22:53 Toshkent shahri «qizil hudud»ga aylanishi mumkin | |
Avval ma'lum qilinganidek, bugun AOKAda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva ishtirokida brifing o‘tkazildi. Brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi. — Nega bemorlar qolmagan viloyatlar haligacha qizil hududga kiritilganu, Toshkentda kasallanganlar soni ko‘pligiga qaramay, sariq hudud deb e’lon qilingan? — Kasallanish bo‘yicha statistika har kuni o‘zgarib turadi. Hududda o‘tkazilgan polimeraza-zanjir reaksiyali tahlillar soni, yangi aniqlangan kasallik va tuzalgan bemorlar soni o‘zgarishiga qarab hududlar «rangi» o‘zgarishi mumkin. — Toshkent shahrida kasallik aniqlanishi ortsa shahar «qizil hudud»ga aylanishi mumkinmi? — Ha, agar karantin choralari yumshatilganini to‘g‘ri tushunmasdan, beparvolikka yo‘l qo‘yilsa va shu hududda kasallanish ko‘paysa «qizil hudud»ga o‘tkazilib, karantin choralari kuchaytiriladi. — Virus aniqlangan «Ipoteka bank» xodimi kasallikni qayerda yuqtirgan? — Bu borada epidemiologik surishtiruvlar olib borilmoqda. U bilan muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar qoidaga ko‘ra 14 kunlik karantinga olingan. — Faoliyatini tiklagan korxona va tashkilotlar yangi sanitariya norma va qoidalariga ko‘ra SES bilan shartnoma tuzishi majburiymi? Dezinfeksiya ishlarini mustaqil amalga oshirsa bo‘lmaydimi? — Dezinfeksiyaning bir necha turlari mavjud. Har qanday bino to‘liq epidemiologik osoyishtalik xizmati xodimlari tomonidan dezinfeksiya qilinadi. Uzoq vaqt tanaffus qilgan korxona va tashkilot binosi SES xodimlari tomonidan dezinfeksiyalanishi maqsadga muvofiq.
Manba: "xabar.uz"
| |
|