20:05 O‘zbekistonga yangi sport turi kirib kelmoqda | |
Bugungi kunda butun dunyoda jadal suratlarda rivojlanib, ommalashib borayotgan tekbol sport turi tez orada rasman faoliyatini boshlaydi. Joriy yilning o‘zidayoq O‘zbekiston chempionati bahslarining o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, tekbolga 2014 yilda vengriyaliklar – sobiq professional futbolchi Gabor Borshani hamda kompyuter dasturchisi Viktor Xusar tomonidan asos solingan. Tekbol o‘zida stol tennisi va futbol sport turlarini mujassamlagan. Sodda tilda aytganda, futbol va stol tennisi qorishmasi hisoblanadi. To‘pni birgina qo‘l bilan o‘ynab bo‘lmaydi. Inson tanasining qolgan barcha a’zolari bilan to‘pga teginish mumkin. Faqat to‘pga ketma-ket tananing bitta a’zosi bilan zarba berilishiga ruxsat etilmaydi. Maqsad to‘pni raqib tomon maydonchasiga tushirish. Javob qaytara olmagan taqdirda zarba yo‘llagan jamoaga ochko yoziladi, xuddi stol tennisiga kabi. Xabarga ko‘ra, tarix uchun juda ham qisqa fursat – 6 yil mobaynida tekbol yaxshigina mashhurlik va ommaviylikka erishgan. Bugungi kunda tekbol Lionel Messi, Neymar, Alison, Ronaldino, Luish Figu, Simao Sabroza, Rober Pires, Shon Garne singari mashhur futbol yulduzlarining kundalik mashg‘ulotiga aylangan. “Ayaks”, “Arsenal”, “Chelsi”, “Flamengo”, “Pari-Sen-Jermen”, “Real” kabi klublar tekbolni o‘z mashg‘ulotlariga kiritgan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|