2017 yilning 22 avgustidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qiymati 50000 so‘m bo‘lgan banknot ko‘rinishidagi yangi pul belgilarini muomalaga chiqaradi, deya xabar qilindi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy saytida.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qiymati 50000 so‘m bo‘lgan pul belgilari 144 x 78 mm. o‘lchamdagi himoyalangan qog‘ozda tayyorlangan.
Banknotning o‘ng tarafidagi keng oq rangli sathda O‘zbekiston Respublikasi Gerbi va “50000” raqami ko‘rinishida suv belgisi mavjud.
Oq rangli sathning chap tarafidan qog‘oz qatlamida “Darcha” va “3D” effektli yuzaga chiqib, ichkariga botuvchi eni 4 mm. bo‘lgan himoya ipi o‘tkazilgan.
Banknot old tomonining markazida Mustaqillik maydonidagi «Ezgulik» arkasi tepasidagi parvozga shaylangan laylaklar tasvirlangan.
Chap yuqori qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” yozuvi mavjud. Ushbu matn «O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI» so‘z birikmali takrorlanuvchi mikromatnli chiziq bilan ajratilgan.
Mikromatnli chiziq ostida «O‘ZBEKISTON SO‘MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO‘LOVLAR UChUN O‘Z QIYMATI BO‘YIChA QABUL QILINIShI ShART» matni aks etgan.
Matn ostida to‘q yashil rangdagi O‘zbekiston Respublikasi Gerbi tasvirlangan.
Banknot chap tarafining pastki qismida 50000 raqami va «ELLIK MING SO‘M» yozuvi mavjud bo‘lib, banknotning qiymatini bildiradi.
Yuqoridagi barcha tasvirlar va yozuvlar bo‘rtib turadi, ushlab ko‘rilganda seziladi.
Markazda O‘zbekiston Respublikasining hoshilangan xaritasi joylashgan bo‘lib, uning foni «O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI» so‘z birikmali takrorlanuvchi mikromatn ko‘rinishida ishlangan.
Chap taraf pastki qismidagi va oq rangli sathda joylashgan “50000” raqamlari tepasida yettita raqamli nomeri bilan ikki lotin harfidan iborat seriyasi joylashgan.
Oq rangli sathning yuqori qismidagi maxsus belgi arka tasviri ko‘rinishida bo‘lib, yorug‘likka qaratilganda arkaning rangi banknot orqa tomonidagi rangli fon bilan to‘ldiriladi.
Arkaning ostida banknot chiqarilgan yil “2017” ko‘rsatilgan.
Oq rangli sathning pastki qismida ko‘rish burchagiga qarab rangini bronza rangidan yashil rangga o‘zgartiruvchi va ushlab ko‘rilganda bilinadigan bo‘rtib turuvchi “50000” raqami mavjud.
Banknotning orqa tomoni chap qismidagi oq rangli sathda suv belgilari ko‘rinadi. Oq rangdagi sathning yuqori qismida arka tasviri mavjud bo‘lib, yorug‘likda ko‘rilganda banknot old qismidagi tasvir bilan bir-birini to‘ldiradi.
Banknotning markazida “ANJUMANLAR SAROYI” me’moriy binosi tasvirlangan.
Tasvirning yuqori chap burchagida bir-birini kesib o‘tuvchi “50000” va “SO‘M” yozuvlari mavjud bo‘lib, ularning tepasida banknotning qiymati so‘z bilan “ELLIK MING” ko‘rsatilgan.
Shuningdek, banknot qiymati “50000” ko‘rinishida yuqori o‘ng va pastki chap burchaklarda aks etirilgan.
Ostki fon nafis chiziqlar qo‘llanilgan holda ishlangan milliy naqshinkor bezaklar va bo‘rtib turgandek taasurot uyg‘otuvchi banknot qiymati ko‘rinishidagi raqamli tasvirlardan iborat.
Pastki qismida “O‘ZBEKISTON SO‘MINI QALBAKILAShTIRISh QONUNGA MUVOFIQ TA’QIB QILINADI” matni joylashgan.
Muomalaga chiqarilayotgan qiymati 50000 so‘m bo‘lgan pul belgilari, ayni paytda muomalada bo‘lgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va aholi tomonidan o‘z qiymati bo‘yicha barcha turdagi to‘lovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.