10:39 Toshkentda eshakni «Spark»ga bog‘lab sudragan shaxs qo‘lga olindi | |
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda haydovchi eshakni «Spark»ga bog‘lab jonivorni azoblab sudrab ketayotgani haqidagi video tarqaldi. Ushbu holatni yon-atrofda transport vositasini boshqarib kelayotgan haydovchilar ko‘rib qolgan va suratga olgan. Voqeaga guvoh bo‘lganlardan biri telefon kamerasiga tasvirga olingan videoni ijtimoiy tarmoqqa joylagan. Tarmoq kuzatuvchisi bo‘lgan ayol bu videoni «Mehr va oqibat» jonivorlarni himoya qilish jamiyati nodavlat tashkilotiga yubordi. Ekolog.uz kanaliga ko'ra, NNT esa bu ayanchli holat bo‘yicha surishtiruv olib borishni so‘rab, Toshkent shahar IIBBga murojaat qilgan. Shu tariqa IIBB xodimlari ham bu zo‘ravonlik holatiga e’tibor qaratishdi. Jonivorlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlar O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy kodeksining 111-moddasiga muvofiq javobgarlikka tortiladi. Qolaversa amaldagi Yo‘l harakati qoidalarida ham bunga nisbatan muayyan javobgarlik belgilangan. Hozirda jonivorga azob bergan haydovchining shaxsi aniqlangan, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Manba: "xabar.uz"
| |
|