21:22 O‘zbekistonda “Mirziyonomika” nomli kitob yozildi | |
Jamoatchilik vakili Behruz Hamzayev “Mirziyonomika. Markaziy Osiyo yo‘lbarsining sakrashi” (Mirziyonomics. Leap of Central Asian tiger) nomli kitobni nashrdan chiqardi. Bu haqda uning o‘zi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali xabar berdi. Kitobda O‘zbekiston Respublikasinining 2030 yilgacha raqamli transformasiyasi strategiyasi haqida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, kitob orqali ilgari surilgan strategiyani yaratish bo‘yicha g‘oya 2018 yilda tug‘ilgan va uni tayyorlash ishlari 3 yil davom etgan. Muallif elektron kitob tarzida taqdim etilgan strategiyani raqamli O‘zbekistonni rivojlantirishga yangi qarash, befarq bo‘lmagan yoshlar jamoasining taklifi sifatida ifoda etadi. Kitobning asosiy yo‘nalishi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini integratsiyalashuvi orqali davlat boshqaruvini, shuningdek, biznes va ijtimoiy sohalarni takomillashtirish va soddalashtirishga qaratilgan. Qayd etilishicha, 2030 yilgacha O‘zbekiston iqtisodiyotini raqamli o‘zgartirish strategiyasi yoki “mirziyonomika” ikki qismdan iborat: • birinchisi – strategiyaning asosiy ustuvorliklari, old shartlari va yo‘nalishlari tasvirlangan kitob va veb-sayt; • ikkinchisi – bu aniq choralar va bosqichma-bosqich harakatlar tavsiflangan strategiyaning “amaliy qismi”. Hukumat Strategiyani amalga oshirishdan manfaatdor bo‘lsa, muallif hujjatning bu qismini oshkor qilishga va taqdim etishga tayyor ekanligini bayon qilmoqda. Xo‘sh, kitob nomi nima uchun Prezident Mirziyoyevning familiyasi bilan bog‘liq. Qayd etilishicha, “Mirziyonomika” atamasi tasodifan paydo bo‘lmagan, jahon siyosati tarixida turli mamlakatlarning taniqli rahbarlarining islohotlarini bildiruvchi shunga o‘xshash ta’riflar mavjud: “Reyganomika” (AQSH), “Abenomika” (Yaponiya), “Tetcherizm” (Buyuk Britaniya), “Rojernomika” (Yangi Zelandiya).
Behruz Hamzayev nomi jamoatchillikka yaxshi tanish. U bugungacha “World Influencers Network”ga asos solgan. “ZIYO FORUM” rivojlanish va ta’lim jamg‘armasi direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, u Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining sobiq maslahatchisi lavozimida ham faoliyat yuritgan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|