18:28 BMT bolalar yashashi uchun eng yaxshi mamlakatni ma’lum qildi | |
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) Niderlandiyani bolalar farovonligi darajasi bo‘yicha tuzilgan mamlakatlar reytingining birinchi pog‘onasida qayd etdi. Daniya hamda Norvegiya ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallashdi. Ta’kidlanishicha, dunyoning 41 mamlakatidagi bolalarning aqliy va jismoniy salomatligi, akademik tayyorgarligi hamda ijtimoiy qobiliyatlari kabi ko‘rsatkichlarini taqqoslagan va tadqiqot ma’lumotlarini tahlil qilgan mutaxassislar Niderlandiyada bolalar o‘zlarini juda yaxshi his qilishlari to‘g‘risida xulosaga kelishgan. Jamg‘arma tomonidan tuzilgan umumiy reytingda Shveysariya hamda Finlyandiya to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlardan joy olgan. Qayd etilishicha, Niderlandiya, shuningdek, bolalar o‘z hayotlaridan mamnun bo‘lgan eng yaxshi davlatlar ro‘yxatida ham birinchi o‘rinni egallaydi. Vaholanki, mamlakatda bunday bolalarning ulushi 93% ni tashkil etadi. Ma’lumotlarga qaraganda, bolalar orasida o‘z hayotidan qoniqish darajasi Meksikada 86%, Ruminiyada 85%, Finlyandiyada 84%, Xorvatiya, Shveysariya, Ispaniya va Litvada 82%ni ko‘rsatgan, nisbatan kamroq natija esa Turkiya tomonidan qayd etilgan. Tadqiqotlarga ko‘ra, bu mamlakatda o‘z hayotlaridan mamnun bo‘lgan bolalar ulushi 53%ni tashkil qilgan.
Manba: "aniq.uz"
| |
|