22:59 “Ayolimni rozi qilish uchun barchasini qildim, ammo...” – Xiyonat girdobida qolgan erkak hikoyasi | |
“Yoshim 36da. Gulday kasbim bor. Ikki marta oila qurgan bo‘lsam-da, ikkisidan ham xiyonat ko‘rdim. Ayollar vafoli bo‘ladi, eriga kamdan-kam hollarda xiyonat qiladi, deb o‘ylarsiz. Men ham shunday fikrda edim. Birinchi oilamdan ro‘shnolik ko‘rmagach, ikkinchisidan halovat topaman, deb o‘ylagandim. Ammo unday bo‘lmadi”.Hayotda har kim o‘zi uchun to‘g‘ri deb bilgan yo‘ldan yuradi. Alloh tomonidan berilgan sinovlardan qanday o‘tish insonning o‘z tanloviga bog‘liq. Umr atalmish uzoq safarda inson yorug‘ va zulmatli kunlarni boshdan kechiradi. Kimlardir og‘ir damda sabr ila yashasa, ba'zilar boriga qanoat qilishni unutib qo‘yishadi. “Hayotiy hikoyalar” ruknining navbatdagi qahramoni Navoiy viloyatidan. “20 yoshga kirmasimdan uylantirib qo‘yishdi” Navoiy viloyatidanman. Yoshim 36da. Ko‘p yillardan beri mexanik bo‘lib faoliyat yuritaman. Topish-tutishim yaxshi. Taqdir taqozosi bilan ikki marta oila qurdim. Birinchi uylanganimda endigina 19 yoshga kirgandim. Texnikumni endi tugatib, ishga joylashgan vaqtlarim edi. Onam uylantirish payiga tushib qoldi. Xohish-istaklarimni hisobga olmay bizga qarindosh bo‘lgan qizga uylanasan, deb turib oldi. Shu tariqa oila qurdim. Kunlar bir tekisda o‘taverdi. Bu orada ayolim o‘zini g‘alati tuta boshladi. Bir yigit bilan telefonda gaplashadigan bo‘ldi. Oldin yashirincha, keyin ochiqchasiga telefon qilib, men go‘shakni ko‘tarsam ayolimni so‘rardi. Bu gapni ota-onamga aytganimda, onam tinchligimiz uchun ko‘z yumishimizni aytdi. Tabiiyki, jahlim chiqdi. Har qanday erkak bunga chidab turolmaydi. Shunday bo‘lsayam, ko‘nglini olishga harakat qildim. Bo‘lmaydigani bo‘lmas ekan: nimadandir janjal chiqarib, uyiga ketib qoldi. To‘qqiz oy birga yashadik. Qarindoshlar yarashtirishga harakat qilishdi. Ammo ko‘zidan xohlamayotgani bilinib turardi. “Qizim va men bir-birimizni tanimaymiz” Birinchi ayolimdan qizim bor. Yaqinda 16 yoshga kiradi. U buvisinikida yashaydi. Biz bir-birimizni tanimaymiz. Chunki bunga har xil sabablar bor. O‘sha paytlari 20 yashar yigit edim. Otalik mas'uliyatini unchalik his qilmasdim. Birinchi turmushimiz omadsiz bo‘lishida uning ham, mening ham aybimiz yo‘q. Ajrashishimga sababchi bo‘lgan yigit keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, uyimgacha kelgan ekan. Farzand meniki ekanligiga shubha qildim. To‘g‘ri, bolada ayb yo‘q, biroq erkaklik g‘ururimdan o‘tolmay qizimni bag‘rimga bosolmadim. Farzand meniki yoki boshqasiniki ekanligini ayolimdan so‘rolmasdim. Og‘ir gapni ko‘tarolmasdim. Shu paytgacha qizimning alimentini to‘lab kelyapman. Lekin otalik mehrini berolmadim. Lekin ba'zi vaqtlarda o‘qiydigan maktabiga borib, uzoqdan ko‘rib kelganman. Bo‘lgan ishlarda ikkalamiz ham aldanganmiz, deb o‘ylayman. Yaxshi ko‘rgan yigitiga juda ishongan edi, men esa unga. Hozir ayolim umuman boshqa insonga turmushga chiqib, bolalari bilan boshqa shaharda yashashyapti. “Ikkinchi turmushim bir tekisda ketayotgan edi, agar...” Birinchi turmushimdan ajrashgach, salkam to‘rt yil faqat ishladim. Qayta oila qurish haqida o‘ylamasdim. Ichish, chekishga ruju qo‘ydim. Ish vaqtida ham ichkilikni qo‘ymasdim. Keyin ishdan bo‘shatishdi, olti oy ishsiz qolib ketdim. Ishga tiklangach, o‘zgardim va yana avvalgi holatimga qaytdim. 2007 yil oktyabrda buvim bir qiz bilan uchrashtirdi. Gaplashdim. Bama'ni qiz ekan. Roziligimni aytdim. To‘y o‘tdi. Bir necha yildan keyin o‘g‘illi bo‘ldik. Onam bir kuni ayolimni ishga joylashtirib qo‘yishini aytdi. Onamning gapini ma'qullamadim. O‘zim ro‘zg‘orni eplardim. Ayolim farzand tarbiyasi, uy ishlarini eplasa bo‘ldi edi. Yo‘q, deyishimga qaramasdan onam ayolimni obodonlashtirish boshqarmasiga ishga kirgizib qo‘ydi. Ishlay boshladi, keyin ikkinchi o‘g‘limizga homilador bo‘ldi. Tug‘ruq ta'tilidan so‘ng ishini davom ettirdi. Ishlay boshlaganidan so‘ng fe'li o‘zgara boshladi. Avvallari janjallashmasdik. Turli arzimas sabablar bilan tez-tez tortishadigan bo‘ldik. Undan tashqari, o‘zining telefonidan tashqari yana mendan yashirib boshqasini ishlata boshladi. Meni bilmaydi, deb o‘yladi. Lekin telefoni qo‘ng‘iroqlarni avtomatik yozib olardi. U bularni bilmasdi. Xolavachchasi bilan men bilmaydigan telefon haqida gaplashganini eshitib qoldim. Ovozni o‘ziga eshittirganimdan keyin tan oldi. Yaxshilab o‘zi bilan gaplashdim, o‘rtada farzandlar borligini tushuntirdim. Lekin u bundan xulosa chiqarmadi. “Ayolim ustimdan portalga yozdi. Shundan keyin haqiqiy hangoma boshlandi” 2017 yilning boshlari edi. Ayolim ustimdan shikoyat qilib, alohida uy berishlarini so‘rab, portalga murojaat jo‘natgan ekan. Bundan umuman xabarim yo‘q edi. Bir kuni ishdan kelsam, ayolim, onam o‘zlarida yo‘q xursand bo‘lib o‘tirishgan ekan. Hayron bo‘lib so‘rasam, ayolim portalga murojaat qilganini va kreditga ikki xonali uy berilishini aytdi. Nimaga ustimdan shikoyat qilib ariza yozding, deb so‘rasam, mayli, qo‘yavering, bahonada arzon uy-joyli bo‘lamiz, deb javob berdi. Ko‘nglim juda g‘ash bo‘ldi negadir. “Biron noxushlik bo‘lishini sezgandim” Uyli bo‘lganimizdan keyin ayolimning g‘alati qiliqlari ko‘paya boshladi. Ertalabdan kechgacha ishda bo‘lardim. Shundan foydalanib, yangi uyga ketib qoladigan odat chiqardi. Onam vafot etganidan so‘ng otam o‘zi qolib ketdi. Insult kasalligi bo‘lgani uchun kimdir unga qarashi kerak edi. U esa otamga qaramasdan ketib qolardi. Ko‘nglimga shubha oralay boshladi. Ishxonadan dam olishga yo‘llanma berishgandi. Shu sababli uyda emasdim. Bir kuni ayolim uyga o‘g‘ri tushganini, tez yetib kelishim kerakligini aytib qo‘ng‘iroq qildi. Darrov yetib borib, kameralarni tekshirdim. Lekin hamma joyga ham kamera o‘rnatilmagan ekan. Keyin dadam aytdi: “O‘g‘lim, uyga hech qanaqa o‘g‘ri tushmadi, men borgandim. Xotiningni ortidan poylab borgandim. O‘g‘lim, xotiningni yurishi boshqacha. Yig‘ishtirib ol”, deb aytdi. Xotinimdan nima uchun u yerga borganini so‘rasam, aliment uchun kerakli hujjatlarni olishga borganini aytib o‘zini oqladi. “Ajrashmasdan aliment to‘lay boshladim” Ayolim bilan ajrashmasdan turib, bolalarimga aliment to‘lay boshladim. Xotinim aliment undirish uchun ariza yozib bergandi. Ajrim bo‘lmasa ham aliment to‘ladim. Shunaqasiyam bo‘larkan. Xotinim pul jinnisi edi. Oyligimni olib kelib bersam ham pul so‘rab holi jonimga qo‘ymasdi. Shuning uchun bolalarga aliment to‘lardim va pulning hammasini ayolim ishlatardi. Pulni naqd ko‘rinishda olishi uchun idoraga borib hujjatlarini to‘g‘rilash kerak edi. Kerakli hujjatlardan biri ikki xonali uyda qolib ketgan ekan. U shuni olish uchun borgan va o‘g‘ri tushgani haqida menga xabar qilgandi. “Vaziyat o‘nglanmadi, battarlashib boraverdi” Men ishga ketishim bilan ayolim narigi uyga ketib qolardi. Bolalar, dadam osh-ovqatsiz qolib ketishardi. Nega ketib qolasan, deb so‘rasam, menga shu joy qulay. Hovli uyda yashamayman, deb turib oldi. Keyin dadam ham oilamiz buzilmasligi uchun birga yashanglar, dedi. Dadamni kasal holida katta hovlida tashlab ketolmasdim. Uning aytgani bo‘lmagani uchun uyda doim janjal ko‘tarardi. Bir necha marta o‘sha uyga ketib qoldi, barchasiga ko‘z yumib qaytarib olib keldim. Foydasi bo‘lmadi. Bitta o‘g‘limni olib ketib qoldi. “O‘rtada bolalarim qiynalyapti” Ikkalamiz janjallashib o‘rtada farzandlarni sarson qildik. Begunoh farzandlarimiz qiynalishyapti. Munosabatlarimiz sovuqlashgani ularga qattiq ta'sir qila boshladi. O‘g‘lim menga ishda bo‘lgan paytimda uyda nima bo‘lganini aytib berardi. Xotinim “IMO”da begona erkaklar bilan gaplasharkan. Bola tilidan bu gaplarni eshitish og‘ir. Ayolim men bilan janjallashib, kichik o‘g‘limni olib “dom”dagi uyga ketib qoldi. “Ajrashish juda qiyin jarayon. Bundan faqat bolalarim azob chekyapti” Ayolimning har qanday qiliqlariga chidab keldim, lekin xiyonatiga emas. Ajrashish uchun ariza berdim. Birinchi sud yaqinda bo‘lib o‘tdi. Keyingi sudgacha yarashib olish uchun 5 oy muhlat berildi. Bolalar tarbiyasiga xotinim juda salbiy ta'sir qilyapti. Xulqi hech qaysi qolipga sig‘maydi. Bolalarimni unga topshirishni istamayman. Ajrashtirishni so‘rab prezident portaligacha murojaat qildim. Militsiyaga arz qilib borsam, ular ustimdan kulishdi. Meni hech kim eshitmayapti. Boshimga tushganidan keyin bildimki, bizda ajrashish jarayoni juda qiyinlashtirib yuborilgan. Barcha ajrim holatlariga bir xil usul qo‘llanmasligi kerak. Mening holatimda ajrashishdan boshqa yo‘l yo‘q. Yarashishga umuman sabab yo‘q. Ajrim jarayoni uzayib ketavergani sari o‘rtada bolalarim qiynalyapti.
Manba: "kun.uz"
| |
|