23:05 Yevropa davlatlari karantindan qanday chiqmoqda? | |
Dunyoni quyunday qamrab olgan koronavirus balosi biroz shashtidan qaytgan ko‘rinadi. Chunki ajal girdibodida eng yuqori cho‘qqilarni ko‘rgan ayrim davlatlar ham asta-sekin hayotni normallashtirishga kirishmoqda. Biroq qat'iy tartibda davom etib, tuzalgan bemorlarga immunitet pasportini berishga tayyorgarlik ko‘rayotgan davlatlar ham bor.27 aprel kuni Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardern mamlakat virusga qarshi jangda g‘olib bo‘lganini e'lon qildi va so‘nggi kunda virusdan zararlanishning yangi holati qayd etilmagani tufayli ko‘plab cheklovlar qilindi. Ushbu mamlakatda bemorlarning 80 foizi tuzalib ketgan. Taqiqlar bekor qilinishi ortidan odamlarga baliq tutish, ov va piyoda sayr qilishga ruxsat berildi. 400 ming kishi ishga qaytdi. Ammo restoran va do‘konlar yana biroz muddat yopiq turadi. Quyida Yevropa davlatlari normal hayot tarziga qay yo‘sinda qaytayotgani ko‘rib chiqiladi. Ispaniya. 25 aprel kuni Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches ba'zi cheklovlar bekor qilingani haqida e'lon qilgandi. 6 haftadan so‘ng, nihoyat yakshanba kuni ko‘chalarda bolalar kulgisi eshitildi. Biroq fuqarolar uchun qat'iy qoidalar hali ham amalda. Masalan, ular faqat ertalabki 9 va kech soat 9 oralig‘ida uylarini bir soatga tark etishlari mumkin. Ammo ular uylaridan bir kilometrdan uzoqqa ketmasligi lozim. Hukumat 2 maydan boshlab katta yoshdagilarga sayr qilish va sport bilan shug‘ullanish uchun ruxsat beradi. Ushbu mamlakatda 13 apreldan e'tiboran muhim infratuzilma bilan bog‘liq bo‘lmagan korxonalarga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlangan. Sanoat va qurilish sohasida ishlaydigan kompaniyalarning xavfsizlik choralariga rioya qilgan holda – niqob taqqan va ijtimoiy masofani saqlab ishlashlariga ruxsat berilgan. Fransiya. Mamlakatda 11 maydan boshlab boshlang‘ich maktab o‘quvchilari guruhda 15dan ortiq bo‘lmagan holda o‘qishni davom ettirishi rejalashtirilyapti. Ta'lim vaziri Jan-Mishel Blankuyening so‘zlariga ko‘ra, 18 may kuni o‘rta maktablar ochiladi. Yuqori sinf o‘quvchilari 25 maydan, universitetlar esa iyun oyi boshlaridan o‘qishni boshlashi mumkin. Ta'kidlash joizki, 25 aprel kuni hukumat qoshidagi ilmiy kengash cheklov choralari bu taxlit tez olib tashlanmasligi kerakligi haqida ogohlantirdi (Fransiyada cheklovlar olti haftadan beri davom etmoqda). Shoshqaloqlik virusga chalinish bilan bog‘liq holatlarning keskin o‘sishiga va og‘ir bemorlar ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Kengash, shuningdek, sentabr oyidan oldin maktablarni ochishga qarshiligini bildirgan. Mutaxassislar iloji bo‘lsa uyda ishlashni davom ettirishni, shuningdek, kelgusi oylarda chet elga chiqishdan tiyilishni tavsiya etishgan. Germaniya. Germaniyada Covid-19 tadbirlarini yumshatish doirasida 20 apreldan boshlab do‘konlar (800 kv.metrgacha), kitob do‘konlari, velosiped do‘konlari va avtoulovlar sotadigan do‘konlar ochildi. 4 may kuni sartaroshxonalar va maktablar ochilishi kutilmoqda. Epidemiologik vaziyat yaxshilanganiga qaramay, Myunxen shahri meri 2 million kishini qamrab oluvchi Oktoberfest festivalini bekor qilgan. Shuningdek, mamlakatda keng miqyosli tadbirlarni tashkil qilish 31 avgustgacha taqiqlangan. Buyuk Britaniya. Bosh vazir Boris Jonsonga tez orada karantinni bekor qilish bo‘yicha bosim o‘tkazilmoqda. Ammo Jonson kasal bo‘lgan paytda hukumatni vaqtincha boshqarib turgan tashqi ishlar vaziri Dominik Raab karantinni bekor qilish masalasini ko‘rish «mas'uliyatsizlik» ekanini aytdi. Shunga qaramay, maydan iyulgacha cheklovlarni olib tashlash uchun uch bosqichli reja ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, birinchi bosqich may oyi o‘rtalarida maktablar va ba'zi korxonalar ochilishi bilan boshlanadi. Ikkinchi bosqichda – may oyining oxiri, iyun oyi boshida biznes o‘z faoliyatini qayta tiklaydi va ijtimoiy masofa saqlash qoidasi bekor qilinadi. Yoz oxirida esa hukumat restoranlarni ochishga ruxsat berishi mumkin. Maktablar 18 maydan ishga tushadi, lekin har bir sinfda 10 nafardan ortiq o‘quvchi bo‘lmasligi shart. 8 iyungacha kafe va restoranlarni ochishga ruxsat beriladi. Vaziyat yomonlashsa, ushbu rejalar o‘zgarishi mumkin. Shveytsariya. Bu mamlakat izolyatsiya rejimi boshlanganidan bir oy o‘tgach, ya'ni 16 aprel kuni uch fazali karantin rejasini e'lon qildi. 27 apreldan hukumat tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatdagi korxonalar, sartaroshxonalar, jihoz do‘konlari, go‘zallik salonlari va gul do‘konlari o‘z faoliyatini qaytadan boshladi. Stomatologlar va fizioterapevtlar ishga qaytishdi. Agar vaziyat yomonlashmasa, 11 may kuni boshlang‘ich maktablar va barcha tijorat binolari ochiladi. 8 iyundan boshlab o‘rta maktablar va universitetlar, shuningdek, kutubxonalar, hayvonot bog‘lari va muzeylar ishga tushiriladi. Portugaliya. Portugaliya hukumati cheklovlar 2 mayga qadar bekor qilinishini bildirdi. Virus tarqalishi sekinlashsa, do‘konlar va korxonalar asta-sekin ochilishi mumkin. 21 aprel kuni Avstriya kansleri Sebastyan Kurs 15 mayda restoran va mehmonxonalar ishi tiklanishini, maktablar ochilishini ma'lum qildi. 1 mayga qadar yirik do‘konlar, savdo markazlari va sartaroshxonalar ishga tushiriladi. Jamoat joylarida himoya niqoblarini taqish majburiyligicha qoladi. Daniya. Daniya biznes uchun asta-sekin qayta ochilmoqda. Bosh vazir Mette Frederiksen yaqinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shunday dedi: «Bu ehtimol, dorda yurish bilan tengdir. Agar biz to‘xtab tursak, yiqilib tushishimiz, agar tez yursak, xatoga yo‘l qo‘yishimiz mumkin. Shuning uchun ehtiyotkorlik bilan qadam tashlashimiz kerak». Garchi 14 aprel kuni mamlakatdagi kunduzgi davolash markazlari va boshlang‘ich maktablar qayta ochilgan bo‘lsada, ayrim ota-onalar bundan xursand emas va ular o‘z farzandlarini uyda olib qolishmoqda. Ijtimoiy masofa saqlash bo‘yicha qoidalar o‘z kuchida qolgan. Masalan, 10 kishidan ortiq odam ishtirokida yig‘ilish o‘tkazish taqiqlangan. Daniya hukumati cheklovlarni yumshatish jarayoni virus tarqalishi davomiyligi bilan bog‘liqligini aytdi. 20 aprel kuni yana bir qator kasb egalari, jumladan, sartaroshlar va psixologlar ishga qaytdi. Norvegiya. Norvegiyada kunlik yangi holatlar soni mart oyining oxiridan beri pasayib kelmoqda. 7 aprel kuniyoq Bosh vazir Minna Erna Solberg «Norvegiya virusni nazorat ostiga olishga muvaffaq bo‘lgani» haqida e'lon qilgandi. 20 aprel kuni bolalar bog‘chalari qayta ochildi. Shu hafta boshlang‘ich va ba'zi o‘rta maktablar, shuningdek, universitetlar va go‘zallik salonlari ochilishi kutilmoqda. Zaruriy ichki sayohatlarga ruxsat berildi. Hukumat Janubiy Koreya va Singapur kabi davlatlardan o‘rnak oldi. Epidemiya yangi to‘lqinining oldini olish maqsadida virus o‘choqlari haqida ogohlantiruvchi ilovani ishga tushirdi. Ma'lumotlarning maxfiyligi bilan bog‘liq ba'zi tashvishlarga qaramay, yaqinda o‘tkazilgan so‘rov shuni ko‘rsatdiki, aholining qariyb yarmi uni yuklab olganidan mamnun bo‘lgan. Chexiya. Bu mamlakatda 24 aprel kuni chet elga chiqish uchun taqiq olib tashlandi. Ammo sayohatchilar qaytgandan keyin test topshirishlari va ikki hafta davomida karantinda bo‘lishlari kerak. Ichki ishlar vazirligi chet elliklar, birinchi navbatda, universitet talabalari va Yevropa Ittifoqi ishbilarmonlarining kirish taqiqlarini yengillashtirdi. 20 apreldan boshlab mamlakatda universitetlar, do‘konlar (2500 kvadrat metrgacha), fitness markazlari va kutubxonalar ochildi. Kompaniyalarga 10 kishini yig‘ishga ruxsat berildi. Do‘konlar va sartaroshxonalar 11 maydan, restoran, mehmonxona, teatrlar esa 25 maydan ochiladi. Gretsiya. Mamlakatning normal holatga qaytish masalasi may va iyun oylarida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. Hozirda oz sonli korxonalar, shu jumladan, yetkazib berish xizmatlari, banklar, supermarketlar faoliyat olib bormoqda. Odamlar ma'lum sabablarga ko‘ra, uylarini tark etishi mumkin, ammo hokimiyatni bundan xabardor qilish kerak. Sloveniya. Sloveniya cheklovlarni yengillashtira boshladi. Texnik buyumlar va mebel do‘konlari, shuningdek, ta'mirlash ustaxonalari yana ochildi. Tashqi reklama, bog‘dorchilik do‘konlari va ko‘chma oshxonalar faoliyatiga ruxsat berildi. Sartaroshxona, go‘zallik salonlari va savdo maydoni 400 kvadrat metrdan kam bo‘lgan do‘konlarga ikki hafta ichida ruxsat berilishi kutilmoqda. Slovakiya. Slovakiyada 65 yoshdan oshgan kishilarga ish kunlari soat 9:00dan soat 11:00gacha (dam olish kunlari bu taqiqlanadi) oziq-ovqat va boshqa turdagi do‘konlarga borishga ruxsat berildi. Hukumat iqtisodiyot uchun «to‘rt bosqichli reja»ni ishlab chiqdi, mazkur rejada qaysi do‘konlar va jamoat institutlari qachon ochilishi mumkinligi haqida ma'lumot berilgan.
Manba: "kun.uz"
| |
|