Главная » 2017 » Январь » 10 » Oiladagi «Zuluk»lar. Ularni davolash shart!
13:00

Oiladagi «Zuluk»lar. Ularni davolash shart!


Odatda ular yo «ish topa olmaydilar», yo bir-ikki oy ishlab, bo‘shab ketaveradilar. Ammo mohiyat bir — ular doim birovning hisobiga yashaydilar. Bekorchi tekintomoqni haqiqiy ishsiz odamdan qanday farqlash mumkin? Oilada shunday bekorchixo‘jalar bilan qanday muomala qilish kerak?

1-voqea

— Qaynonam allaqachon pensiya yoshiga yetgan va astmasi bo‘lsa ham, hamon ishlaydi. Chunki bitta erimning topganiga ro‘zg‘or tebratib bo‘lmasligini biladi. Kap-katta qaynim esa kun bo‘yi kompyuter o‘yinlaridan bo‘shamaydi. Necha marta akasi unga ish top desa, topmadi: munosib ish chiqmayotganmish. Aslida, umuman ish qidirmaydi ham. Qaynonamga achinaman, tezroq bolamni bog‘chaga berib, ishga chiqib ketgim kelayapti, ammo u hali juda yosh, endigina birga to‘ldi. Qaynonam davolanishi va dam olishi kerak. Lekin o‘z o‘g‘li buni tushunmayapti. Nima qilish mumkin?

Malohat

2-voqea

— Akam ota-onamni ham, bizni ham juda qiynab yubordi. Diplomli mutaxassis bo‘lsa-da, tayinli ishning boshini tutgisi yo‘q. Nuqul biznes qilaman deydi-da, chuv tushadi va yana oylab bekorchilik qilib yuraveradi. Ishga bo‘yin yor berib ishlash, biror joyda o‘z malakasini ko‘rsatib, e’tirof olib, keyin mansab pillapoyalaridan ko‘tarilish istiqboli uni qiziqtirmaydi. Tez va oson bo‘lmayaptimi, demak, davom ettirmaslik kerak. Oylab televizor qarshisida o‘tiradi-da, xotini noliyverib qo‘ymagach, yana bir tavakkalga qo‘l uradi va chuv tushadi. Ota-onam uning qarzlarini to‘lashdan qiynalib ketishdi.

Hurriyat

3-voqea

— Qaynsinglim kollejni bitirganiga 3 yil bo‘ldi, guldek hunari bor: tikuvchi. Ammo hech ishlagisi yo‘q. Necha bora ish topib berdik, kirmadi. Turmushga chiqsam, erim boqadi, degan xayolda yuribdi. Uzzukun yo telefonga tikilib o‘tiradi, yo kelinoyilari bilan aytishadi, yo televizor ko‘radi. Axir kim aytdi ayol kishi ishlamasligi, uni eri boqishi kerak deb. Іayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin-ku! Yoshligida ishlab, o‘rganib, malaka oshirib olgani o‘ziga foyda emasmi?

Komila

Ishsizlik emas, dangasalik!

Ushbu uch voqeani birlashtirib turgan yagona muammo — dangasalik. Іa, ishsizlik emas, dangasalik.

Ish qidirish bilan muammo quyidagi insonlarda bo‘lishi mumkin: yosh bolali ayollarda, pensiya oldi va pensiya yoshidagi shaxslarda, maktab, kollej va oliy o‘quv yurti bitiruvchilarida (ya’ni hali tajribasi yo‘q kadrlarda), shuningdek, sog‘ligi bilan muammosi borlarda, nogironlarda. Qolgan ishsizlar esa ish topa olmayotgan emas, ishlashni istamayotganlardir. Albatta, u o‘zini ish izlayotgandek tutadi — gazetalardagi e’lonlarni kuzatib boradi, turli korxona va tashkilotlarga ishga joylashish uchun suhbatlarga boradi. Lekin bu «ish qidirish» jarayoni yillab davom etishi mumkin, afsuski, natija bo‘lmaydi.

Ayrim bekorchixo‘jalar vaqti-vaqti bilan ishga joylashishlari mumkin, biroq bir-ikki oy (ba’zida bir-ikki hafta) ishlab, keyin bo‘shab ketishadi. Sabablar ham odatdagidek: ishi qiyin, rahbariyat uni qadrlamaydi, ishxonadagilar bilan munosabatlar yaxshi bo‘lmadi va hokazo. Ba’zida u sog‘ligidan ham shikoyat qilib qoladi, ammo uning bir tashxisi aniq — tanballik.

Nega ishlashni istamayapti?

Gap shundaki, har qanday bekorchixo‘janing ortida uni boqadigan kimdir turadi. Ko‘pincha ota-ona, umr yo‘ldoshi, aka-uka, opa-singillar boqimandani ta’minlashadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ayollarga nisbatan erkaklar ko‘proq bekorchi bo‘lisharkan. Unga xomiylik qilayotgan yaqinlar dangasaning ishlamayotganiga uzrli sababi bor, deb ishonishadi. Shu sababli ham bu holat yillab o‘zgarmay qolaverishi mumkin.

Ruhshunoslar esa bekorchixo‘jalarni 4 guruhga bo‘ladilar:

«Omadli jentelmenlar». Ular tez va oson boyib ketish payida tavakkalga qo‘l urishadi. Ammo negadir omadlari chopmaydi. Doim qarzga botib yuradilar, qarzlarini esa, tabiiyki, oila a’zolari to‘lashadi. Ikkinchi voqea qahramoni — aynan shunday inson.

«Faylasuflar». Ishlamaslik – ularning hayotiy prinsipi. Go‘yoki o‘z ruhiy dunyolari ustida ishlaydi, kitob o‘qiydi, sayohatlarga chiqishni orzu qiladi, xullas, mehnatdan boshqa har narsaga tayyor. Ayrimlari pulni yovuzlik deb biladi, pul topishga intilayotganlarni hayotini bekorga sarflayotganlarga tenglashtirishadi. O‘zlari bo‘lsa yaqinlariga yuk bo‘lib yashayveradilar va bundan vijdonlari ham qiynalmaydi. Shu sababli «pul – yomon» degan gap «faylasuflar» og‘zining bir chekkasidan osongina chiqib ketadi.

«Chaqaloqlar» — jisman o‘ssa-da, ruhan hamon bola insonlar. Voyaga yetsalar ham, mustaqil hayotni boshlay olmay, ota-onalariga qaram bo‘lib o‘tiraveradilar. Ba’zida ular oila quradilar va endi ota-ona roli turmush o‘rtog‘i zimmasiga tushadi. Umr yo‘ldoshiga bu hol yoqmasa, u yana ota-onasi bag‘riga qaytadi va boshqa «homiy» qidira boshlaydi. Uchinchi voqeamizdagi qaynsingil ana shunday hech katta bo‘lmaydigan chaqaloqlar toifasidandir.

O‘yinparastlar. Bular real hayotdan ajralib qolgan, faqat virtual olam — kompyuter o‘yinlari, internet, ijtimoiy tarmoq va turli messenjerlar bilan yashaydigan odamlar, asosan yosh yigit-qizlar. Virtual hayot ular uchun asosiy o‘ringa chiqqan va real hayotga soya solayapti. Bunga birinchi voqeamiz misol bo‘la oladi.

Bekorchilarni yo‘lga solamiz

  • Avvalo, tekintomoqning moddiy ta’minotini keskin qisqartirish, ikkinchi tomondan uni ish topishga rag‘batlantirish lozim. Masalan, unga ma’lum muddat qo‘yib, shu vaqt tugaguncha moddiy ko‘mak berib turishingizni, ammo ish topishi lozimligini, muddat tugagach, sizdan moddiy yordam umid qilmasligini kelishib oling. O‘zingiz ham ish topishida ko‘maklashing, takliflar bering, toki u rad etolmasin. Bu birinchi voqeadagi bekorchi yigit muammosini yechishda qo‘l kelishi mumkin.
  • Lekin ikkinchi voqeadagi kabi tavakkalchi bekorchixo‘jalarga bunday usul yordam bermaydi, aksincha, zarar keltirishi xavfi bor. Ular yana bir tavakkalga qo‘l urishlari tayin. Bunday insonlar bilan munosabatda biroz ayyorlik talab etiladi. Masalan, biror ishni boshlayman deganda, shart qo‘ying: avval muntazam maosh keladigan ishning boshini tutadi, mayli yarim stavka bo‘lsa ham, u yerda ishlaydi, bo‘sh vaqtida biznesini qilaveradi. Ishlab o‘zi topgan pulni tavakkal bilan havoga sovurishga ko‘zi qiymasa kerak.
  • Uchinchi voqeadagi yosh, tajribasiz, virtual hayot bilan yashayotgan qizning maqsadi muvaffaqiyatli erga tegishmi, demak, buning uchun ishlasin, pul topsin, ham chevar qiz degan nom chiqarsin, ham topgan puliga chiroyli kiyimlar olib kiysin. Iloji bo‘lsa, o‘z yoningizdan mato olib bo‘lsa-da, unga tiktiring, mijozlar topib bering. Bu ham ish bermasa, uyda ishlamay o‘tirib, bir umrga qariqiz bo‘lib qolganlar haqida voqealarni aytib beravering. Xullas, faqat moddiy ahvoli emas, kelajagi, baxti ham ishlashiga bog‘liq ekanini anglasa, albatta, o‘zi ish izlab qoladi.

Shahnoza TO‘RAXO‘JAYEVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Ibratli hikoyalar | | Теги: Davo, Oila, zuluk | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz