17:17 Avtomobil eshiklariga qulf osib ketayotgan shaxs ushlandi | |
Ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil eshigi ushlagichiga qulf ilinganligi va unga xat qistirilganligi aks etgan foto va videolar tarqalib ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Toshkent shahar IIBB tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv va o‘rganishlar natijasida shahar IIBB va uning quyi tizimlariga bu kabi holatlar yuzasidan murojaat kelib tushmaganligi aniqlangan. Olib borilgan tezkor tadbirlar davomida, ushbu harakatlarni sodir etgan gumondor 29 yoshli Muxriddin A. ushlandi. Xolislar ishtirokida uning yonidan 2 dona kodli qulflar topilib, ashyoviy dalil sifatida olindi. Suhbat davomida u internetda shunday “pul ishlash” usulini ko‘rib, undan foydalanishga qaror qilganligini aytdi. Rejaga ko‘ra, u qulfni avtomashina eshigining ushlagichiga osib, haydovchiga qulfni ochish uchun kod raqamini sotib olish taklifi yozilgan xat qoldirgan. Ko‘rsatilgan hisob raqamiga pul mablag‘lari kelib tushgandan so‘ng, qulf kodini yuborishi kerak bo‘lgan. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda, uning natijalariga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinadi.
Manba: "xabardor.uz"
| |
|