16:01 Sevadi-yu, xiyonat qilishdan to‘xtamaydi... | |
— Bundan o‘n yetti yil avval sevishib, sinashib oila qurganmiz. Uch nafar farzandimiz bor. Erim avtomoshanasida vodiydan poytaxtga qatnab tirikchilik qiladi. Topish-tutishi yaxshi, balki shu narsa ham tinimsiz xiyonatlariga sabab bo‘lar... Uyga kelganida ham qo‘lidan telefoni tushmaydi. Nuqul qandaydir ayollar bilan gaplashgani-gaplashgan. Hatto bir necha marta ularga erimni tinch qo‘yishini aytib ham ko‘rdim. Bari befoyda. Boshqa haydovchilar ikki-uch marta borib qaytganida ham erim mijoz yo‘qligini bahona qilib, poytaxtda yuraveradi. «Axir siz bilan ketgan sheriklaringiz ikki marta borib kelishdi-ku», desam, «Sen aralashma, o‘zim bilaman», deydi. Mashinasiga o‘tirgan ayollarnining boshini aylantirib, uch-to‘rt oy ko‘ngilxushlik qiladi. Zerikkach, ikki haftacha tinch yuradi, keyin yana eski «qilig‘i»ini davom ettiraveradi. Nima qilishni ham bilmay qoldim. Ajrashman desam, «Seni sevaman, sensiz yashay olmayman», degan gaplarni eshitaman. Bu ahvolda yashashni ham istamayman. Kasbini o‘zgartirishga ko‘nmaydi. Chunki boshqa ish qo‘lidan kelmaydi, viloyatimizning o‘zida kirakashlik qilishga ham ko‘nmaydi. Bunday yashash jonimga tegdi. Erimni bu yo‘ldan qaytarishni xohlayman. Ismi sir tutildi. Qaynonajon: — Uch farzandning ota-onasi bo‘lib ham bir-birini tushunolmaslik og‘ir. Erkak ko‘chaning odami, deyishadi. Bu gap rost. Biroq biz buni tan olgimiz kelmaydi. Kim bilan gaplashadi, mashinasiga kimlarni o‘tkazadi, qaerlarga olib boradi… Ohho, bu so‘roq-savollarning adog‘i yo‘q. Bu bilan sizni ayblamoqchi emasmiz. Tirikchilik ilinjida erkaklarimiz ne ko‘chalarga kirishmaydi, deysiz. Ammo meni hayratga soladigan bir fikr bildirgansiz, u kishining mashinasiga o‘tirgan barcha ayollar ahloqsizmikan? Nahotki? Ko‘pchilikni bu toifaga kiritib xato qilmayapsizmi? Yo‘lda yurganning ham o‘z tashvishi, yumushlari bor, axir. Bu achchiq so‘zlarni ko‘ngilga olmang-u, ona qizim, tafakkur qilib ko‘ring. Zero, haqiqat achchiq bo‘ladi. Mijozlarini yo‘qotmaslik uchun telefon almashib, hol-ahvol so‘rab tursa kerak. Bozor sharoitida ko‘chada rizq topish oson ekanmi? Siz u kishidan mehringizni ayamang. Behuda rashk erkakni uydan bezdiradi. Mabodo shunday harakatlari bor bo‘lsa ham, bilmaganga oling, o‘zlari vijdoni qiynalib, xijolat bo‘lishlari tabiiy. Bolalarni bag‘ringizga bosib, oilangiz — umrlik qo‘rg‘oningizni mustahkam saqlang. Sizga tinchlik-totuvlik, ayollik va onalik baxtini tilab qolamiz. Shahnoza XALILOVA, ruhshunos: — Turmush o‘rtog‘ingizda ruhiy muammolar bor. Palapartish hayot kechirayotganidan g‘ayrishuuriy tarzda nimanidir izlayapti degan xulosaga kelish mumkin. Aynan nimaligini uni ko‘rmay turib aytish qiyin. Buni xuddi alkogol, tamaki yoki narkotik vositalarga bo‘lgani singari qaramlik deb qabul qilish lozim. Shuningdek, er-xotin munosabatlarida ham muammo mavjuddek. Agar eringizdan bu ishlarga chek qo‘yishini talab qilsangiz, uni nazoratga olib, har bir ayol mijozi bilan janjallashib chiqsangiz, vaziyat yanada murakkablashishi mumkin. Turmush o‘rtog‘ingizga ruhan yaqinlashishni maslahat beraman. Buning uchun o‘zingizni kuzatib, doim qiladigan xatolaringizni, uni asabiylashtiradigan so‘zlar va hatti-harakatlaringizni takrorlamaslikka intilishingiz lozim. Shuningdek, turmush o‘rtog‘ingizning xiyonati sizda qanday tuyg‘ularni uyg‘otayapti? G‘azabmi, xo‘rlikmi, achchiqlanishmi, shuni aniqlang. Toki bu tuyg‘ulardan xalos bo‘lmas ekansiz oldinga siljishingiz dargumon. Ammo bari birgina urinishda iziga tushib ketishiga umid qilish noto‘g‘ri. Har qanday munosabatlar ham muntazam mehnatni talab qiladi. Saodat OChILOVA yozib oldi.
Manba: "darakchi.uz"
Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @tarona_tv manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin. Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat! Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi! Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz! | |
|