14:55 O‘zbekistonda qurolning alohida turlarini olib yurishga ruxsat berilishi mumkin | |
O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi portaliga “Qurollar to‘g‘risida”gi va “Oliy Majlisning 2001-yil 12-maydagi 222-II sonli “Litsenziya talab etadigan faoliyatlar turlari ro‘yxati to‘g‘risida”gi qaroriga 1-sonli ilovaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihalari joylandi, deb yozadiNorma. Loyihani ishlab chiqqan organ — Ichki ishlar vazirligi fikricha, amaldagi normativ-huquqiy bazaning noto‘liq va nomukammalligi, yagona mexanizm yo‘qligi tufayli qonunni qabul qilish zaruriyati mavjud. Qonun loyihasi qurolni nima uchun mo‘ljallanganligiga qarab fuqarolik, xizmat va jangari turlariga ajratadi. Loyihaga muvofiq, to‘qqiz subyekt qurol va o‘q-dorilar sotib olish huquqiga ega bo‘ladi, bular: harbiy qismlar, maxsus organlar va bo‘linmalar; alohida xizmat vazifalariga ega yuridik shaxslar; qurol ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar; qurol sotish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar; ovchilik va o‘q otish sporti sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar; qurolni kolleksiya qilish yoki ko‘rgazmaga qo‘yish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar; O‘zbekiston fuqarolari; chet el fuqarolari; mamlakatda doimiy yashaydigan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar. Harbiy qismlar va maxsus xizmatlardan tashqari hamma sotib olinayotgan qurolni ro‘yxatdan o‘tkazish kerak. Ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini hukumat belgilaydi. Fuqarolik va xizmat qurollarini quyidagi shartlar bilan qo‘llash mumkin bo‘ladi: hayoti, sog‘lig‘i yoki shaxsiy mulkini himoya qilish uchun; mudofaaga zarurat bo‘lganida yoki o‘ta zarur paytda; qo‘llashdan avval aniq aytilgan ogohlantirish bilan.
Manba: "daryo.uz"
| |
|