09:05 “O‘zbekiston” mehmonxonasi sotildi | |
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 avgustdagi “Mehmonxona sohasiga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 661-son qaroriga muvofiq “Otel Uzbekistan” MCHJ QKning 80,1 foiz davlat ulushi ommaviy savdolarda sotilishi belgilangani haqida xabar bergan edik. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan salohiyatli investorlarni jalb etish maqsadida mehmonxona biznesi va turizm sohasida faoliyat yuritayotgan Buyuk Britaniya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur davlatlarining bu sohadagi taniqli kompaniyalari bilan muzokaralar olib borildi. O‘rganish natijalari bo‘yicha, “Otel Uzbekistan” MCHJ QKning 80,13 foiz davlat ulushini sotib olish bo‘yicha “Bashan investment group pte ltd” (Singapur) kompaniyasining - 24 oy mobaynida 23,2 mln dollar to‘lash, 1,5 yil ichida 100 mlrd so‘m investitsiya kiritish va 4 yulduzli mehmonxona tashkil etish taklifi - Davlat tender komissiyasi tomonidan ma’qullandi. Ushbu qarorga asosan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “Bashan investment group pte ltd” (Singapur) kompaniyasi o‘rtasida ma’lum shartlar asosida “Otel Uzbekistan” MCHJ QKning 80,13 foiz davlat ulushini sotish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Eslatib o‘tamiz, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan “Otel Uzbekistan” MCHJ QKning 80,1 foiz davlat ulushi dastlab, 33,0 mln AQSH dollariga tanlov savdolari orqali sotuvga chiqarilgan edi. Mazkur davlat ulushini sotish shartlari etib xarid to‘lovini to‘lashdan tashqari: a) 2 yil muddatda 100,0 mlrd so‘m investitsiya kiritish; b) davlat ulushini sotib olgandan so‘ng 10 yil davomida asosiy faoliyat turini (mehmonxona xizmatini ko‘rsatish) saqlash; v) tashqi fasadini o‘zgartirmasdan mehmonxonani ta’mirlash; g) mehmonxonani boshqarishga eng yaxshi menejerlarni jalb qilish belgilangandi. Yuqorida ko‘rsatilgan narxda (33,0 mln AQSH dollariga) talabgorlardan murojaat tushmaganligi sababli, davlat ulushining boshlang‘ich narxi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 3 iyuldagi “Davlat mulki ob’ektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga sotish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ–2200-son qaroriga asosan, 10 foizdan bosqichma-bosqich 30 foizgacha pasaytirilgan holda 23,1 mln AQSH dollari narxida tanlov savdolariga chiqarildi. Ushbu mehmonxona bir necha yillar davomida toshkentlik taniqli tadbirkor, mamlakatning badavlat shaxslaridan biri – “Botir alyuminiy” nomi bilan tanilgan Botir Rahimovga tegishli bo‘lgan. U bundan uch yil avval rossiyalik taniqli o‘zbek milliarderi Alisher Usmonovning sobiq kelini – marhum jiyani Bobur Usmonovning bevasi Diyora Usmonovaga uylangan edi. Shundan so‘ng mamlakatni tark etgan Botir Rahimov turmush o‘rtog‘i bilan Turkiyaning Istanbul shahrida yashab kelmoqda. Bu orada unga tegishli bo‘lib kelgan "O‘zbekiston" mehmonxonasi ham sotuvga qo'yilgan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|