11:44 Shifokor o‘z bilganicha vitamin qabul qiluvchilarni ogohlantirdi | |
Pandemiya davrida aksariyat odamlar koronavirusdan saqlanish umidida ko‘p miqdorda vitamin qabul qilishga tushdilar. Biroq bu organizm faoliyatini izdan chiqarishi mumkin, deydi rossiyalik shifokor allergolog-immunolog Aleksey Bessmertniy «Sputnik» radiosiga bergan intervyusida. Uning so‘zlariga ko‘ra, vitaminli komplekslarni suiiste’mol qilish gipervitaminoz holatini keltirib chiqarishi mumkin. U esa foydali moddalar va mikroelementlar tanqisligidan ko‘ra xavfliroq. «D vitamini yoki A vitamini gipervitaminozi sog‘liq uchun xavfsiz emas. Ustiga-ustak, ko‘pgina polivitaminlar dori emas, bioqo‘shimcha sifatida ro‘yxatga olinishini unutmaslik kerak. Statistikaga ko‘ra, jigar toksik zararlanishining to‘rtdan ikki qismi tegishli tartibda sertifikatlashtirilmagan bioqo‘shimchalar bilan bog‘liq», — deya izohladi mutaxassis. Uning fikricha, gipervitaminoz alomatlari tushunarsiz, shu bois odamga nima bo‘layotganini ko‘pincha tushunib bo‘lmaydi. «Ko‘ngil aynishi, lohaslik, charchoq, ajralayotgan peshob miqdori kamayishi shular jumlasidan. D gipervitaminozida qayt qilish, ya’ni intoksikatsiyaning barcha alomatlari bor», — deya ogohlantiradi Bessmertniy. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar taomnoma sifatli mahsulotlardan tashkil topgan va meva-sabzavotlarga boy bo‘lsa, qo‘shimcha vitaminlarni qabul qilishga zarurat yo‘q. «Faqatgina ayrim hududlar uchun «Yodomarin» hamda uch yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun D vitamin bundan mustasno bo‘lishi mumkin», — deya ta’kidladi shifokor.
Manba: "xabar.uz"
| |
|