12:49 Toshkentda koronavirus aniqlangan tumanlar ochiqlandi | |
Mamlakatda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 4 ming 22 nafarga yetdi.Toshkent shahrining Shayxontohur, Yunusobod, Yashnobod, Mirobod tumanlarida koronavirus kasalligiga chalinish holatlari aholi orasida qayd etilyapti. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov aytib o'tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar soni 4 ming 22 nafarga yetdi. 5 iyun kuni 160, kasallik qayd etilgandan buyon esa 3 ming 247 nafar, ya'ni 80 foizdan ziyod bemor to‘liq sog‘aygan. Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, shifoxonalarda 759 bemor davolanmoqda, 10 nafarining ahvoli og‘ir, 3 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir. 49 mingdan ko‘proq fuqaro karantin tadbirlari bilan qamrab olingan. Kuni kecha 16 mingdan ko‘proq laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilgan. “Karantin tadbirlari davom etyapti. Koronavirus kasalligi bo‘yicha epidemik vaziyat murakkabligicha saqlanib turibdi. 5 iyun kuni qayd etilgan 20 bemorning 6 nafari Samarqand viloyatida, 5 nafari Buxoro viloyatida va yana 5 nafari Toshkent viloyatida, 4 nafari Qashqadaryo viloyatida aniqlangan. Ularning 7 nafari aholi orasida qayd etilgani barchamizni sergak torttirishi kerak. Ming afsuski, oxirgi aniqlangan 15 bemorning 3 nafari Toshkent shahri aholisi orasida qayd etildi. Shunday qilib, Toshkent shahrining Shayxontohur, Yunusobod, Yashnobod, Mirobod tumanlarida koronavirus kasalligiga chalinish holatlari aholi orasida qayd etilyapti. Atrofimizda kasallikka chalingan odamlar yo‘qligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Karantin va cheklov tadbirlariga rioya qiling. Shundagina epidemik vaziyatga ijobiy ta'sir ko‘rsatamiz. Aks holda vaziyat murakkablashishi, jiddiy choralar ko‘rilishi mumkinligini unutmang!” - deydi N. Otabekov.
Manba: "kun.uz"
| |
|