Guliston shahrida yashovchi S.Ahmedova “Adolat ko‘zgusi” gazetasiga quyidagi savol bilan murojaat qilgan:
– Yangi qabul qilingan qoidalarga ko‘ra, qamoq jazosi bekor bo‘libdi, deb eshitdim. Shu to‘g‘rimi?
Gazeta ham o‘z o‘rnida bu borada huquqshunos Kamola Hamidova bilan maslahatlashishni ma’qul ko‘rgan va murojaatga javob sifatida 2016 yil 10 noyabrdagi 45-sonida “Endi qamoq jazosi bekor bo‘ldimi?” nomli maqola chop etdi.
Ma’lumki, 2016 yil 21 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida sud tizimini isloh etuvchi bir qator qoidalar belgilandi.
Ushbu isloh qilingan qoidalar aholi o‘rtasida turlicha fikrlarni shakillantirgani bois ularni aniq bir to‘xtamga keltirish juda muhimdir. Shuning uchun gazetaning fuqaro murojaatiga o‘z vaqtida javob qaytarishi ayni muddao bo‘ldi desak adashmagan bo‘lamiz.
“Xususan, Farmonning 3-bandida 2017 yilning 1 aprelidan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil jazo turlarini qo‘llashni kengaytirish orqali qamoq tariqasidagi jinoiy jazo tugatilishi belgilandi. Hujjatdagi ushbu norma ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otib, “Endi qamoq jazosi bekor bo‘ldimi?”, degan savollarni ham keltirib chiqardi”, deb yoziladi gazetada.
Bu savolga javob berish uchun ushbu jazo turi belgilangan Jinoyat kodeksining 43-moddasini ko‘rib chiqish o‘rinlidir. Ya’ni, unga ko‘ra jinoyat sodir etishda aybli deb topilgan shaxslarga nisbatan quyidagi asosiy jazolar qo‘llanilishi mumkin:
a) jarima;
b) muayyan huquqdan mahrum qilish;
v) axloq tuzatish ishlari;
g) xizmat bo‘yicha cheklash;
d) qamoq;
d-1) ozodlikni cheklash;
e) intizomiy qismga jo‘natish;
j) ozodlikdan mahrum qilish;
z) umrbod ozodlikdan mahrum qilish.
Yuqoridagi bandlarda qamoq jazosi belgilanishi mumkinligi aytilgan. Jinoyat kodeksining 48-moddasida esa, qamoq jazosiga quyidagicha ta’rif beriladi: “Qamoq - shaxsni batamom ajratgan sharoit ostida saqlashdan iborat bo‘lib, bir oydan olti oygacha muddatga belgilanadi”.
“Isloh qiingan Farmon bo‘yicha qamoq tarzidagi jazo turi tugatildi. Uning o‘rniga jazo belgilashning ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan muqobil, boshqa turlarini qo‘llash imkoniyati kengaytirildi. Qamoq jazosi o‘rniga, huquqbuzarlarga tarbiyaviy-tuzatish ta’sir choralarining ilg‘or shakl va uslublarini keng qo‘llash nazarda tutilmoqda”, deb yozadi “Adolat ko‘zgusi” gazetasi.
Bundan keyin jinoyat sodir etgan shaxslarga qamoq jazosi qo‘llanilmaydi, degan xulosani chiqarmaslik lozim.
Maqolada 43-moddada keltirilgan qamoq turidan boshqa jazo turlari sodir etilgan huquqbuzarlik, undan kelib chiqqan oqibat, yetkazilgan zarardan kelib chiqib, jazoning boshqa turlari qo‘llanilishi mumkinligi aytilgan.