23:13 Yurtimizda ikki kishi sovuqdan halok bo‘ldi | |
Joriy yilning 6-dekabr kuni bedarak yo‘qolgani uchun qidiruvga berilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumani «Sarishingul» ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashagan, 1991-yilda tug‘ilgan N.R.ning tashqi ko‘rinishidan jarohatsiz jasadi «Kulab» ovul fuqarolar yig‘ini hududidan topilgan, deya xabar berdi «Postda.uz». O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, u «tananing umumiy sovuqqotishi»dan halok bo‘lganligi aniqlangan. Xuddi shunday holat Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida ham yuz berdi. Shu yil 17-dekabrdagi ma’lumotga ko‘ra, «Farovon Yo‘ldoshobod» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan «Agrosanoat» MChJga tegishli dala maydonidan Osiyo millatiga mansub, 30-35 yoshlardagi noma’lum erkak kishining tashqi ko‘rinishidan jarohatsiz jasadi topilgan. O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, u «tananing umumiy sovuqqotishi»dan o‘lganligi aniqlangan. Ko‘rilgan choralar natijasida jasadning shaxsi aniqlangan. U Narpay tumanida yashagan, 1990-yilda tug‘ilgan N.V. ekanligi ma’lum bo‘lgan. Ayni paytda har ikki holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Manba: "xabar.uz"
| |
|