19:03 Prezident Qarori bilan O`zbekistonda yangi teleradiokanal tashkil etiladi | |
O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Milliy teleradiokompaniya tarkibida “O`zbekiston 24” axborot-tahliliy teleradiokanalini tashkil etish to`g`risidagi qarorni imzoladi. Bu haqda “Gazeta.uz” nashriga tayanib “Daryo.uz” xabar bermoqda. Xorijda ham muxbirlik punktlariga ega bo`ladigan va butun respublika bo`ylab kun-u tun efirga uzatiladigan yangi kanal ishga tushirilishidan ko`zda tutilgan maqsad aholiga xolis va ishonchli axborot etkazish, mamlakat mediahududini sifatli axborot-tahlil mahsuloti bilan boyitish, mamlakat va xorijda yuz berayotgan siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, madaniyat, fan va sport sohasidagi muhim voqealarni tezkorlik bilan yoritish ekanligi bildirilmoqda. Davlat organlari mas`ul rahbarlarining aholi bilan ochiq va to`g`ridan-to`g`ri muloqotini yo`lga qo`yish, sharhlovchilar, ekspertlar, akademik doiralar vakillarini joylardagi dolzarb masalalar va fuqarolarning muammolarini muhokama etish va hal qilish uchun jalb etilishi ham “O`zbekiston 24” vazifalari sirasiga kiradi. Mazkur qaror bilan “Diyor” telekanali va “Toshkent” radiokanali tugatiladi, ularning chastotalari hamda shtat birliklari yangi kanal ixtiyoriga o`tadi. “O`zbekiston 24” teleradiokanalining shtat birligi 251 kishidan iborat bo`lishi ko`zda tutilgan. “O`zbekiston 24” SD va HD formatlarida raqamli efir ijtimoiy paketiga kiritiladi. Uning HD formatidagi translyasiyasi mamlakatda ushbu formatga to`liq o`tilgunga qadar parallel ravishda UzHD kanalida ham amalga oshiriladi. Yangi kanal yaqin oylarda efirga chiqishi kutilmoqda.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|