13:07 Toshkent shahar IIBB izohi yolg‘on bo‘lib chiqdi | |
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining shu yil oktyabr oyi boshida internet tarmog‘ida erkak kishining qo‘lga olinishiga oid lavha yuzasidan bergan izohi yolg‘on bo‘lib chiqdi. Tarqalgan videoda bir necha nafar IIB xodimlari kuppa-kunduzi bir erkakka kuch ishlatib, qo‘liga kishan taqqan holda olib ketishga uringanayotgani, bunga javoban uning «nima uchun? nimaga?» savoliga organ xodimlari «borganda bilasiz" mazmunidagi gapdan nariga o‘tmagani anglashilardi. Lavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, voqea yuzasidan izoh bergan poytaxt IIBB «...2-oktyabr kuni Mirobod tumani IIO FMB tezkor xodimlari tomonidan prokuratura organlarining qaroriga ko‘ra mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birining rahbari bo‘lmish Sayidali M.ning yashash joyi aniqlagani», «...tezkor xodimlar o‘zlarini tanishtirib va xizmat guvohnomalarini ko‘rsatib, Sayidali M.ga tuman prokuraturasiga unga nisbatan kelib tushgan ariza bo‘yicha holatni aniqlash uchun borish kerakligini aytishgani»da u (M. Sayidali) go‘yoki «... qochishga urinib, faol qarshilik ko‘rsatgani» bayon qilgandi. M. Sayidalining vakillari Toshkent shahar IIBB izohini butunlay inkor etib, uni ko‘chada hech qanday tushuntirishlarsiz qo‘liga kishan taqqan holda mashinaga «bosib» ketishi o‘zboshimchalikdan boshqa narsa emas, deya baholashgandi. Pirovardida, ichki ishlar organi xodimlari «haddidan oshgani» ma’lum bo‘ldi. «Xabar.uz» manbasiga ko‘ra, holat yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida Mirobod tumani IIO FMB xodimlariga nisbatan mansab vakolati doirasidan chetga chiqish (Jinoyat kodeksining 206-moddasi) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Manba: "xabar.uz"
| |
|