10:27 Telefon nega qiziydi va buni qanday bartaraf etish mumkin? | |
Biroz qizish — mobil qurilma uchun xos holat. Lekin smartfon bot-bot isiy boshlasa yoki qo‘lni kuydirar darajada qizisa, albatta chora ko‘rish kerak. Xo‘sh, qizishga nimalar sabab bo‘ladi va unga qarshi qanday choralar qo‘llash kerak? «Layfxaker» bu borada ba’zi tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdi. 1. Smarftondan to‘la hajmda foydalanasiz Uch o‘lchamli o‘yinlar, videos’yomka va og‘ir ilovalar protsessor va videokuchaytirgichning haddan ziyod kuchlanishiga sabab bo‘ladi. Natijada qurilma nafaqat qiziydi, quvvatidan ham tezda mosuvo bo‘la boshlaydi. Bunday effektga GPS, Wi-Fi, Bluetooth yoki 3G kabi navigasion va tarmoq texnologiyalaridan faol foydalanish ham sabab bo‘ladi. Nima qilish kerak: Telefonni ortiqcha zo‘riqtirmaslikka harakat qiling. Smartfon sovishi uchun uzoq o‘yinlar orasida, Tarmoqdan katta hajmdagi fayllar yuklashda yoki kamera va og‘ir dasturlar bilan ishlashda tanaffuslar qiling. Zaruriyat bo‘lmagan chog‘da tarmoq va navigasion modullarni o‘chirib qo‘ying. 2. Gadjetda hali tugallanmagan dasturlar bor Bir yoki bir necha o‘rnatilgan ilovalarda xatoliklar bor yoki yomon optimizatsiya qilingan kodga ega, shu sababli tizimning resurslaridan oqilona foydalanilmayapti. Bunday dasturlar sabab protsessor besabab yuqori quvvat bilan ishlab turadi. Natijada ko‘proq issiqlik ajralib chiqadi va batareya tezda «o‘tiradi». Nima qilish kerak: Qurilmadan barcha ortiqcha dasturlarni o‘chirib yuboring. Agar harorat o‘yin, videoservis yoki boshqa resurs talab etuvchi dastur bo‘lmagan ilova ishga tushganda osha boshlasa uni o‘chirib, shunga o‘xshashroq boshqasi bilan almashtiring. Bundan tashqari, ba’zi bir dasturlarning yangilanishiga monelik qilmang, chunki odatda yangi versiyalarida xatolar to‘g‘irlangan bo‘ladi. 3. Apparatga tashqi omillar ta’sir ko‘rsatadi Agar gadjet quyosh nurlari tig‘ida, cho‘ntakda, odeyol ostida yoki jips qoplama ichida qolib ketgan bo‘lsa bu ham harorat oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. Alohida olinganda bu omillar kamdan kam holatlarda qizishga sabab bo‘ladi. Lekin ular birvarakayiga ta’sir qilganda va siz apparatdan faol foydalansangiz, xavf sezilarli tarzda kuchayadi. Nima qilish kerak: Smartfoningizni issiq havoda quyosh nurida qoldirmang. Ekranni bloklash funksiyasini ishga tushirib, kamera yoki boshqa ilovalar cho‘ntakda ishga tushishining oldini oling. Agar apparat fonli rejimda kattaroq hajmdagi faylni yuklab olayotgan bo‘lsa, uni aslo cho‘ntagingizga sola ko‘rmang. O‘yin o‘ynayotganizda telefonning sovush uchun xalaqit beruvchi qoplamasini yechib qo‘yganingiz ma’qul. 4. Siz qurilmani noto‘g‘ri zaryadlaysiz Buzilgan yoki original bo‘lmaygan quvvatlash qurilmasidan foydalanish ham muammolarga, jumladan telefonning qizishiga sabab bo‘ladi. Agar sizning qo‘lingizda soz va rasmiy aksessuar bo‘lsa, zaryadlash vaqtida smartfon kuchli qizimasligi kerak. Faqatgina tokka ulangan smartfonda o‘yinlar o‘ynalsa, video ko‘rilsa yoki Internetdan fayllar yuklab olinayotgan holatlar bundan mustasno. Bunday vaqtlarda sezilarli qizishni suzishingiz mumkin. Nima qilish kerak: Faqat original kabellar va adapterlardan foydalaning. Agar sizning zaryadlash qurilmangiz buzilgan bo‘lsa, uni almashtiring. Elektr tarmog‘iga ulangan smartfonda fayllar yuklamang, o‘yinlar va og‘ir dasturlarni ishga tushirmaslikka harakat qiling. 5. Gadjetning operasion tizimida muammolar bor Qurilmaning harorati oshishi operasion tizim yoki unga bog‘liq dasturlar ishida nuqson yuzaga kelishi ortidan ham sodir bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, vaqt o‘tishi bilan operasion tizimda qoldiq fayllar va boshqa dasturiy chiqindilar to‘planib qoladi, bu ham qizishga sabab bo‘lishi mumkin. Nima qilish kerak: Avvaliga qurilmangizni o‘chirib qayta ishga tushiring va operasion tizim so‘nggi versiyagacha yangilanganiga ishonch hosil qiling. Agar shunda ham hech narsa o‘zgarmasa, telefonni tozalang yoki avvaldan muhim ma’lumotlarni saqlab qo‘yib, zavod sozlamalariga qaytishga harakat qiling. 6. Apparat qismi bilan nimadir sodir bo‘lgan Yuqorida sanab o‘tilgan o‘tilgan tavsiyalar natija bermasa, muammo smartfonning apparat qismi bilan bog‘liq bo‘lib chiqadi. Zavod braki yoki jismoniy ta’sir natijasida buzilish ham issiqlik almashinuv buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Nima qilish kerak: Agar shunday holatlar bo‘lganiga shubha qilsangiz qurilmani kafolat bo‘yicha do‘konga qaytarishga harakat qiling yoki uni servis markaziga olib boring.
Manba: "kun.uz"
| |
|