13:48 O‘zbekistonda jamoat joylarida chekishni taqiqlash rejalashtirilmoqda | |
O‘zbekistonda chekish mumkin bo‘lmagan jamoat joylarining aniq ro‘yxatini tasdiqlab, chekish uchun ajratilgan maxsus joylarga minimal talablar belgilanmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati xabar berdi. Quyi palata xabariga ko‘ra, “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘chishda ko‘rib chiqilgan. Ta’kidlanishicha, amaliyotda alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi bo‘yicha belgilangan qoidalar va cheklovlarga rioya etish darajasi pastligini ko‘rsatmoqda. Sababi, amaldagi qonun hujjatlarida tashkiliy-huquqiy mexanizmlarning kuchsizligi va ularda vakolatli organlarning nazorat qilish sohasidagi vazifalari, jamoat joylarida tamakisiz muhit yaratish uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarning majburiyatlari belgilanmagan. Shuningdek, zamonaviy tamaki mahsulotining aylanmasini tartibga solish masalalari huquqiy hujjatlarda o‘z aksini topmagan. Natijada aholi, ayniqsa yoshlar orasida bunday mahsulotlarni iste’mol qilinishi tez sur’atlarda oshib ketmoqda. Shuningdek, mazkur loyihani ishlab chiqishga yana bir zarurat – bu amaldagi qonun hujjatlarida tamaki mahsulotini realizatsiya qilish yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan bo‘lsa-da kundalik hayotda bunday mahsulotning chakana savdosi bilan aksariyat holatlarda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan noqonuniy shug‘ullanishiga sabab bo‘lmoqda. Loyiha bilan mazkur yo‘nalishda fuqarolarning huquq va majburiyatlari belgilanmoqda. Shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlari hamda tamaki va nikotin iste’mol qilish uchun moslamalarni realizatsiya qilishga doir cheklovlar kengaytirilmoqda. Jumladan, bunday mahsulot va moslamalarni yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslarga va yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslar tomonidan savdo va realizatsiya qilishni taqiqlash ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish mumkin bo‘lmagan jamoat joylarning aniq ro‘yxati ko‘rsatilib, chekish uchun ajratilgan maxsus joylarga minimal talablar belgilanmoqda hamda belgilangan qoidalarni ijro etilishini ta’minlash uchun mas’ul shaxslar majburiyatlari aniqlanmoqda. Loyihaning qabul qilinishi fuqarolarning sog‘lig‘ini alkogol va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning zararli ta’siridan, shu bilan bog‘liq ijtimoiy va boshqa salbiy oqibatlardan himoya qilishga, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda qaror toptirishning tashkiliy va huquqiy shart-sharoitlari yaratilishiga erishiladi. Yig‘ilishda muhokama etilgan shu va boshqa qonun loyihalari bo‘yicha deputatlar tomonidan partiya pozitsiyasidan kelib chiqqan holda taklif va munosabatlar bildirilgan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|