18:20 BMT ogohlantirdi: insoniyat xavf ostida! | |
2020 yilda karbonat angidrid (CO2) konsentratsiyasi millionning 413,2 qismga yoki sanoat paydo bo‘lishidan oldingi holatdan 149 foizga ko‘p bo‘ldi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lum qilgan. Metan konsentratsiyasi 1750 yilga qaraganda ko‘p, ya’ni 262 foizni, azot oksidi (N2O) esa 123 foizni tashkil qilgan. Bu degani 1750 yildan boshlab insoniyat Yerdagi tabiiy muvozanatni buzishni boshlagan. Jahon meteorologiya tashkilotining ekspertlarining ta’kidlashicha, koronavirus sabab yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz tufayli yangi emissiyalarning vaqtincha qisqarishi atmosferadagi issiqxona gazlari konsentratsiyasiga va ularning o‘sish sur’atlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatmagan. Karbonat angidrid molekulalarining uzoq umr ko‘rish muddatini hisobga olsak, emissiyalar keskin nolga tushib qolgan taqdirda ham, hozirgi harorat darajasi yana bir necha o‘n yillar davomida saqlanib qoladi. Issiqxona gazlari konsentratsiyasining ortishi global isish bilan birga ekstremal ob-havo hodisalari, jumladan, yuqori issiqlik, kuchli yog‘ingarchilik, muzlarning erishi, dengiz sathining ko‘tarilishi va okeanlarning kislotalanishini ham oshiradi. Bularning barchasi, albatta, keng ko‘lamli salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga olib keladi. Bugungi kunda inson faoliyati natijasida chiqariladigan umumiy karbonad angidridning taxminan yarmi atmosferada qolmoqda. Qolgan yarmini okeanlar va quruqlik ekotizimlari “yutib yuboradi”. Jahon meteorologiya tashkilotining yangi hisoboti mualliflari kelajakda okeanlar va quruqlik ekotizimlarining issiqxona gazlarini o‘ziga singdira olmasligi va haroratning keskin ko‘tarilishiga qarshi tura olmasligi haqida ogohlantirmoqda. Ma’lum qilinishicha, 1990 yildan 2020 yilgacha uzoq umr ko‘radigan issiqxona gazlarining iqlimga radiatsiyaviy ta’siri 47 foizga oshgan, karbonad angidridning ta’siri esa 80 foizni tashkil etgan.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|