Главная » 2017 » Апрель » 22 » Shahzoda Muhammedovani soxta deyishsa, nega jahli chiqadi?
10:43

Shahzoda Muhammedovani soxta deyishsa, nega jahli chiqadi?


Ba’zi insonlar bilan soatlab gaplashib ham, u to‘g‘risida yetarlicha taassurotga ega bo‘lmaslik mumkin. Lekin boshqa odamlar haqida kerakli ma’lumotni olish uchun 5 daqiqa kifoya qiladi. “#BeshSavol” deb nomlangan yangi loyihamizda san’atkorlarning ichki olamiga shu qisqa fursatlarda sayohat qilamiz va 5 ta savol berib, javobini sizga havola qilamiz.

Loyihamizning ilk mehmoni aktrisa va dizayner Shahzoda Muhammedova.

1. Instagram’da juda faol san’atkorlardan birisiz, hayotingizdagi eng kichik voqealarni ham muxlislaringiz bilan bo‘lishasiz. “San’atkor biroz sirli bo‘lishi kerak”, “xalqni sog‘intirib turishi lozim”, degan fikrlarga qo‘shilmaysizmi?

– Bu fikrlarga qo‘shilaman. Biroq ushbu qarashlar mening xarakterimga mos kelmaydi-da. Tabiatan dilidagi tilida bo‘lgan, ko‘ngli ochiq insonlar qatoriga kiraman. Sirli, odamlardan qochadigan, ta’bir joiz bo‘lsa, “ichimdagini top” deydigan insonlar bilan unchalik chiqisha olmayman. Aksincha, hayotim va ijodimda ro‘y berayotgan barcha qiziq voqealarni tafsilotlari bilan muxlislarimga yetkazish menga yoqadi. Hech kimdan hech narsani berkitmayman.


2. “Asal oyi” filmidagi ishtirokingiz ko‘pgina shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Hattoki “Azamat Ahrorov bilan munosabatlari yaxshi emas ekan, nega kinoda birga o‘ynashga rozi bo‘ldi”, deganlar ham uchradi. O‘zingiz bunga nima deysiz?

– Film rejissyori Jahongir Ahmedov ustozim bo‘ladi. Uning loyihasida, kim bilan birga o‘ynashimdan qat’i nazar, bajonidil ishtirok etaman va hech qachon rad qilmayman. Birinchi o‘rinda bu mening ishim va kasbim. Unga shaxsiy munosabatlarimni aralashtirmayman. Hayotda qanday aloqada bo‘lmay, filmda istalgan inson bilan birga rol ijro etishim mumkin. Ayniqsa, bu ustozimning kartinasi bo‘lsa. Azamat Ahrorovmi yoki Adiz Rajabov – ular bilan biz suratga olish jarayonida faqatgina hamkasblarmiz va do‘stlarmiz. Ularni hurmat qilaman. Boshqa narsalarga e’tibor bermayman.

3. Sizni “piar”ga o‘ch deb bilishadi. Ayniqsa, shaxsiy hayotingiz haqidagi postlaringiz bunga sabab. Jumladan, sirli oshiq mashinangizga qo‘yib ketgan gul va sovg‘alar.Umuman,“piar”ga munosabatingiz qanday?

– Yo‘q unday emas. To‘g‘ri, filmlar kassabop bo‘lishi uchun rejissyorlarning iltimosiga ko‘ra, turli “piar”larda qatnashishim mumkin. Masalan, Azamat Ahrorov yoki Otabek Mutalxo‘jaev bilan to‘yim bo‘layotgani haqidagi gaplar aslida “piar” edi. Bu faqatgina yangi kinoga tomoshabinni qiziqtirish uchun o‘ylab topilgan. Biroq keyinchalik shuni tushundimki, bu kabi “piar”lar tomoshabinda noto‘g‘ri taassurot uyg‘otadi. Ular yolg‘on gaplarga ishonib qolishadi. Ammo meni yaqindan bilgan insonlarning fikri o‘zgarmaydi. Ijtimoiy tarmoqlardagi barcha postlarim esa faqat haqiqat.

4. Kameralar haqidagi fikringiz shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Postingiz so‘ngida “Adolatli shtraf qo‘yilsin aholiga”, deb yozgansiz. Bu bilan kameralar nohaq ishlayapti, demoqchimisiz? Balki aynan kamera qaydlari tufayli sizning mashina boshqaruvidagi kamchiliklaringiz ko‘zga tashlanib qolgandir?

– Men bu postni o‘zimni o‘ylab yozmadim. Menimcha, kameralarning o‘rnatilgani xalqqa qiyin bo‘ldi. Turli haydovchilar bor. Misol uchun, avtomobil boshqarishni endi o‘rganayotgan, mashinani ijaraga olib, kirakashlik qilayotgan va shu orqali oilasini boqayotgan odamlar ham ko‘p. O‘zingiz tassavur qiling, agar bir oyda 4-5 bor jarima to‘lashiga to‘g‘ri kelsa, ular oilasini qanday boqadi? To‘g‘ri, xato qilgani uchun kameraga tushadi, deyishingiz mumkin. Lekin hamma ham xato qiladi, ayb qiladi. Mening fikrimcha, kameralar emas, YPX xodimlarining o‘zlari xato qilgan haydovchilarni to‘xtatib, jarima solishsa, adolatdan bo‘lar edi.

5. Sizni soxta deyishsa, jahlingiz chiqib ketadi. Balki tomoshabinlarning bu fikrida jon bordir.

– Nega bunday o‘ylashlarini tushunmayman. Agarda tashqi ko‘rinishimni nazarda tutishsa, yuzimni plastik operatsiya qildirmaganman. Ko‘pchilik linza taqadi, deb o‘ylaydi. Ko‘zimning rangi och yashil. “Tundan tonggacha” filmida qora edi-ku”, deganlar ham bo‘lgan. Unda kino tunda tasvirga olingan. Kechki payt yoki kiyim ranglariga qarab, ko‘zimning rangi o‘zgaradi, ya’ni to‘qroq tusga kiradi. Lekin linza taqmayman.

Agarda xarakterimni soxta deyishsa, aksincha, men o‘zimda tabiiylik ko‘p, deb hisoblayman. Tabiatan shunaqa quvnoqman, ba’zan erkatoyman. Filmlarda ham o‘zimdan boshqa odam yasamayman. Aslida qanday bo‘lsam, shunday rol ijro etaman.

Shahzoda Muhammedova kabi ochiqko‘ngil, samimiy, sho‘x-shaddod aktrisa bilan bo‘lgan 5 daqiqalik suhbat davomida uni qaytadan kashf qilgandek bo‘ldik. Undagi hayotga ishonch, ijobiy fazilatlar va kurashuvchanlik tark etmasin deymiz.

Loyiha haqidagi fikrlaringizni kutib qolamiz, unda yana kimlarni ko‘rishni istardingiz?

Sumbula


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: soxta deyishsa, jahli chiqadi, Shahzoda Muhammedova, NEGA | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz