17:10 Rossiyalik reper buxorolik Azim Abdullayevga "Mercedes"ini topshirish uchun O‘zbekistonga keldi | |
Rossiyalik reper Morgenshtern buxorolik Azim Abdullayevga Mercedes avtomobilini topshirish uchun Toshkentga keldi. Bu haqda xonanda "Instagram"dagi sahifasida ma’lum qildi. Reper Hilton mehmonxonasi oldida qisqa video suratga olib, afsonaviy «Merin»ni tanlov g‘olibiga topshirish uchun kelganini aytadi. 9 dekabr kuni Azim Abdullayev Instagram’dagi sahifasi orqali Morgenshtern tez kunda O‘zbekistonga kelib, unga Mercedes’ni topshirishini ma’lum qilgan edi. Eslatib o‘tamiz, rossiyalik taniqli reper va bastakor Alisher Valiyev (taxallusi Morgenshtern) 18 oktyabr kuni Instagram’da Mercedes-Benz E200 mashinasi uchun tanlov o‘tkazgan va unda Buxoroda yashovchi @aza_1002 akkaunti egasi Azim Abdullayev g‘alaba qozongan edi. Morgenshtern o‘shanda g‘olib bilan bog‘langan va avtomobilni shaxsan o‘zi O‘zbekistonga olib kelishini ma’lum qilgan. Keyinroq musiqachi O‘zbekistonda xorijda ishlab chiqarilgan mashina uchun belgilangan bojxona to‘lovlari miqdoridan xabar topgach o‘z stories’ida videoxabar qoldirgan. «O‘zbekistonda mashina uchun bojxona to‘lovi qancha ekanini bilasizmi? Uning narxi mashina narxiga teng ekan», — degan Morgenshtern. Reper chegaralar yopiqligi va mashinani mamlakatga olib kirish qimmatligi sababli uni yetkazib berishda hukumatdan yordam so‘ragan. Musiqachi bloger Yuriy Dudga bergan intervyusida Mercedes-Benz’ni tanlov g‘olibiga yetkazib berish uchun yana 2 million rubl to‘lashi kerakligini aytgan. Mercedes-Benz’ning yana bir xalqona nomi «Merin», qo‘shiqchi o‘z kompozisiyalaridan birini ushbu mashinaga bag‘ishlagan (unda haqoratli so‘zlardan ko‘p foydalanilgan), qo‘shiq Youtube’da 85 million martadan ko‘proq ko‘rilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Morgenshtern mashina uchun 4 million rubl (taxminan 51 ming AQSh dollari) sarflagan.
Manba: "aniq.uz"
| |
|