15:04 Odam terisini ishlab chiqaruvchi printer yaratildi | |
Ispaniyalik olimlar 3D-printer yordamida ishlab chiqilgan terini taqdim etdi. Bu teri odam terisi bilan bir xil. Bu haqda Science News Journal’ga tayanib, “Hi-Tech Mail.ru” xabar berdi. Biologik materiallardan teri ishlab chiqarish metodikasini Karlos III Madrid universiteti mutaxassislari Madriddagi Gregorio Maranyona universiteti gospitali, Energetika, atrof-muhit va texnologiya sohasidagi tadqiqotlar markazi va BioDan Group kompaniyasi xodimlari bilan hamkorlikda ishlab chiqdi. Terini printerda chop etish uchun maxsus usulda kiritilgan biosiyohdan foydalanildi. Sun’iy teri odam terisi tuzilishini takrorlaydi. Asosiy qiyinchilik biologik materialni aralashtirish va uni printerga davomiy kiritishning to‘g‘ri metodikasini tanlash bo‘lgan. 3D-printerda chop etish vaqtida turli qatlamlar to‘liq funksional teri olish maqsadida qavatma-qavat joylashtirilgan. Chop etilgan teri epidermis (terining tashqi qavati) ve derma (teri to‘qimasi)dan tashkil topgan. Teri biologik faol, oziqlanadi, yangilanadi, teri elastikligini ta’minlovchi kollagen ishlab chiqaradi. Sun’iy teridan transplantatsiya (ko‘chirib o‘tkazish) maqsadlarida foydalanish mo‘ljallanmoqda. Bu teri chuqur va katta kuyish bilan jabrlangan bemorlarga tezroq tiklanishga, bemorlarning ahvolini yengillashtirishga va bemorning o‘z terisini ko‘chirib o‘tkazishda ortiqcha jarohatlardan xalos bo‘lishiga imkon beradi. Bundan tashqari, sun’iy terida maishiy kimyoviy vositalar va kosmetika mahsulotlarini sinab ko‘rish mumkin. Hozirgi vaqtda sinov hayvonlarda amalga oshirilmoqda.
Manba: "daryo.uz"
| |
|