21:14 Shimoliy Koreyada shifoxona tufayli amaldor qatl etildi | |
Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi xodimi Yevropadan tibbiy asbob-uskunalar sotib olishni ta’minlay olmagani uchun qatl etildi. Bu haqda Janubiy Koreyaning Daily NK nashri xabar berdi. Yuqori martabali manbaning so‘zlariga ko‘ra, xaridlar Pxenyandagi umumiy shifoxona bilan bog‘liq bo‘lib, uni KXDR yetakchisi Kim Chen In shaxsan o‘zi tezroq ochishni va yuqori sifatli uskunalar bilan jihozlashni talab qilgan. 2020-yilning kuzida foydalanishga topshirilishi kerak edi, ammo haligacha bajarilmagan. Ta’kidlanishicha, mart oyi oxirida Kim tibbiy asbob-uskunalarni Xitoydan olib kelish bo‘yicha olib borilayotgan tayyorgarlik to‘g‘risida xabardor qilingan. Aprel oyining oxiridan yetkazib berishni boshlash va yil oxirigacha shartnomani to‘liq yopish rejalashtirilgandi. Bu Shimoliy Koreya rahbarining g‘azabini qo‘zg‘atdi, chunki u shifoxonaga Yevropada, shu jumladan, Germaniyada ishlab chiqarilgan birinchi darajali tibbiy uskunalarni o‘rnatishni buyurgandi. «Daily NK» ta’kidlashicha, yoshligida chet elda o‘qigan Kim Yevropadagi tibbiyot muassasalarini eng yaxshi deb biladi va shu sababli xaridlar uchun katta budjet ajratgan. Ammo Yevropadan uskunalar olish unchalik oson bo‘lib chiqmadi: birinchidan, koronavirus pandemiyasi Osiyodagi transportga xalaqit bergan, ikkinchidan, sanksiyalarga qaramay, uni Shimoliy Koreyaga olib kirish yo‘lini topish kerak edi. Shu bilan birga, mamlakat rahbarining qattiq g‘azablanishiga Xitoydagi xaridlarning o‘zi emas, balki shartnoma uning roziligisiz imzolanganligi sabab bo‘lgan. Natijada tashqi ishlar vazirligida import va eksport uchun mas’ul bo‘lgan 50 yoshli xodim qatl etildi. Bundan tashqari, mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligining yuqori lavozimli xodimlaridan biri ishdan bo‘shatildi. Nashrning ta’kidlashicha, yetkazib berish yuqori turuvchi rahbariyat tomonidan ma’qullangan, ammo o‘rta darajadagi xodimlar barcha javobgarlikni o‘z zimmalariga olishgan.
Manba: "xabar.uz"
| |
|