08:05 «Shaxsiy mashinam yo‘q. Pulim yetmaydi mashina olishga» – Alisher Qodirov | |
«Milliy tiklanish» partiyasi Markaziy kengashi raisi, deputat Alisher Qodirov «UzAuto Motors»ni himoya qilib chiqqanidan so‘ng, uning o‘zi tanqidlar ostida qolgandi. Jumladan, deputat va TROLL.UZ blogi muallifi Umid G‘ofurov o‘rtasida keskin bahs yuzaga kelgandi. Ma’lum bo‘lishicha, ular bugun uchrashib, gaplashib olishgan. Bloger uchrashuvdagi suhbatning ayrim qismlarini e’lon qildi. «Bugun soat 16:00 larda Alisher Qodirov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Taxminan 1 soatcha suhbatlashdik. Video, audio yoki rasm yo‘q. Chunki Oliy Majlis binosiga telefon bilan kirishning imkoni yo‘q. Soatlarimgacha topshirdim. Suhbatimiz uzoq bo‘lmadi, lekin ba’zi savollarni berdim. Yonimda telefonim bo‘lmaganligi boiz, xotiramda qolganicha yozyapman», deydi bloger. 1. - Mashinangiz qanaqa? - Shaxsiy mashinam yo‘q. Pulim yetmaydi mashina olishga. Xizmat mashinasi – «Malibu 2».
2. - Oylik daromadingiz qancha? - 5 mln so‘mdan sal o‘tadi. Barcha premiyalari bilan birga. Sof oylik 3,8 mln atrofida. 3. - Nega «UzAuto Motors»ni maqtadingiz? - Men ularni maqtaganim yo‘q. Shunchaki 34 trln so‘mli YaIM dan voz kechish noto‘g‘riligini aytdim. Men asta-sekinlik bilan uni transformatsiyalash tarafdoriman. Zavod juda ko‘p kamchiliklarga ega. Ularni bartaraf qilish zarur, ammo uni yopib, «rastamojka»ni ochish yo‘li bilan emas. Mana, transformatsiya qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Keyinchalik faqat elektromobil ishlab chiqarishga moslashtiriladi. Boshqa turdagi mashinalar «rastamojka»si ochilishiga ishonaman. 4. - Rasul Kusherbayevga munosabatingiz? - U bizning partiyamizga a’zo bo‘lishini istayman. Uni juda hurmat qilaman. - Unda nega uning «UzAuto Motors» haqidagi fikriga qarshi chiqdingiz? - Bu normal holat. Partiya ichida ham barcha fikrlar bir xil chiqmaydi. Qaysidir fikrlar to‘qnashadi. 5. - Ko‘pchilik mendan yangi partiya tuzishni iltimos qilmoqda. Bunga qanday qaraysiz? Partiya ochish imkoni bormi o‘zi?
- Albatta. Agar kirishilsa uddalasa bo‘ladi. Faqat yangi partiya tuzilgani bilan, odamlarimiz o‘sha-o‘sha. Ularni o‘zgartirishimiz kerak. Shunday niyatinigiz bo‘lsa, bizni partiyaga a’zo bo‘ling, deputat bo‘ling. Biz xursand bo‘lamiz. Bizni qo‘llab quvvatlang. Xalq partiyani toshbo‘ron qilgani bilan muammolar yechimini topmaydi. Birgalashib yechim topishimiz kerak. 6. - Biror bir partiya bilan hamkorlik qilsam, odamlar meni tushunishmaydi. Ishonchlarini yo‘qotaman. - Nega shunday? Partiya - mening xususiy firmam emas. Men bu yerda vaqtincha ishlaydigan odam. Partiya xalqniki. Partiyani xalq boshqarishi kerak. Talab qila olishi kerak. Hamkorlikdan hech kim zarar ko‘rmaydi. Hammamiz o‘z imidjimizni o‘ylab yashayversak kimga foyda? Ertaga siz mening o‘rnimda partiya raisi bo‘lishingiz mumkin. Partiya xalqning qo‘llab-quvvatlashi bilan jamiyatni o‘zgartirish uchun ishlaydi. Sizga o‘xshagan odamlar dastak bermasa, partiyalar hech narsaga erishmasdan yo‘q bo‘lib ketaveradi. Muammolar esa ulg‘ayib boraveradi. Umumiy maqsadimiz O‘zbekistonni o‘zgartirish bo‘lsa, birlashishimiz, birga harakat qilishimiz juda muhim. 7. - Hozirgi suhbatimiz davomida ancha muammolar ko‘tarildi. Nega shularni ochiqchasiga gapirmaysiz? - Gapiramiz. Lekin bitta odam tushunsa, o‘nta odam tushunmaydi. Bugun juda ko‘plar masalaga ob’yektiv qaray olmaydi. Ayniqsa, rahbarlarning o‘rta qatlamida masalani tushunib-tushunmasdan tortishishlar asab temirdek bo‘lishini talab qiladi. Shu sababli muammolarni faqat aytish emas, yechimlari bo‘yicha taklifni ham tayyorlashga e’tibor qaratayapmiz. Lekin baribir, odamlar o‘zgarishi, ayniqsa, rahbarlardagi dunyoqarashning o‘zgarishi hal qiluvchi ahamiyatga ega. 8. - Tonirovka to‘lovini bekor qilish masalasini olib chiqqan edingizlar. Oxirigacha borasizmi? Axir bu soyaga soliq to‘lashku. Butun dunyoda tekin. Bizda pullik. - Men ham xuddi shu gaplarni yozganman xatimda. Hozircha to‘lov 3dan 1ga pasaytirildi. Bu masalani yana ko‘taramiz. Inson sog‘ligi uchun o‘rnatiladi bu, pullik bo‘lishi mumkin emas. 9. - Nega deputatlar va partiyalar haliyam eskicha formatda ish yuritadi? Yangilik yo‘q. - Ko‘p deputatlar o‘zgargan. Lekin, bu yetarli emas. Partiyalar ham o‘zgarayapti. Qolganlarga to‘liq javob bermayman, lekin «Milliy tiklanish»da katta o‘zgarishlar amalga oshirmoqchimiz. Shu bilan birga jamiyatda o‘zgarish bo‘lishi uchun hammamiz birga ishlashimiz kerak. Faqat parlament yoki partiyalar o‘zgarsayu, odamlar o‘zgarmasa, rivojlanish baribir bo‘lmaydi. 10. - Chekka tumanlarga qanday mashinada boramiz? - Bizga maxsus xizmat mashinasi ajratiladi. Xususiy mashinada borolmayman. Piyoda yurishimiz mumkin tumanlarda. Tumanlardagi xonadonlarga boramiz...
Manba: "xabar.uz"
| |
|