Главная » 2017 » Июль » 24 » Dam olish madaniyati. Maishatmi yoki hordiq?
18:54

Dam olish madaniyati. Maishatmi yoki hordiq?


O‘lkamizda yoz. Quyosh tafti olamni kuydiray deydi. Bu paytda odamlar tog‘ yon bag‘ri, so‘lim tabiat qo‘yniga yoki daryo bo‘yiga oshiqadi.

Yurtimizning barcha tog‘oldi hududlarida biz istagan huzurbaxsh muhit bor. Mahalliy aholi tomonidan tashkil etilgan qulay sharoitlar esa dam oluvchilar uchun ayni muddao. Ammo tabiat qo‘ynida hordiq chiqarishning alohida tartib-taomili o‘rnatilmagani bois, dam olish uchun kelgan kishilarning madaniyatiga bog‘liq ko‘rinish­lar ba’zida ko‘ngilni xira qiladigan holatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

Maishatmi yoki hordiq?

Bizningcha, go‘zal tog‘ yon bag‘rida dam olishga otlanayotgan inson, avvalo, bir savolga javob topishi kerak. Tabiat qo‘yniga nega boriladi, o‘zi? To‘kin dasturxon atrofida yeb-ichish, maishat qilish uchunmi yoki charchagan tanaga rohat baxsh etish, shahar chang-to‘zonidan dimiqqan o‘pkaga biroz bo‘lsa-da, sof havodan nafas olish imkonini berish uchunmi?..

Biz jamoat joylarida odatda o‘zimizni sipo, madaniyatli tutishga o‘rganganmiz. Qanday o‘tirish, qanday yurish-turish kerakligini, nimani qanday gapirish lozimligini yaxshi bilamiz. Odob qoidalariga og‘ishmay amal qilishga urinamiz. Odamlardan uzoqlashib, tabiat qo‘yniga chiqqanimizda esa o‘zimizni birmuncha erkin sezamiz: go‘yo yovvoyi tabiat bag‘rida hech bir madaniyat qoidalari kerak emasday. Aslida xuddi shu nuqtada insonning asl ichki madaniyati namoyon bo‘ladi.

Madaniyatli inson suvni ifloslantirib, duch kelgan joyga chiqindi tashlamaydi. Daraxtlar shox-shab­basini sindirib, giyohlarni toptamaydi. Balki tabiat bag‘rida ham o‘z madaniyatini, bu boradagi bilimlarini namoyon qila oladi. Yoqilgan gulxanni batamom o‘chirmasdan ketmaydi. O‘zi bilan yetarlicha oziq-ovqat oladi. Chiqindini duch kelgan yerga emas, belgilangan joyga olib borib tashlaydi. Farzandlariga ham shuni uqtiradi, ularni-da shunga o‘rgatadi.

Afsus, bugun tabiat qo‘ynidagi xunuk manzaralardan ko‘ngil ranjiydi.

Ovqat qoldiqlari, ichimlikdan bo‘shagan shisha-yu plastik idishlar, sellofan xaltachalar, shokolad-u saqich qog‘ozlari oyoq ostida sochilib yotadi. Eng yomoni bu kabi chiqindilar ariq va soylarda oqayotgan zilol suvlarga ham tashlab yuborilmoqda. Vaholanki, maishiy chiqindilarning yer bag‘riga singib, batamom yo‘q bo‘lib ketishi uchun juda ko‘p vaqt talab etilishi, mayda-chuyda masalaga o‘xshagan bunday muammolar sabab bugun insoniyat global iqlim o‘zgarishi natijasida dunyoning turli burchaklarida tabiiy ofatlar kuzatilmoqda. Yer aholisi parnik gazlari, atmosfera havosining ifloslanishi qarshisida ojiz qolayotgani haqida ko‘p bora gapirilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tabiat qo‘ynida dam olish chog‘ida oyoq ostiga, umuman, duch kelgan yerga tashlangan maishiy chiqindi – oziq-ovqat qoldiqlari tez ayniydi va undan chiqqan qo‘lansa hid atrof-muhit musaffoligiga zarar yetkazadi. Meva-sabzavot, qovun-tarvuz qoldiqlari tashlangan yerda turli hasharotlar ko‘payadi. Ayniqsa, bu sharoitda urchigan pashshalar turli yuqumli kasalliklar tarqalishiga sababchi bo‘ladi.

Alohida tartib kerakmi yoki ongli yondashuv?

Albatta, bu kabi salbiy holatlarning oldini olish maqsadida dam olish maskanlari ma’muriyati tomonidan ayrim choralar ko‘riladi. Ya’ni, uy-mehmonxonasi bor xonadonlarga maxsus ogohlantirish xatlari tarqatilib, unda ko‘rsatilgan qoidalarga qat’iy amal qilinishi talab etiladi. Dam olish maskanlari nazorat ostiga olinib, qoida­buzarlar jiddiy ogohlantiriladi. Shu bilan birga bunday maskanlar hududida ilib qo‘yilgan ogohlantirish qoidalariga ham ko‘zingiz tushadi.

Tasavvur qiling yil bo‘yi orziqib kutilgan dam olish fursati yetdi. So‘lim maskanda dilingizga yaqin insonlar bilan birga yayrab o‘tiribsiz. Shunday paytda nazoratchi yoningizga kelib, belgilangan biror qoidani buzganingizni aytib, qattiq ogohlantirish berdi. Xo‘sh, bu paytda o‘zingizni qanday his qilasiz? Tanbeh sizga og‘ir botmaydimi?

Albatta, har joyda tartib bo‘lgani yaxshi. Ammo o‘zini bilgan, ichki madaniyati tugal inson uchun tartib-qoida odob-axloq qoidasiga aylanmog‘i shart. Demakki, bu masalaga ongli yondashuv lozim. Har bir odam tabiat qo‘ynida o‘zini tartibli tutsa, atrof-muhitga oqilona munosabatda bo‘lsa, hech bir ogohlantirish, nazoratning keragi bo‘lmaydi.

Sojida ALLAYoROVA

Manba: soglom.uz


Manba: "mulohaza.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: Madaniyat, dam olish, Yoki, Maishat, hordiq | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz