Главная » 2021 » Май » 11 » Vatanparvarlar baribir yozaveradi – Allamjonov Sattoriyning qamalganiga munosabat bildirdi
12:11

Vatanparvarlar baribir yozaveradi – Allamjonov Sattoriyning qamalganiga munosabat bildirdi


Avval xabar berganimizdek, kecha, 10 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudida bloger Otabek Sattoriyga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov bloger atrofidagi vaziyat yuzasidan munosabat bildirdi.

U o‘z so‘zini boshlar ekan, sud hukmi haqida fikr bildira olmasligi, bunday vakolati yo‘qligi va Otabek Sattoriyning qanchalik aybdorligi haqida ham ma’lumotga ega emasligini qayd etadi. 

“Keyingi paytda jurnalistlar bilan bog‘liq muammolar tez-tez ko‘zga tashlanib turibdi. Matbuotchilar qanday qiyinchiliklarga duch kelayotganini ham bilyapmiz. 

Ammo men bir gapni ishonch bilan ayta olaman: o‘zimizning jurnalistlarni qo‘llash, himoya qilish o‘rniga og‘zini ocholmaydigan darajada qo‘rqitib qo‘ysak, ularning o‘rnini boshqalar – tashqaridan turib fitna chiqaradiganlar egallashi aniq! Undaylarning niyati ma’lum – jamoatchilik fikrini allakimlar uchun manfaatli tomonga burish, sodda odamlarimizning his-tuyg‘ularini qo‘zg‘atib, shu orqali ommani boshqarish. Bu yo‘lda na haqiqatga o‘rin bor, na vijdonga”, deb yozadi Allamjonov.

Shuningdek, u bundan buyog‘iga “cho‘chib qolgan bloger yoki jurnalist anonimga aylanib ketishi mumkin”ligini ta’kidlagan.

“Qolaversa, cho‘chib qolgan bloger yoki jurnalist anonimga aylanib ketishi mumkin. Jurnalist yoki blogerlik ko‘pincha odamning qon-qonida bo‘ladi. Atrofdagi hayotga befarq bo‘lmagan bu haqiqiy vatanparvarlar  har qanday holatda baribir yozaveradi. Texnika asrida informatsiya oqimini to‘sishning yagona yo‘li internetni davlat miqyosida butunlay o‘chirib qo‘yishdir. Albatta, tanlovni hamma o‘zi qiladi. Bizning chaqiruvimiz – sog‘lom va qonuniy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish. Qonun hamma uchun: bloger, jurnalist uchun ham, hokim, vazir uchun ham birdek ishlashi kerak. Shundagina xukmlarning adolatli ekanligiga shubha kamayadi.

Vatan – bizniki! Va hech kim shu zaminda yashab faoliyat yuritayotgan o‘zimizning jurnalist va blogerlarchalik Vatanimiz, millatimiz taraqqiyoti uchun qayg‘urmaydi. 

Hurmatli hamkasblar!
 
Albatta, tanlagan sohamiz juda qaltis, lekin yurt taraqqiyotida bu juda muhim yo‘nalish. Buni davlat rahbari ham bir necha bor ta’kidlaganlari bejiz emas. Shashtingizni tushirmang. Biz oson bo‘lmagan yo‘ldamiz. Shu paytgacha hammaning ovozini baravar  o‘chirish hech kimning qo‘lidan kelmagan. Bundan keyin ham shunday bo‘ladi”, deb yozgan Komil Allamjonov.

Eslatib o‘tamiz, bloger Otabek Sattoriy Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a”, “g” bandlari va 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-moddasi jazolarni (qo‘shishning hisoblash qoidalari) ga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li orqali uzil-kesil 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: munosabat, Sattoriyning, qamalganiga, Vatanparvarlar, Allamjonov | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz