16:38 Nega xonandalarning xizmat haqi buncha qimmat? | |
Ayni kunlarda to‘ylar mavzusiga bag‘ishlangan teleko‘rsatuv, radioeshittirish, gazeta-jurnallardagi maqola-yu internetdagi mukohamalarda san’atkorlar mavzusiga ham alohida to‘xtalib o‘tilayapti. Qo‘shiqchilar AQSh dollari qiymatida pul olishlari, 4-5 ta qo‘shiqni fonogrammada kuylashlari uchun 300-400$ miqdorida pul olishlari qattiq qoralanmoqda. Ochig‘ini aytganda, AQSh dollarining so‘mga nisbatan qiymatini hisoblaydigan bo‘lsak, bitta san’atkorning bir kunlik topish-tutishi yomon emasligini taxmin qilsa bo‘ladi. Oramizda bir oy ishlab ham 300$ daromad topolmayotganlar kam deysizmi? Internetda san’atkorlarni ochiqchasiga tekinxo‘rlik, xalq pulini osonlikcha o‘zlashtirishda ayblashdi. Ammo vaziyatga bir yoqlama yechim izlash noto‘g‘ri. San’atkorlarning ham dardini eshitish, bu sohada necha yillardan buyon yechimini kutib turgan muammolarni o‘rganish lozim. Ilgari (taxminan 15-20 yillar avval) san’atkorlarga birmuncha oson edi. Ovozi bor ijodkorlarning qo‘shiq yoki klipi maxsus komissiya ko‘rigidan o‘tkazilib, ijobiy deb topilgan ijodiy ishlar omma e’tiboriga taqdim etilardi. Shu bois ham san’atkorlar qo‘shiqning soniga emas, sifatiga e’tibor berishardi. Falon konsertga chiqish uchun yoki radio-televedenieda qo‘shig‘imni «aylantirish» uchun pul topishim kerak degan boshog‘riqlar yo‘q edi. Hozirgi komissiyalarning maqsadi esa anchayin noxolis. Xalq artisti va havaskorning qo‘shiq va klipi bir xil narxda efir yuzini ko‘radi. Tijorat kanallari tugul davlat kanallariga ham narx belgilanganligi va har soatda «Falon efirga qo‘shig‘ingizni joylashtirishingiz mumkin» degan taklifi kishini o‘ylantirib qo‘yadi. Nima, endi bu yog‘iga efir va katta sahna faqat puli bor ijodkorlarga tegishlimi? Yaqindagina faoliyatini boshlagan «Zo‘r TV» ko‘plab xonandalar bilan hamkorlik qilmoqda. Bitta qo‘shig‘ingizning kunduzi efirga uzatilishi bor-yo‘g‘i 75 dollar, kechkisi esa ikki barobar qimmatroq — 150 dollar (Markaziy bank kursi bo‘yicha). Nega telekanallar ijodiy ishlarga ham xuddi tijorat reklamalaridek munosabatda bo‘lishayapti? Axir biror mahsulotning reklamasi bilan yaxshi qo‘shiq va klipni taqqoslab bo‘lmaydi-ku. Demak, kimnidir qoralashdan avval uning negizida yotgan ba’zi muammolarga ham yechim izlash kerak. Qo‘shiqni tijoratga aylantirmay, sof ijodiy mehnat to‘g‘ri baholanganda edi, ovozi yo‘g‘u puli bor san’atkorlar safi ham ancha qisqargan bo‘lardi. Nargiza Murodova
Manba: "xabar.uz"
| |
|