08

Nikohga majburlash hukmi haqida


— Akam 24 yoshda. Ota-onam «Oila qurish vaqti kelgan», deb xolamning qizini akamga olib berishmoqchi. Ammo akam bunga qarshi. Hamma qavm-qarindoshlarning xohish-istagi shu. Agar akam u qizga uylanmasa, onam va xolam o‘rtasida dilxiraliklar ham kelib chiqish ehtimoli bor. Ota-onam farzand uchun padari buzrukvori va onasining aytgani qonun ekani, ularning roziligi uchun farzand ularning aytaganini qilishi shart ekanligini ta’kidlashmoqda. Ammo akam ham dindan dalil keltiradi va majburan uylantirish, qiz yoki yigit norozi bo‘lsa, oila qurish nojoizligini aytmoqda. Ota-onam roziligi uchun akam ko‘ngliga qarshi chiqsinmi yoki ota-onamni bu ishdan qaytaraylikmi?

 

Savolga Toshkent shahar, Shayxontohur tuman bosh imom xatibi, «Shayx Zayniddin» jome masjidi imom xatibi Odilxon qori YuNUSXON o‘g‘li javob beradi.

 — Yigit o‘z xolasining qiziga uylanishi shar’an joiz bo‘lsa-da, bu ishga targ‘ib qilinmaydi. Sababi ko‘p hollarda yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh aloqalari nosog‘lom bolalar tug‘ilishiga sababdir. Yana bunda nikoh davomli bo‘lmasa, qarindoshlar bir-biri bilan yuzko‘rmas bo‘lib ketishi xavfi bor. Shu sabab yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi qudachilik aloqalaridan imkon qadar saqlanish afzal.

Masalaning ikkinchi jihati shuki, yigit va qiz oila qurishda o‘z xohishlariga qarab juft tanlashlari joiz. Jumladan, yigit o‘ziga yoqqan qizga uylanishi mumkin.

Yigit ham uylanishda majburlanmaydi. Agar majburan nikoh qilingan taqdirda nikoh sahih (to‘g‘ri) bo‘lsa ham, oila mustahkam bo‘lmasligi mumkin. Nikohga majburlash oqibatlari hammamizga ma’lum. Ko‘ngil qo‘ymagan qizga uylangan yigit u bilan baxtli-saodatli hayot kechira olmaydi, ota-onasining orzulari quliga aylanadi, bechora qizning baxtiga zomin bo‘ladi.

Shariatda oilalar mustahkamligi va taloqning oldini olish uchun chora-tadbirlar ko‘rilgan. Shulardan biri oila qurayotganlarning bir-birlarini guvohlar yordamida ko‘rishlaridir. Agar bu kabi ishlarga ruxsat berilmasa, to‘ydan hech qancha vaqt o‘tmasdan ajralishlar soni ko‘payib ketgan bo‘lardi.

Xullas, shariatda yigit yoki qizni oila qurishga majburlash yo‘q. Ammo yigitlar xohlagan qizga yoki qizlar o‘zi istagan yigitga turmushga chiqishi mumkin ekan, deb buni suiiste’mol qilmasliklari lozim. Eng afzali ota-ona va farzandlar kelishib ish qilsinlar. Yigitlar shunday yo‘l tutsinlarki, sovchi qo‘ymoqchi bo‘lgan juftlari o‘zlariga ham, ota-onalariga ma’qul kelsin.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: Nikoh | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz