12:07 Zuhroning bir siri ochildi | |
Zuhro (Venera) «juda sekin» sayyora — bir sutkasi Yerning 243 sutkasiga teng. Fanga hozirgacha shunisi ma’lum edi. Biroq yangi tadqiqotlar qo‘shni sayyorada sutkaning uzunligi har safar 20 daqiqagacha o‘zgarishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Ma’lumot uchun: Quyosh tizimidagi sayyoralar orasida Zuhro Yerga eng yaqini: kattaligi, massasi va masofa jihatidan. Zuhrodan Yergacha masofa har ikki sayyoraning Quyoshga nisbatan joylashuviga qarab 38 mln.dan 261 mln. km.gachani tashkil etadi. Veneraga 15 yil muttasil radioto‘lqinlar jo‘natib turgan Los Anjelesdagi Kaliforniya universiteti olimlari nihoyat qaytgan signalni «tutish»ga muvaffaq bo‘lishdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu sayyorada sutkaning davomiyligi 20 daqiqagacha o‘zgarish xususiyatiga ega. Bu holat Yernikiga nisbatan 93 baravar og‘ir atmosfera bosimi bilan izohlanmoqda. Agarda shamol Venera aylanishi bo‘ylab essa uning aylanishi tezlashadi, qarama-qarshi tomonga esganida sekinlashadi. Shunga o‘xshash hodisa Yerga ham xos, biroq bizning atmosferamiz sutkaning davomiyligiga ta’sir etarlik darajada kuchga ega emas, nari borsa ko‘rsatkich millisekundlarga o‘zgaradi, xolos. Kaliforniyalik olimlarning kashfiyoti Zuhroga bo‘lg‘usi missiyalar oldidan o‘ta muhim. 20 daqiqalik tafovut fazoviy qurilmalarni sayyoraga qo‘ndirishni qiyinlashtiradi, ular mo‘ljallangan nuqtaga emas, boshqa joyga borib tushishi mumkin.
Manba: "xabar.uz"
| |
|