Yosh onalar ko‘pincha chaqaloq nima sababdan yig‘layotganini bilolmay xunob bo‘ladi. Quyida chaqaloq yig‘isining asosiy sabablarini keltirib o‘tamiz.
Och bo‘lsa…
Ochiqqanini bola odatda to‘satdan yig‘lash bilan ma’lum qiladi. Goho u ovozini baland ko‘tarib qattiq yig‘laydi. Bunda a’zoi badani larzaga kelib, bola qo‘llarini oldinga cho‘zadi, yuzi qip-qizarib ketadi.
Sovqotsa…
Bola hayotining dastlabki 3 oyida sovqotadi. Bunday hollarda u to‘satdan qattiq chinqirib yig‘laydi va bu yig‘i asta-sekin past ovoz bilan davom etadigan hiqillashga aylanadi. Hiqichoq tutishi bolaning sovqotayotganini ko‘rsatadigan ishonchli belgidir.
Qorni dam bo‘lsa…
Ko‘pincha bola birmuncha qisqa yoki uzoqroq vaqt oralab kalta-kalta qichqirib turadi. Agar u qattiq qichqirsa, oyoqlarini tipirchilatib, ko‘zlarini mahkam yumib oladi, peshonasi tirishib turadi.
Issiqlab ketsa…
Bunday hollarda dam qattiqroq, dam sekinroq hiqillay boshlaydi. U besaranjom bo‘lib, qo‘l va oyoqlarini har tomonga tashlaydi, panjalarini musht qilib oladi.
Tagi ho‘l bo‘lsa…
U buni hiqillash bilan ma’lum qiladi. Hiqillashi dam pasayib, dam zo‘rayib turadi, lekin to‘xtab qolmaydi.
Zeriksa…
Yura olmaydigan va o‘ziga ovunchoq topa olmaydigan vaqtlarda bolalar goho zerikadi. Bundan noroziligini yig‘lamsirab g‘ingshish orqali ma’lum qiladi. 4 oylik bola esa zerikkanda ovozini baralla qo‘yib yig‘laydi, tin olib, yana ayyuhannos solishi mumkin.
Ho‘qna qilish
Bolalarga ho‘qna(klizma) qilish uchun odatda rezina ballondan foydalaniladi. Ishlatiladigan suv miqdori yoshiga qarab quyidagicha bo‘ladi:
1 oylikkacha 2 osh qoshiq
1 oylikdan 3 oylikkacha ⅓ stakan
3 oylikdan 6 oylikkacha yarim stakan
6 oylikdan 2 yoshgacha 1 stakan
2 yashardan 5 yashargacha 1,5 stakan
5 yashardan 9 yashargacha 2 stakan
9 yashardan 12 yashargacha 2,5 stakan