09:19 Bir xonanda ikkinchi xonandani sudga berdi | |
Xonanda Doston Ergashovga nisbatan 500 million so‘m miqdorida zararni undirish yuzasidan da’vo kiritildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi rasmiy kanalida ma’lum qilingan. Bundan bir necha kun avval xonanda Doston Ergashov O‘ktam Aliyevning «O‘ylamadim» nomli qo‘shig‘ini muallifning roziligisiz ijro etib, uni internet tarmoqlariga joylashtirgani hamda muallif bu haqida Intellektual mulk agentligiga qonuniy chora ko‘rishni so‘rab murojaat qilgani haqida xabar berilgandi. Shundan so‘ng Agentlik tomonidan holat bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib, ma’muriy javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish uchun Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tuman ma’muriy sudiga bayonnoma kiritilgan. Natijada sud D.Ergashovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 177 (1)–moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topib, tegishli jarima jazosi tayinlagan. Shundan so‘ng Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tuman ma’muriy sudining qarori asosida xonanda O‘.Aliyev Doston Ergashovga nisbatan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tuman sudiga 500 million so‘m miqdoridagi moddiy va ma’naviy zararni undirish yuzasidan da’vo arizasini kiritdi. Ma’lumot uchun, O‘.Aliyev tomonidan «O‘ylamadim» nomli qo‘shiq 2012-yil yaratilgan hamda mazkur qo‘shiq uchun videoklip suratga olingan. Ushbu videoklip YouTube platformasiga joylashtirilgan. Shundan so‘ng 2020-yilda muallif O‘.Aliyev tomonidan «O‘ylamadim» nomli qo‘shig‘i unga tegishli ekanligini bildirish maqsadida, katta miqdorida sarf-xarajat qilgan holda muallif tomonidan qo‘shiq uchun qayta videoklip suratga olingan va YouTube internet tarmog‘iga joylashtirilib, ommaga e’lon qilingan. Zero, muallif asarni, shu jumladan, uning nomini muallifning sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday tarzda buzib ko‘rsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz etilishidan himoya qilish huquqiga, ya’ni muallif obro‘sini himoya qilish huquqiga ega. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 1056-moddasiga muvofiq, asarga tuzatishlar kiritish, uni aranjirovka qilish yoki boshqacha tarzda qayta ishlash, asarni omma oldida ijro etish muallifning mutlaq mulkiy huquqlari hisoblanadi. Asardan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, asardan foydalanilgan deb hisoblanadi hamda muallif o‘z asaridan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga ega. Endi muallif o‘z huquqlarini bilishi, huquqbuzar esa arzimagan miqdordagi jarimani to‘lab keta olamasligi barchaga ma’lum. Qolaversa, muallif huquqbuzarni yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish uchun fuqarolik sudiga bersa, unga nisbatan yetkazilgan zararlarni qoplash to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilinishi, buning natijasida esa huquqbuzar muallifga katta miqdorda pul ko‘rinishida zararlarni qoplashga majbur bo‘lishi ham hech kimga sir emas.
Manba: "xabar.uz"
| |
|