20:31 Uhan koronavirus tarqalish ehtimoli past bo‘lgan hududlar qatoriga kiritildi | |
Butun dunyoga tarqalgan koronavirus ilk marta aniqlangan Xitoyning Uhan shahri mamlakatning virus yuqish xavfi past bo‘lgan hududlari qatoriga kiritildi.Hubey provinsiyasidagi 76 shahar va uning tarkibidagi Uhanning 13ta tumani virus tarqalish xavfi past bo‘lgan hududlar sifatida e'lon qilingan. Xitoyda virus yuqish xavfi bo‘yicha hududlar uch xil tasniflangan: virus yuqish xavfi past, o‘rta va yuqori bo‘lgan hududlar. 14 kun davomida biror kishida koronavirus aniqlanmagan hududlar Uhan kabi virus yuqish darajasi past bo‘lgan ro‘yxatga qo‘shiladi. Ikki hafta davomida 50tagacha kasallik holati aniqlangan yoki 50ta atrofida kasallik aniqlanib, ommaviy yuqish holatlari kuzatilmagan hududlar yuqish darajasi o‘rta bo‘lgan qatorga kiritiladi. Qolgan hududlar esa hamon xavflilik darajasini saqlab qolgan. 8 aprel kuni koronavirus ilk marta aniqlangan Uhanga kirish-chiqish tiklandi va 76 kun amalda bo‘lgan izolyatsiya tugadi. Pandemiya vaqtida Uhanda umumiy 50 333 odam koronavirus yuqtirdi va 2 869 kishi halok bo‘ldi. Ma'lumot uchun, Uhanda hamon niqobsiz yurganlar jarimaga tortiladi va hayot tarzi tiklangan bo‘lsa-da, keskin cheklovlar amalda.
Manba: "kun.uz"
| |
|