Главная » 2022 » Август » 13 » O‘zbekistondagi suv taqchilligi: ehtimoliy qurg‘oqchilik va keskinlashayotgan ekologik muammolar
15:35

O‘zbekistondagi suv taqchilligi: ehtimoliy qurg‘oqchilik va keskinlashayotgan ekologik muammolar


Tadqiqotlarga ko‘ra, yaqin 20 yil ichida O‘zbekistonda suvga bo‘lgan talab sezilarli oshadi va mavjud suv resurslari keskin kamayadi, bu esa joriy suv tanqisligini besh barobargacha oshiradi. Bu davrga borib O‘zbekiston suv tanqisligi bo‘yicha qizil hududlar qatoriga kiradi. Suvsizlikning ehtimoliy ssenariylari qanday bo‘ladi?

Aholining tabiiy o‘sishi va suv isteʼmoli ko‘payishi, iqlim o‘zgarishi natijasida anomal issiq ob-havo yangi meʼyorga aylanib borayotgani, qorli kunlar soni qisqarishi, shuningdek, suv resurslaridan irratsional foydalanish ortidan Markaziy Osiyoda jiddiy ekologik muammolar va suv tanqisligi yuzaga kelmoqda.

Suv taqchilligining mintaqaviy jihatlari

Markaziy Osiyo okean va dengizlardan olisda joylashgan, qurg‘oqchil hudud bo‘lgani sabab, bu yerda suv manbalari strategik ahamiyat kasb etadi. Mintaqa davlatlari suv resurslari nuqtayi nazaridan ikkiga ajratiladi. Qozog‘iston, Turkmaniston va O‘zbekiston kabi davlatlar «quyi oqim”, Tojikiston va Qirg‘iziston esa «yuqori oqim” mamlakatlar sifatida ko‘riladi.

Taʼminot jihatdan birinchi guruhdagi mamlakatlar ikkinchi guruhdagi mamlakatlarga bog‘langan. Xususan, O‘zbekistonda foydalanilayotgan jami suv resurslarining 20 foizi mamlakat ichkarisida, 80 foizi esa qo‘shni Tojikiston va Qirg‘iziston hududida shakllanadi. Nisbatan kambag‘al hisoblanadigan «yuqori oqim”dagi ushbu ikki davlat GES va suv omborlari qurish orqali ko‘proq elektr energiya ishlab chiqarish va uni eksport qilishdan manfaatdor, bu esa mintaqadagi boshqa mamlakatlarda qishloq xo‘jaligini suv bilan taʼminlashda jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi. Ushbu jihat ko‘p yillar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi ziddiyat va kelishmovchilikning asosiy ildizi bo‘lib keldi, suv manbalari sabab mintaqada yuzaga kelgan vaziyatdan yirik davlatlar siyosiy taʼsir ko‘rsatish quroli sifatida ham foydalandi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati tomonidan olib borilgan «suv diplomatiyasi” mintaqadagi transchegaraviy suv resurslaridan foydalanishdagi keskinlikni sezilarli darajada yumshatgan bo‘lsa-da, hozirgi kunga qadar ham Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida xalqaro standartlarga asoslangan suvdan foydalanishning umumiy qoidalari ishlab chiqilmagan.

Jahon banki ekspertlariga ko‘ra, 2050 yilga borib Sirdaryo havzasida suv resurslari 5 foizgacha, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda. 2050 yilda Markaziy Osiyoda chuchuk suv taqchilligi yalpi ichki mahsulotning 11 foizga pasayishiga olib kelishi mumkin. 

Suv tanqisligi kuchayib borishi sabab yuqori oqimdagi davlatlar va quyi oqimdagi davlatlar o‘rtasida quyidagi masalalarda muammoli vaziyatlar yuzaga kelish ehtimoli mavjud:

transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan bir tomonlama va kelishilmagan holda boshqarishga intilishning kuchayishi;
suvni tijoratlashtirish va unga tovar sifatida munosabatda bo‘lish kayfiyati ortishi;
iqlim o‘zgarishi natijasida ichki energetik ehtiyojlarni taʼminlash uchun yuqori oqimdagi mamlakatlar tomonidan Amudaryo va Sirdaryoning asosiy transchegaraviy irmoqlarida yangi yirik gidroelektrik suv omborlari qurish istagi oshishi. Hozirda Qirg‘izistonda 85 foiz, Tojikistonda esa 91 foiz elektr energiyasi GESda ishlab chiqariladi. Suv manbalari qisqarishi ushbu mamlakatlarda elektr energiya taqchilligi oshishiga jiddiy taʼsir o‘tkazadi. Taqqoslash uchun, gidroelektr stansiyalarning energetika taʼminotidagi ulushi O‘zbekistonda 15 foizga, Qozog‘istonda esa 10 foizga yaqin.
Yuqoridagilardan kelib chiqib transchegaraviy suvdan foydalanish masalasida barqaror va tomonlar uchun teng manfaatli yangi kelishuvga erishish, suvdan oqilona foydalanishda yagona strategik yondashuvga o‘tishni tezroq hal qilish muhim ahamiyat kasb etadi.

Iqlim o‘zgarishi

Oxirgi yillarda Markaziy Osiyoda anomal issiq ob-havo yangi meʼyorga aylanib bormoqda va jazirama kunlar soni avvalgiga qaraganda ko‘paydi. Norvegiya xalqaro munosabatlar institutining iqlim o‘zgarishi va yashil energiya sohasi bo‘yicha tadqiqotchisi Roman Vakulchukning fikricha, Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishiga nisbatan eng zaif mintaqalardan biri hisoblanib, bu yerda o‘rtacha yillik harorat global o‘rtacha ko‘rsatkichdan tezroq ko‘tarilmoqda va mintaqa iqlim jihatidan Kuvayt yoki Saudiya Arabistoni kabi Yaqin Sharq mamlakatlariga tobora o‘xshash bo‘lib bormoqda.

Yonayotgan sayyora – keyingi 5 yillikda dunyo harorati bo‘yicha ehtimollar

Havo harorati oshishi suv tanqisligini kuchaytiruvchi asosiy omillardan hisoblanadi. Mintaqaning asosiy suv manbasi – qor va muzliklar, ammo ko‘p qismi qor hisobiga shakllanadi. Tog‘lar qishda yog‘gan qorlar evaziga yoz fasli uchun suv saqlash funksiyasini ham bajaradi. Qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik miqdori qisqarib borishi muammoli vaziyatni yanada chigallashtirmoqda va suvni yoz fasli uchun saqlashda jiddiy muammolar yuzaga keltirmoqda. Buning oqibatida asriy muzliklarning qisqarish tendensiyasi davom etyapti.

Yomg‘ir sifatida yog‘adigan yog‘ingarchilik ulushi ko‘payishi va mavsumiy qor erta erishi sabab mintaqada suv toshqinlari va ko‘chkilar kuchayishi kuzatilmoqda. Jumladan, 2022 yilning mart-may oylarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida 15 ga yaqin yirik sel va ko‘chkilar sodir bo‘ldi.

Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi 40 yilda Tojikistonda mavjud bo‘lgan 8 mingdan ortiq muzliklar maydonining 30 foizi, Qirg‘izistondagi 10 mingga yaqin muzliklar maydonining 16 foizi erib ketgan. Shu bilan birga, oxirgi 20-30 yilda mintaqada yog‘ingarchilik miqdori ham sezilarli darajada kamaygan.

Umuman olganda, Tojikiston va Qirg‘izistonning tog‘li hududlarida suv omborlari qurish va umumiy suv zaxiralarini saqlash quyi oqimdagi mamlakatlar uchun ham foydali hisoblanadi. Chunki, u yerda harorat va filtratsiya darajasi ancha past. Ammo bu omildan quyi oqimdagi mamlakatlarga bosim o‘tkazish uchun siyosiy vosita sifatida foydalanish ehtimollari mavjudligi bunga imkon bermaydi.

O‘zbekistondagi suv tanqisligi

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kuzatilayotgan suv taqchilligi ikki yo‘nalishda: birinchi navbatda, aholi ehtiyojlari uchun toza ichimlik suvi yetarli emasligi, shuningdek, qishloq xo‘jaligini suv resurslari bilan taʼminlashda jiddiy muammolar yuzaga kelayotgani fonida yuz bermoqda.

Suv xo‘jaligi vazirligining Kun.uz’ga maʼlum qilishicha, o‘tgan asrning 80-yillarida O‘zbekistonning bir yillik suv isteʼmoli 64 mlrd kub metr deb hisob-kitob qilingan. Shundan 20 foizi respublika ichkarisidagi daryo va soylarga, yer osti suv zaxiralariga, 80 foizi esa qo‘shni respublikalar hududida shakllanadigan transchegaraviy daryolardan olindigan suv miqdorlariga to‘g‘ri keladi. Respublikada foydalanilgan o‘rtacha yillik suv miqdori 2019 yilda – 53,9 mlrd kub metr, 2020 yilda – 51,2 mlrd kub metr, 2021 yilda – 43,2 mlrd kub metrni tashkil qilgan.

Sodda qilib aytganda, aslida suv tanqisligi sabab O‘zbekiston foydalanayotgan suv miqdori hatto o‘tgan asrning 80-yillarida hisoblangan respublika bo‘yicha suvga ehtiyojning 75-80 foiziga ham yetmaydi. Holbuki, o‘tgan davrda aholi soni qariyb ikki baravarga o‘sdi, sanoat rivojlandi va umumiy ehtiyojlar yanada ko‘paydi. Xuddi shunday holat qo‘shni davlatlarda ham kuzatilgani inobatga olinsa, hozirgi sharoitda mintaqada suv manbalaridan foydalanish nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.

O‘zbekistonda 4,3 mln gektar (Markaziy Osiyodagi jami sug‘oriladigan yer maydoni 7,9 mln gektar, bunda O‘zbekistonning ulushi qariyb 55 foiz) sug‘oriladigan ekin maydonlari mavjud. Mamlakatdagi suv resurslarining 90 foizi qishloq xo‘jaligi sohasida ishlatiladi. Shu jihatdan suv resurslari kamayishi mintaqadagi boshqa davlatlarga nisbatan ham O‘zbekiston uchun ko‘proq salbiy oqibatlar bilan xarakterlanadi. Suv tanqisligi qishloq xo‘jaligiga salbiy taʼsir ko‘rsatib, turmush darajasi yomonlashuvi, eksport kamayishi, inflatsiya oshishi, oziq-ovqat mahsulotlari narxi qimmatlashishi va bandlikni taʼminlashda jiddiy muammolar keltirib chiqaradi.

Ekspertlar: O‘zbekistonda meva yetishtirish yaqin yillarda suv tanqisligi tufayli jiddiy cheklanadi

«O‘zsuvtaʼminot” AJ bosh mutaxassisi Anvar Muhammadaliyevning yozishicha, mamlakatdagi suv tanqisligi, o‘z navbatida, toza ichimlik suvi tanqisligiga olib kelmoqda. So‘nggi 15 yil ichida aholi jon boshiga yillik suv hajmi 3048 kub metrdan 1589 kub metrgacha kamaygan. 

Jahon banki tahliliy ko‘rsatkichlariga ko‘ra, 2050 yilga borib O‘zbekistonda suvga bo‘lgan talab 59 kub km.dan 62-63 kub km.gacha oshadi va mavjud suv resurslari 57 kub km.dan 52-53 kub km.gacha kamayadi, bu esa joriy suv tanqisligini (2 kub km.dan 11-12 kub km.gacha) besh barobarga oshiradi. 

Ichimlik suvi taʼminotidan foydalanishda asosiy xavflar chuchuk suvning o‘tkir taqchilligi, foydalanish uchun raqobat, ifloslanishi, qurg‘oqchilik va boshqalardan iboratligi aytilgan.

Yetti hududda yerosti suv sathi 5 metrgacha pasayib ketgani maʼlum bo‘ldi

Kundan kunga jiddiylashib borayotgan ekologik muammolar

Suv manbalaridan noto‘g‘ri foydalanishning eng ayanchli ko‘rinishlaridan biri – Orol dengizi qurishidir. Buning natijasida 5 million gektar maydonda yangi cho‘l – Orolqum paydo bo‘ldi. Dengizning qurigan qatlamidan kelib chiqqan chang va tuzli bo‘ronlar sug‘oriladigan yerlarga ham, aholi sog‘lig‘iga ham taʼsir qilmoqda.

Bu hududda ichimlik suv tanqisligi, xavfli kasalliklar tarqalishi, yashash sharoitlari og‘irlashishi natijasida aholi migratsiyasi ko‘paydi, yovvoyi o‘simliklar va hayvonot dunyosi qirilib ketmoqda.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, faqatgina Markaziy Osiyo davlatlarining birgalikdagi saʼy-harakatlari Orol dengizining yanada qurib ketishining oldini olishi mumkin. Afsuski, mintaqa davlatlari umumiy deklaratsiya va memorandumlarni imzolashdan nariga o‘tmayapti. Orol dengizi muammosini hal qilishdagi muvaffaqiyatsizliklarni uning asosan Qozog‘iston va O‘zbekiston hududida joylashgani va bu respublikalarning «ichki dengizi” hisoblanishi bilan izohlash mumkin. Qolgan respublikalar esa o‘z ichki gidroenergetik siyosati va intensiv qishloq xo‘jaligini rivojlantirishdagi maqsadlari sabab yuzaga kelayotgan katastrofik vaziyatga yetarli darajada eʼtibor qaratayotgani yo‘q.

Qoraqalpog‘istonda kemalar uchun yangi “qabriston” paydo bo‘ldi — fotolar

Orol dengizidan tashqari, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida ham ekologik holat yildan yilga yomonlashishda davom etmoqda. Oxirgi yillarda «Chordara” suv ombori orqali «Arnasoy” suv omboriga kam miqdorda suv tashlanayotgani sababli ko‘llar tizimiga suv faqat kollektor-drenaj tarmoqlaridan kelmoqda va 2005 yildan keyingi davrda suv hajmi 34,46 mlrd. kub metrga, ko‘llarning umumiy yuzasi 320 ming gektarga kamaygan.

Quriyotgan Aydarko‘l – O‘zbekistonda Orol qismati takrorlanishi mumkin

Kadrlar muammosi

O‘zbekistonda suv xo‘jaligi tashkilotlari xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi mamlakatdagi o‘rtacha oyliklarga nisbatan sezilari miqdorda past hisoblanadi. Bu esa suv ishchisi kasbining ijtimoiy mavqeyi va jozibadorligini pasaytiradi hamda yuqori malakali mutaxassislarni ushlab turishga to‘sqinlik qiladi. Isteʼdodli yoshlarda ushbu sohada o‘qish uchun deyarli hech qanday rag‘bat mavjud emas. Ilmiy-tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish tizimi mavjud emasligi, moliyalashtirish yo‘qligi sababli mavjud yaxshi kadrlar ham boshqa sohalarda faoliyat olib borishni afzal ko‘rishadi. Oqibatda sohaga yangi innovatsiyalarni joriy qilish darajasi sekin kechmoqda.

Hozirgi kunda suv infratuzilmasini yanada mustahkam, ko‘proq foyda keltiradigan holatga keltirilishida ko‘plab davlatlarda AI texnologiyalaridan foydalanilmoqda. Ammo sunʼiy intellekt sohasida tajribasi va bilimi bor mutaxassislarga boshqa sohalarda ham, xorijda ham talab yuqori hisoblanadi. Ularni sohaga jalb qilish esa moliyaviy jihatlarga borib taqalaveradi.

Xulosa

Qishloq xo‘jaligida mahsulot yetishtirish ortishi, demografik o‘sish va o‘rtacha harorat oshishi hisobiga bug‘lanish kuchayishi sababli Markaziy Osiyo mamlakatlarida yoz oylariga kelib suv manbalariga bo‘lgan talab ortib bormoqda.

O‘z navbatida, iqlim o‘zgarishi va suv resurslaridan irratsional foydalanish oqibatida mintaqadagi asosiy suv manbalari bo‘lgan muzliklar erishi tezlashgan. Suv tanqisligi o‘tkir va yaqin kelajakda hayot-mamot darajasiga ko‘tarilishi ehtimoli yuqori bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlari umumiy ekotizimni saqlab qolish va ehtimoliy iqtisodiy yo‘qotishlarni kamaytirish uchun bu boradagi ishlarni muofiqlashtirishi hamda o‘z strategiyalarini qayta ko‘rib chiqishi kerak.

Manba: "kun.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: ehtimoliy, qurg‘oqchilik, muammolar, VA, taqchilligi, ekologik, O‘zbekistondagi, SUV, keskinlashayotgan | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz