Главная » 2022 » Июль » 26 » Chiroqni oʼchiring. Yevropa Rossiya gazisiz qishga hozirlanmoqda
11:38

Chiroqni oʼchiring. Yevropa Rossiya gazisiz qishga hozirlanmoqda


Yevropa Ittifoqi qishni rus gazisiz oʼtkaza olmasligini tan oldi va yuzaga kelgan energoinqirozdan chiqib ketishning yagona yoʼli uni tejash ekanini tushunib yetdi.

Аvvaliga Yevropa yozdayoq gaz zaxiralarini toʼldirib olmoqchi boʼldi, ammo bu rejani «Gazprom» yoʼqqa chiqardi. Rossiya gazining oʼrnini bosadigan boshqa taʼminotchi topish imkonsiz, shu sabab Yevrokomissiya ittifoqqa aʼzo boʼlgan 27 davlatga isitish mavsumi boshlanishiga hali 3 uch oy boʼlishiga qaramay energiyani tejashga kirishishni tavsiya qildi.

«Rossiya gazdan urushda qurol sifatida foydalanayotgan bir vaqtda Yevropa Ittifoqi rus gazi keyinchalik faqat kamayib borishi koʼrinishidagi xatarga duch keldi. Ittifoq davlatlarining yarmi halitdan Rossiyadan yetarli miqdorda gaz olmayapti. Hozirdanoq choralar qabul qilish orqali yanada ogʼir oqibatlarning oldini olamiz va gaz oqimi butunlay uzilishiga ham tayyor boʼlib boramiz», deyiladi Yevrokomissiya bayonotida.

Uch yil avval «Gazprom» Yevropaga kuniga 500 million kubometr gaz sotgan. Joriy yil may oyida bu koʼrsatkich kuniga 250 million kubometrgacha tushib ketdi. Iyul boshida esa Rossiyadan koʼhna qitʼaga kuniga 140 million kub gaz oʼtdi. 11 iyul kuni Rossiya Yevropaga gaz beradigan asosiy oʼtkazgich «Shimoliy oqim»da taʼmirlash boshlangani iddaosi bilan gaz uzatishni rekord darajagacha pasaytirdi – kuniga 80 million kubometr.

Iyun oyigacha «Gazprom» «Shimoliy oqim» orqali Yevropaga kuniga 170 million kubometr gaz haydardi. Iyun oyi oʼrtasiga borib bu raqamlar 68 million kubometrgacha kamayib ketdi. Bunga sabab sifatida kompressordagi quvurlar taʼmirlash uchun Kanadaga yuborilgani aytildi..

Dunyodagi eng yirik siyosiy kengash boʼlmish Yevropa Ittifoqi barcha aʼzo 27 ta davlatga 2023 yil mart oyiga qadar gaz isteʼmoli hajmini 15 foizga qisqartirishni taklif qildi. Аgar bu takliflarni avvaliga 27 davlatning YeIdagi elchilari, keyinchalik energetika vazirlari tasdiqlasa, ularni bajarish majburiy boʼladi. Bu taqdirda Yevropa Ittifoqi fors-major holatda gaz va elektrni cheklash imkoniga ega boʼladi. Chunki gaz va elektr birinchi navbatda kasalxonalar, maktablar va hayotiy zarur ishlab chiqarishlar uchun berilishi kerak boʼladi.

                                                           Gaz iqtisodiyotni boʼgʼadi

Energourush Yevropa Ittifoqining koronavirus pandemiyasidan keyin endi oʼziga kelayotgan iqtisodiyotiga jiddiy zarba boʼldi. Dunyoning ikkinchi iqtisodiyoti boʼlmish Yevropa Ittifoqi iqtisodiy prognozlarni keskin kamaytirdi. Hisob-kitoblarga koʼra, YeI iqtisodi yilning ikkinchi yarmiga oʼsishga erishmaydi. Yillik oʼsish hajmi faqat birinchi yarimyillikdagi koʼrsatkichlar sababgina oshishi mumkin.

«Rossiyaning Ukrainaga bosqini dunyo iqtisodiyotiga zarar keltirishda davom etmoqda. Moskvaning harakatlari energiya va oziq-ovqat bozoridagi holatni izdan chiqaradi, narxlarni oshiradi, isteʼmolchilarning kelajakka boʼlgan qiziqishini soʼndiradi», deydi yevrokomissar Paolo Jentiloni.

Bu inqirozga qarshi kurashish oson ish emas. Yevropa Ittifoqi urush boshlanishi bilan rus gazidan voz kechish hisobiga kelishi kutilgan va iqtisodiyotni qayta qurishga sarflanishi aytilgan 300 milliard yevroni topa olmayapti. Yetmaganiga milliylashtirish ortidan energokompaniyalar katta zarar koʼrishi mumkin.

Ekspert Xavier Blasning fikricha, Yevropa Ittifoqi kelajakda elektr energiyasi va issiqlik taʼminotidagi muammolarni hal qilish uchun kamida 200 milliard yevro sarflashiga toʼgʼri keladi. Energomakondagi jiddiy muammoni toʼliq hal qilishga kamida yarim trillion yevro ketishi mumkin.

Shuningdek, barcha muammolarni hal qilish barobarida Yevropa Ittifoqi qishda Qatar, АQSh va boshqa alternativ taʼminotchilardan katta miqdorda gaz sotib olishi kerak. Аmmo shunaqasida ham «Gazprom» beradigan gazning oʼrnini bosa oladigan taʼminotchining oʼzi yoʼq. Urushgacha YeI davlatlari gazning 40 foizini ruslardan sotib olardi. Hozir bu koʼrsatkich 25 foizgacha pasaytirildi. Аmmo ehtiyojni yanada kamaytirish oson kechmaydi. Hozir Rossiya Yevropaga 2016-21 yillarda bergan gaz miqdorining oʼrtacha uchdan birini ham sotmayapti.

Kelasi yilda Yevropa rus gazi importini uchdan bir qismga, hatto ikki baravarga, 2024 yilda esa uchdan ikki qismga kamaytirishi mumkin. Аgar Rossiya bu vaqtda gazni uzib qoʼygan boʼlmasa, albatta. 21 iyul kunini Yevropa qoʼrquv bilan kutdi, chunki Rossiya gaz taʼminotini tiklamasligi ham mumkin edi. Hozircha ruslar kam miqdorda boʼlsa ham gaz haydashni tikladi, ammo Putinning soʼzlariga koʼra, 26 iyul kuni navbatdagi taʼmirlash oʼtkazilishi mumkin. Аgar Putin nimanidir adashtirib yuborgan boʼlmasa...

Manba: "kun.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: Chiroqni, hozirlanmoqda, Yevropa, Rossiya, oʼchiring, gazisiz, qishga | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz