18:57 Rossiya o‘ziga “do‘st bo‘lmagan” davlatlarni e’lon qildi | |
Rossiya hukumati mamlakat bilan do‘stona munosabatda bo‘lmagan xorijiy davlatlarning ro‘yxatini tasdiqladi. Tegishli hujjat huquqiy ma’lumotlarning rasmiy Internet portalida e’lon qilindi. Bu haqda “Anadolu” yozmoqda. Ro‘yxatga ikkita davlat kiritilgan: AQSH va Chexiya. Hujjatga binoan, Chexiya o‘zining diplomatik vakolatxonasi uchun 19 dan ortiq rus diplomatlarini yollashi mumkin, Qo‘shma Shtatlar esa bitta ham emas. Aprel oyi boshida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasi manfaatlari va xavfsizligini himoya qilish maqsadida boshqa davlatlarning do‘stona bo‘lmagan qadamlariga qarshi turish to‘g‘risida farmonni imzolagandi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chexiya 18 nafar rus diplomatini josuslikda ayblab, mamlakatdan chiqarib yuborilishini e’lon qildi. Chexiya hukumati Rossiya razvedkasini mamlakat janubi-sharqida joylashgan Zlin mintaqasi Vrbetitse qishlog‘idagi o‘q-dorilar omborlarida sodir bo‘lgan portlashlarga aloqador, deb hisoblamoqda. Portlashlar 2014 yil 16 oktyabr va 3 dekabr kunlari sodir bo‘lgan. Birinchi portlash ikki kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Chexiya politsiyasi 2014 yil oktyabr oyining birinchi yarmida Praga va Zlin viloyatiga tashrif buyurgan ikki kishini qidiruvga berdi. Ular Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov nomidagi rus pasportlaridan, shuningdek Nikolay Popa nomidagi Moldova pasporti hamda Ruslan Tabarov nomidan Tojikiston pasportidan foydalangan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|